Breaking News

Amerika xotin-qizlari frontga kirishga ruxsat oldi


AQSh mudofaa vaziri lavozimida xizmat muddati tugayotgan Leon Panetta frontda ayol askarlarga qo’yilgan cheklovlarni bekor qildi. Bu bilan shu yilning mayidan xotin-qizlar uchun armiyada yuz minglab yangi ish o’rinlari ochiladi.

Xotin-qizlar frontga kirishga ruxsat oldi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:03 0:00
Yuklab oling

Leon Panetta yurtning eng tajribali generallari maslahatiga amal qilib, yangi qoidani joriy etdi va Pentagonda ko’plarni hayron qoldirdi:

“Harbiy ayollar frontda mardlarcha jang qilishga, safdoshlarni himoya qilish uchun jonini fido qilishga tayyor ekanini isbotladi”.

Qaror jang maydonida xotin-qizlar rolini cheklovchi 1994-yilgi buyruqni bekor qildi. Qurolli kuchlar safida ikkilanganlar yo’q emas. Front kuchli jismoniy tayyorgarlikni talab qiladi.

Ayol jangchilar huquqini himoya qiluvchi tashkilotlar nazarida Pentagon ancha oldin ayni yo’lni tutishi kerak edi. Iroq va Afg’onistonda xotin-qizlar allaqachon eng og’ir ishlarni qoyilmaqom qilib bajarmoqda, lekin bu hech yerda rasman qayd etilayotgani yo’q, deydi ular.

Iste’fodagi general Vilma Vot Amerika Memorial jamg’armasi qoshidagi Jangchi askarlar tashkiloti prezidenti.

“1990-1991-yillarda, esimda, urushda hamma qatori kurashar edik. U yer xavfsiz, bu yer xatarli deb ajratib o’tirish yo’q edi. Ayollar frontning faol qatnashchilari, ishonchli himoyachilar edi”, - deydi u.

Lekin boshqa faxriylar yangi qarordan rozi emas. Iste’fodagi general Jerri Boykin fikricha, endi qo’mondonlarga qiyin bo’ladi. Urushda muvaffaqiyat qozonish, askarlarga qulay sharoit yaratish uchun generallar bosh qotirishi, og’ir vaziyatdan chiqish yo’lini topishi kerak.

“Erkak askarlar uchun alohida, ayol jangchilar uchun alohida xilvat joylar bo’lishi kerak. Frontda shu haqda ham o’ylash ortiqcha boshog’riq emasmi? Qo’mondonlar urush haqida o’ylasinmi yoki boshqa?” - deydi Boykin.

Pentagon mutaxassislarining aytishicha, qonunchilar va faollar tenglikni o’ylab shunday qilmoqda.

Xotin-qizlar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar avval Pentagonni sudga berib, jang maydonida kamsitish hollaridan shikoyat qilgan. General Votning aytishicha, askarning xizmat pog’onasidan ko’tarilishi uchun front tajribasi kerak:

“Urushning olovli nuqtalarida bo’lmagani uchun askar ayolning karyerasi siljimagan hollar bor”.

Endi esa qurolli kuchlarda tez orada ayollar uchun yuz minglab yangi ish o’rinlari ochiladi.

Bu esa AQSh qurolli kuchlari safida ayollar uchun 230 mingdan ziyod yangi o’rin ochiladi, degani.

AQSh armiyasida 1,4 million kishi xizmat qilayotgan bo’lsa, shulardan 14 foizi xotin-qizlar.

2001-yildan beri Iroq va Afg’onistonda 280 mingdan ziyod ayol mudofaaga hissa qo’shgan. 152 nafari jangda halok bo’lgan.

Ayollar frontga ruxsat oldi/US Military Women
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:50 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG