AQShdagi yosh musulmonlar saylov kampaniyalarida diniy nafratga undovchi chaqiriqlar tez-tez yangrayotganidan xavotirda. "Amerika Ovozi" tashabbusi bilan Vashingtonda o'tkazilgan uchrashuvda ham musulmon yoshlar bu o'lkada yashashning o'ziga xos muammolari haqida fikr yuritdi.
AQShda musulmonlar soni 3,3 million bo'lib, aholining bir foizini tashkil qiladi. Kelasi bir necha o'n yilda ular soni ikki barobar oshib, 2040-yilgacha AQShda ikkinchi eng yirik diniy guruhga aylanishi taxmin qilinmoqda.
Bu o'lka musulmonlari etnik va madaniy jihatdan rang-barang. Sent-Luisda yashovchi Oya Rouz Aktasning onasi amerikalik nasroniy, otasi esa turk musulmon.
"Ko'pincha odamlar musulmonlarni mo'tadillar va konservativlarga bo'lishadi. Aslida ular juda rang-barang. AQShda islom haqidagi muhokamalarda mavzuning shu tarafiga yaxshi e'tibor berilmayotgandek", - deydi Aktas.
Ayrim musulmonlar o'zlarini bir necha toifaga mansub deb biladi.
"Nafaqat musulmon bo'lish, balki amerikalik musulmon va somalilik hamda qora bo'lish ham oson emas. Bir necha toifaga mansubligingiz bilan hisoblashishingiz kerak. Bu oson emas, lekin baxtimga, men shularning ichida tug'ilganman va men uchun bu hayot bo'yi davom etadigan jarayon. Ota-onam kabi muhojir bo'lib kelsangiz, jiddiy o'zgarishni boshdan kechirasiz", - deydi Muhammad Husayn.
Muhokama qatnashchilari musulmonlar sodir etadigan jinoyatlar bo'rttirib ko'rsatilishidan ham shikoyat qildi.
"Musulmon odam nimadir qilsa, barcha matbuotda yoritiladi. Lekin g'arblik odam xuddi shu ishni qilsa, ta'siri bunchalik bo'lmaydi", - deydi Mursal Muhammad.
Iroqda tug'ilgan Osman Altalibning aytishicha, AQShda jinoyat sodir qiladigan musulmonlar soni boshqalar oldida juda kam. Agar yoshlar kompyuter oldida ko'proq vaqt o'tkazsa, radikallashish ehtimoli yuqori bo'ladi, deydi u.
"Mening aytadigan gapim shuki, yoshlarimizni masjidlarga jalb qilaylik, musulmon tadbirlariga va tashkilotlariga taklif qilaylik, boshqalar bilan aloqada bo'lsin", - deydi yosh faol.
Amerika musulmonlarining yangi avlodi radikalizm haqida bot-bot bo'layotgan muhokamalardan ham charchagan. Bundan ko'ra yoshlarni kelajakka umid uyg'otadigan ishlarga jalb qilish kerak, deydi ular.