Yaman poytaxti Sanodagi ikki masjidda suiqasd xurujlarida 137 odam o’lgach, Qo’shma Shtatlar barcha askarlarini mamlakatdan chiqardi. AQSh Davlat departamentiga ko’ra, Yamanda xavfsizlik bilan bog’liq vaziyat yomonlashgani bois bu vaqtincha chora.
Mamlakat janubidagi al-Anad harbiy-havo bazasida joylashgan Amerikaning 100 nafar maxsus askari al-Qoidani dronlardan nishonga olib kelayotgan edi.
“Terror xavfini kuzatishda davom etamiz, zarur bo’lsa, chora ko’riladi”, deyiladi Davlat departamenti bayonotida.
Bugun shia mazhabiga mansub hutiy isyonchilar janubdagi Taiz shahrida aeroportni nazoratga olgan. Isonchilarga sobiq Prezident Ali Abdulla Solih tarafdorlarining yordam berayotgani aytiladi.
Bugun BMT Xavfsizlik Kengashi Yamandagi vaziyat bo’yicha favqulodda majlis o’tkazadi.
O’tgan oy hutiylar Sanoda hokimiyatni qo’lga olgach, amaldagi Prezident Abdu Rabbo Mansur Hadi avval uy qamog’ida saqlandi, so’ng Aden shahriga qochishga muvaffaq bo’ldi.
Hadi isyonchilardan vazirliklarni ozod etishni, jangchilarini poytaxtdan olib chiqishni, BMT vositachiligidagi muzokaralarga qaytishni talab qilmoqda.
Bir necha kun burun Adendagi prezident saroyi samolyot hujumiga uchragan. Hadi buni o’ziga qarshi xuruj deb, hutiylarni davlat to’ntarishiga harakatda aybladi.