Breaking News

Yangi savdo bitimi qanday kutib olindi?


Trans-Tinch okeani hamkorlik shartnomasi dunyodagi eng katta savdo uyushmasi bo’lib, unga 12 mamlakat - Avstraliya, Bruney, Kanada, Chili, Yaponiya, Malayziya, Meksika, Yangi Zelandiya, Peru, Singapur, AQSh va Vyetnam - kiradi
Trans-Tinch okeani hamkorlik shartnomasi dunyodagi eng katta savdo uyushmasi bo’lib, unga 12 mamlakat - Avstraliya, Bruney, Kanada, Chili, Yaponiya, Malayziya, Meksika, Yangi Zelandiya, Peru, Singapur, AQSh va Vyetnam - kiradi

TPP dunyodagi eng katta savdo uyushmasi bo’lib, unga mintaqaning 12 mamlakati, xususan Avstraliya, Bruney, Kanada, Chili, Yaponiya, Malayziya, Meksika, Yangi Zelandiya, Peru, Singapur, AQSh va Vyetnam kirdi. Bu esa global iqtisodning 40 foizi degani. Uyushma a’zolari o’zaro savdo-sotiqni rivojlantirish va to’siqlarni bartaraf etishga kelishib oldi.

Respublikachi senator Jon Makkeyn bitimni darhol ma’qulladi.

“TPP noyob tarixiy imkoniyat bo’lib, u biz uchun savdo to’siqlarini pasaytirish, yangi bozorlarni ochish, Amerikada ishlab chiqilgan mahsilotlarni eksport qilish va dunyoning iqtisodi eng katta sur’atlar bilan o’sayotgan mintaqasida Amerika kompaniyalarining raqobatbardoshligini oshirishni anglatadi”, - dedi u.

Demokratlar partiyasidan prezidentlikka da’vo qilayotgan senator Berni Sanders esa bitimni keskin tanqid qildi. Uning fikricha, bundan buyon AQShda ish joylari kamayadi.

“Shartnomani bekor qilish uchun qo’limdan kelganini qilishga tayyorman. Bizga Amerika ishchilari manfaatlarini ko’zlaydigan kelishuvlar kerak, katta korporatsiyaar rahbarlari manfaatlarini emas”, - dedi u.

Qolgan qonunchilar masala yuzasidan qat’iy fikr bildirganicha yo’q.

“Men bitimni hali o’qib chiqqanim yo’q. Jiddiy savollarim bor, ularga javob olishim kerak”, - dedi demokrat senator Ed Marki.

“Murakkab shartnoma”

“Bu murakkab shartnoma”, - dedi Meyn shtatridan respublikachi senator Syuzan Kollins. “Hech birimiz matnni ko’rganimizcha yo’q”.

Erkin savdoni ma’qullaydigan arboblar ham shartnomaning alohida shtatlarga ta’siridan xavotirda.

“Ma’muriyat sportchilar uchun poyafzal ishlab chiqaradigan “New Balance” mahalliy kompaniyasini himoya qilmayotganidan tashvishdaman. Bizning shtatda bu kompaniyada qariyb 1000 odam ishlaydi. Men tariflarni alohida o’rganib chiqaman”, - dedi Kollins.

Obama foydali jihatlarini maqtayapti

Dushanba kungi bayonotida Prezident Barak Obama deydiki, “agar bu shartnoma mening syolimgacha yetib kelsa, bizneslarimizga Amerikada ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmatlarni dunyo bo’ylab sotilishini ta’minlay olamiz”.

TPP shartnomasining Obama stoliga yetib borishi uchun hujjatni Kongressning ikkala palatasi ma’qullashi kerak. Bu esa oson bo’lmaydi, ayniqsa 2016-yilgi saylovga tayyorgarlik ketayotgan davrda.

Dunyo munosabati

Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe yangi bitimning imzolanishini olqishladi va Xitoyni ham unga qo’shilishga undadi.

“Bu bitim mamlakatimiz xavfsizligi va osiyo-Tinch okeani mintaqasida barqarorlikning mustahkamlanishiga hissa qo’shadi. Agar kelajakda unga Xitoy qo’shilsa bu katta strategic ahamiyatga ega bo’ladi”, - dedi u.

Bitim tarafdorlari global iqtisodning 40 foizini tshkil etadigan mamlakatlarda savdo-sotiqni rivojlantirishni ijobiy baholar ekan, bu Xitoyning tobora oshib borayotgan qudratiga teng kelishning yaxshi yo’li, degan fikr keng tarqalgan.

Ayni vaqtda ular bitimga Xitoyning qo’shilishiga qarshi emas. Pekin ham shartnomaga kirsa, savdo mezonlari adolatliroq bo’ladi, deydi ular.

Dastlabki ma’lumotlarga ko’ra, TPP Amerika eksportida 18 mingta tarifning yo’q qilinishiga olib keladi va mehnat, ekologiya va aksil-korrupsiyaga oid qattiq qonun-qoidalar o’rnatadi.

Bitimni unga a’zo davlatlar parlamentlari ratifikatsiya qilishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG