AQSh Toshkentdagi vaziyatni kuzatmoqda, Prezident Islom Karimov sog'lig'i og'ir ekanidan xabardor, lekin xulosa qilishga yoki baho berishga shoshmaydi. (VIDEO/AUDIO quyida - o'zbekcha va original).
Ma'lumki, O'zbekiston rahbari shanba kunidan beri kasalxonada. Qizi Lola Karimovaning ijtimoiy tarmoqlarda tasdiqlashicha, otasining miyasiga qon quyilgan, hozirda barqaror, lekin jiddiy muolajaga muhtoj.
AQShning Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomati Daniel Rozenblum "Amerika Ovozi" bilan suhbatda aytishicha, O'zbekiston bilan hamkorlik, shu kungacha erishilgan yutuqlar va kelishuvlarni saqlab qolish Vashington uchun nihoyatda muhim.
Respublikada boshqaruv va rahbar o'zgargan taqdirda ham Vashington bu davlat bilan yaqindan ishlashda davom etishni istaydi, deydi Rozenblum, aloqa mustahkam.
Diplomat Markaziy Osiyo davlatlari bilan rishtalarning murakkab jihatlari, ular ortidagi omillar haqida gapirib berdi va yaqin kelajakda qanday o'zgarishlar bo'lishi mumkinligiga ham to'xtaldi.
Rozenblum: Qo’limizdagi ma’lumot hammaga ma’lum rasmiy bayonot… Prezident va uning oilasiga salomatlik tilaymiz va tezroq tuzalib ketadi degan umiddamiz. Taxminlarga berilmoqchi emasman. Bori shu.
NI: O’zbekiston va Qozog’istonda uzoq yillik prezidentlardan keyin nima bo’lishi mumkinligi haqida bahs-munozaralar azaldan tinmaydi. AQSh uchun nima ma’qul? Qanday o’zgarishlar bo’lishini istaysiz?
Rozenblum: Bashorat va taxminlardan yiroqmiz. O’zbekiston sherigimiz, do’stimiz. Qoozg’iston ham shunday. Biz bu davlatlarning mustaqilligi va suverenitetini quvvatlaymiz. Har qanday holatda yondashuv va munosabatimiz shu va aloqalar mustahkam bo’lishini xohlaymiz.
NI: Demak, qanday o’zgarish bo’lishidan qat’i nazar, hamkorlikni saqlab qolishni va kuchaytirishni istaysiz?
Rozenblum: Xuddi shunday. Aloqalarni rivojlantirib borish, hamkorlikni mustahkamlash.
NI: Esingizdami, olti yil oldin qilgan muloqotimiz… O’sha, 2010-yilning yozi edi. Qirg’izistondagi xunrezliklar ketidan gaplashgan edik. Amerikaning mintaqadagi maqsad va manfaatlari haqida gapirib bergan edingiz. Ko’plab rasmiylar va mutaxassislar ularni aniq tushuntirib bera olmaydi. Bugun, mustaqillikning 25 yilligi nishonlanayotgan paytda, AQSh Markaziy Osiyoda aynan qanday manfaat va maqsadlarga ega? Mintaqa bilan aloqani tebratuvchi bosh rasmiy sifatida e’tiboringiz nimada?
Rozenblum: Maqsad va manfaatlarimiz o’sha-o’sha. 1990-yillarning boshida nimalarni ko’zlagan bo’lsak, shu. Jumladan, Markaziy Osiyodagi har bir davlat mustaqil va suveren bo’lib qolsin. Erkin va farovon jamiyatlarga aylansin. Ikkinchidan, mintaqa xavfsiz bo’lsin, terrorchilar o’chog’i bo’lmasin. Ayniqsa, 2001-yildan beri bu masala ustida qattiq ishlab kelayapmiz. Qo’shni Afg’onistonga o’xshab, tahlika maydoniga aylanmasin. Xavfsizlik va barqarorlik – o’ta muhim talab va manfaat. Shu bois xavfsizlikni ta’minlash, xususan, chegara himoyasi yo’lida yordamlashib kelayapmiz. Barqarorlikni ta’minlovchi omillardan biri bu iqtisodiy taraqqiyot. Bu borada ham ko’maklashib kelayapmiz. Hukumatlar bu borada bosh qotirishi kerak. Islohotlar qilinishi kerak va atrofdagi mamlakatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish kerak. Tijorat, infrastruktura rivojlansin, deymiz. Uchinchi, o’ta ahamiyatli maqsad - boshqaruvni yaxshilash. Hukumatlar xalqqa xizmat qilsin, siyosat odamlar manfaatini ko’zlasin, jamiyatlar oshkoralik va erkinlik tomon qadam tashlasin. Amerika tinch-osoyishta, farovon, erkin davlatlar bilan hamkorlikdan faqat foyda ko’radi.
NI: Bu maqsadlar yuzasidan Markaziy Osiyo davlatlari bilan bir fikrdamiz deya olasizmi?
Rozenblum: Vaziyat va talablar yuzasidan o’xshash fikr va pozitsiyaga egamiz, deya olaman. Lekin har sohada har jihatdan bir fikrda bo’lish qiyin va mumkin ham emas. Davlatlar o’z yondashuvi, tarixiy asoslari va farqlariga ega. Muhimi, bu borada bugun ochiq gaplashamiz va bu ham o’ziga xos yutuq.
NI: Siz qayd etgan maqsadlar sari qanday harakat qilish kerak? Professional diplomat sifatida va o’tmish saboqlariga tayangan holda, qay usul eng to’g’risi degan bo’lardingiz?
Rozenblum: Eng ma’qul yo’li, o’z tajribamga asoslanib aytadigan bo’lsam, har bir davlat bilan barcha sohalarda serqirra rishtalar o’rnatish. Nafaqat siyosat, balki ijtimoiy, ilmiy, texnik, madaniy va jamiki sohalarda. Bizneslar, universitetlar, fuqarolar va boshqalar bir-biri bilan faol muloqotni yo’lga qo’ysin. Shundagina, mamlakatlar orasida haqiqiy hamkorlik yuzaga keladi. Bir maqsadga erishish uchun boshqasiga ham erisha olish kerak. Maqsadlarni bir-biridan ustun qo’ya olmaymiz, chunki ularning ortidagi masalalar yechimi boshqa masalalarga bog’liq. Biriga e’tibor qaratib, boshqasiga ko’z yuma olmaymiz. Har bir davlat o’z qonun va tartibiga ega. Shart-sharoit boshqacha. Lekin agar tomonlar, chin dildan istasa, maqsadiga erisha oladi. Keskinlik ish bermaydi. O’zaro manfaatlarga asoslanish kerak. Bir sohada yutuqqa erishamiz, deb boshqa bir sohada imkoniyatni boy bera olmaymiz.
NI: Biror yutuqni misol keltira olasizmi, masalan, O’zbekiston bilan? O’zingiz faxrlanadigan biror yutuqni?
Rozenblum: Qirg’iziston, masalan. Demokratik jihatdan ancha ildamladi bu jamiyat. Hali qilinadigan ishlar juda ko’p, lekin salmoqli muvaffaqiyatlarga erishdi. Davlatning xalq oldidagi mas’uliyati, fuqaro erkinligi, fuqarolik jamiyati – bu borada ancha o’zgarishlar bo’ldi. Xalq va hukumatning yutug’i bu. Biz bu jarayonni quvvatlab kelayapmiz. Moliyaviy yordam berdik. Samarani o’lchash oson emas. Qiyin ish bu. Boshqa tomondan esa agar yordam bermaganimizda nima bo’lar edi? 2010-yildan beri Qirg’izistonda barqarorlikka guvohmiz. Saylovlar erkin va adolatli tarzda o’tdi. Kamchiliklar bor, lekin uning ustida ishlayapti. Iqtisodiy taraqqiyot sust. Muammolar talay. Biz janubni qayta qurish va iqtisodiy islohotlar qilish uchun ko’maklashdik va bu ishni davom ettirayapmiz. Bizningcha, yordamimiz zoye ketmadi.
Qozog’iston Jahon Savdo Tashkilotiga kirgani ham ulkan yutuq. Amerika bu borada yaqindan madad ko’rsatdi va birga ishladi. Uzoq yillar davomida juda ko’p yutuqlarga erishdik va ularni sanash uchun hozir vaqt yetmaydi. Umuman olganda, mintaqa bilan hamkorlikdan qoniqib kelayapmiz.
NI: Ko’mak haqida gap ketganda, bilamizki, Vashington bu boradagi dasturlar uchun ko’proq mablag’ ajratayapti – bu yili va kelasi yil. Bu loyihalar samarasini oshirish uchun nima qilish kerak? Har holda, Amerika naqd pul bermaydi, madad ko’rsatadi.
Rozenblum: To’g’ri, naqd pul berilmaydi. Bizning nazarimizda, eng ma’qul yordam turi bu bilim va tajriba ulashish. Jamiyatlarni qanday qilib rivojlantirish, biror soha taraqqiyoti, islohotlar, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda trening va malaka oshirish uchun imkoniyatlar yaratish – uzoq davrda ulkan samara beradigan dasturlar. Tibbiyot, texnologiya, adliya, ta’lim, umuman, xalq hayotiga bevosita ta’sir qiladigan sohalarga ko’proq e’tibor berish kerak. Biz ko’prik va yo’llar qurmayapmiz…
NI: Xitoy qurayapti…
Rozenblum: To’g’ri, lekin Amerika turli xalqaro tizimlar orqali infrastruktura rivoji uchun moliyaviy hissa qo’shib kelmoqda. Buni ham tan olish kerak. Bevosita bo’lmasa-da, bilvosita Jahon banki, Osiyo Taraqqiyot banki va Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki orqali yordamni ayamayapmiz.
NI: Harbiy yordam-chi? Bu ish bilan ham Davlat departamenti mashg’ulmi?
Rozenblum: Ha, xavfsizlik va harbiy sohadagi yordamni biz tashkillashtiramiz, lekin Mudofaa vazirligi va AQSh hukumatining boshqa qismlari ham bu ishga bosh qo’shadi. Maqsadimiz bitta – mintaqa davlatlari tinch bo’lsin, chegaralar xavfsiz bo’lsin. Biz davlatlarni qurollantirish maqsadida emasmiz va berayotgan texnikamiz va harbiylar malakasini oshirayotganimiz – aynan o’sha davlatlarda qilinayotgan islohotlarning bir qismi. Amerika harbiy qudratini hamma biladi. Davlatlar Amerikadan o’rganishni xohlaydi, bu borada biz bilan hamkorlik qilishni istaydi. Biz berayotgan yordamimiz nimaga yarayotganini izchil tekshirib boramiz. Mas’uliyat va javobgarlik ta’minlangan.
NI: Lekin davlatlar bundan ham ko’proq yordam xohlaydi. Qanday javob berasiz bu holatda?
Rozenblum: Amerikaning ham imkoniyatlari cheklangan. Ortiqcha mablag’ yo’q bizda. Biz iltimos tushgan tomonga, odatda, nimaga qodir ekanimizni ochiq aytamiz. Nima bera olamiz, nima taklif qila olamiz va qanday qilib. Bu borada hamisha ochiq gaplashib kelganmiz.
NI: Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash – sizning diqqat markazingizdagi eng muhim masala. AQSh Markaziy Osiyo hukumatlariga bu kurashda fuqarolarning e’tiqod erkinligi va siyosiy erkinliklarini buzmang, deb kelasiz. Lekin ular nazarida tahdidning oldini olish, tahdidni yengish keskin choralar talab qiladi. Rasmiylar deydiki, terrorizmga qarshi yumshoq kurashish mumkin emas. Nima deysiz bunga?
Rozenblum: Xavfsizlik va erkinlik orasidagi muvozanatni ta’minlash va topish oson ish emas. Tan olamiz va o’zimiz ham ba’zida bu masalada qiynalamiz. Lekin fuqarolarning huquqlarini poymol etish uzoq muddatda yaxshilikka yetaklamaydi va xavfsizlikka yanada kattaroq tahdid solishi mumkin. Adolatsizlik odamlarni radikalizmga yetaklashi qayta-qayta isbotlangan. E’tiqod erkinligi qattiq buzilayapti, deya biz ayrim davlatlarga “alohida xavotirga molik mamlakat” degan tamg’a bosamiz. Bu degani ularga sanksiya qo’yilishi mumkin. Markaziy Osiyodagi bunday davlatlar (O’zbekiston, Tojikiston) shunday mamlakatlar, lekin sanksiya qo’yilmagan, chunki ular bilan terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik juda muhim. Masala murakkab. Shunday bo’lsa-da, biz hukumatlarni fuqarolar huquqlarini hurmat qilishga chaqirishda davom etamiz.
NI: Amerika chorak asrdan beri erkinlik va demokratiyani targ’ib qilib kelmoqda. Biroq mintaqada hamon avtoritar tuzumlar hukmron. Targ’ibot davom etadimi?
Rozenblum: Bu sohada eng oz yutuqqa erishdik desam xato bo’lmaydi. Eng qiyin ish ham shu o’zi. Davlatlar jon-jahdi bilan qarshilik ko’rsatadi, lekin erkinlik bizning qadriyatimiz va ustuvor maqsadlarga erishish bu borada rivojlanishni talab qiladi. Bundan, avvalo, sizning o’zingiz foyda ko’rasiz, deymiz. Tanqidchilarimizga aytamizki, biz harakatdamiz, erkinlik targ’iboti – oliy maqsadlarimizdan biri.
NI: Yaqinda Markaziy Osiyoning besh tashqi ishlar vaziri Vashingtonda Davlat kotibi Jon Kerri bilan muzokara olib bordi. Mintaqaviy birdamlik yuzasidan yangi kelishuvlar e’lon qilindi. Bu tashabbus Amerikada prezident va ma’muriyati yangilangach ham davom etishiga ishonasizmi?
Rozenblum: Bu tarixiy voqea va Markaziy Osiyo kelajagi uchun muhim jarayon. Yangi yilda yangi prezident ishga tushib, Davlat departamenti va boshqa idoralarda mas’ul odamlar yangilangach ham bu tashabbus olg’a ketishiga ishonamiz va bu rejaning eng yuqorisida. Men Bill Klinton prezidentlikda bo’lgan davridan beri hukumatdaman va aytishim mumkinki, Markaziy Osiyodagi maqsad va manfaatlarimiz o’zgarmas.
NI: Amerikaning biror rahbari shu paytgacha Markaziy Osiyoga bormadi. Prezident Barak Obama yoki Vitse-prezident Jo Bayden borar degan umidlar bor edi… Vashington uchun mintaqa u qadar muhim emas degan fikr keng tarqalgan. Amerikalik mutaxassislardan ko’p eshitamiz buni. Haqiqatdan ham shundaymi?
Rozenblum: Prezident bormasa, muhim emas, deb o’ylash, menimcha, xato. Aslida Markaziy Osiyo “dolzarb mintaqa”ga aylanmayotgani yaxshi. Chunki odatda notinch, beqaror, qaynoq regionlar Oq uy uchun va umuman AQSh uchun birinchi masalaga aylanadi. Shu bois, mintaqaga mas’ul diplomat sifatida, Markaziy Osiyo tinch va barqaror qolishini istayman. Davlat kotibi Jon Kerri bordi o’tgan yili. Rahbarlar bilan muloqotdamiz. Mas’ul odamlarning butun e’tibori mintaqada. Eng muhimi shu.
NI: Rossiya va Xitoy bilan raqobat qilmaymiz, deb kelasiz. Lekin bu mumkinmi? Bu pozitsiyasi bilan AQSh aslida bu raqobatda yutqazgandek tuyuladi ba’zida.
Rozenblum: Biz uchun bu bellashuv emas. Maqsadlarimiz o’xshash. Markaziy Osiyo farovon, tinch va to’q yashasin, deymiz. Agar boshqalarning ham maqsadi shu bo’lsa, demak, biz ularga zarar qilmaymiz. Boshqa mamlakatlar ham shunday yondashishini istaymiz.
NI: Odamlar Amerikadan hamisha ko’proq narsa kutadi, chunki u global lider. U tashlagan har bir qadam ulkan o’zgarishlarga yetaklaydi deb o’ylashadi.
Rozenblum: Ha, afsuski, shunday. Lekin istagimiz, qurbimiz va narigi tomonning pozitsiyasiga qarab harakat qilamiz. Hech kimning qo’ynini puch yong’oqqa to’ldirishni istamaymiz.
NI: Suhbatdan minnatdormiz.
Rozenblum: Men ham, katta rahmat!