Yevropa bo’ylab safar qilayotgan prezident Barak Obama bugun Britaniyada.
AQSh rahbari va uning rafiqasi Mishel Obama katta dabdaba bilan kutib olindi. Qirolicha Yelizaveta mehmonlarni o’z koshonasi, Bukingem saroyida qarshilab, kechki payt ziyofat beradi.
Obama Britaniyaga bugun kunduz borishi kutilgan edi. Biroq Islandiyadan tarqalayotgan vulqon kukuni parvozlarga to’siq bo’layotgani bois safar tezlab, prezident kechayoq yo’lga chiqqan.
Kun davomida Barak Obama Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron va muxolifat yetakchisi Ed Miliband bilan alohida gaplashadi.
Mulozamat ketidan ertaga muzokaralar boshlanadi va tomonlar Pokiston, Afg’oniston, Liviyadagi harbiy kampaniya, arab dunyosidagi qo’zg’olonlar va terrorizmga qarshi kurash haqida fikr almashadi. Barak Obama parlament qo’shma sessiyasida ham ma’ruza qilishi rejalangan.
“Britaniya va Qo’shma Shtatlar yaqin hamkorlardir”, - deydi ingliz rasmiysi Filip Barton. “Ikki davlat bor ekan, dunyo ahli tinch va farovon yashashi mumkin”, - deydi tomonlar.
“Britaniya va Amerikani mushtarak madaniyat, til va hissiyotlar bog’lab turadi. Ikki yurt amal qilgan qadriyat va manfaatlar ham ayni”, - deydi Deyvid Kameron.
Rasmiylar iqtisodiyot borasida ham muzokara qiladi. Fransiyada hafta oxirida rejalangan va Barak Obama qatnashishi kutilayotgan Katta Sakkizlik majlisida moliya kun tartibidagi asosiy mavzulardan bo’ladi.
Yevropa safari doirasida Obama kecha Irlandiyada to’xtagan edi. Iqtisodiy tanglikka botgan bu ittifoqchi davlatda minglab fuqaro oldida so’zlar ekan, yorug’ kunlar hali oldinda, dedi.
AQSh rahbari bu mamlakat prezidenti Mari Makaliz va Bosh vaziri Enda Kenni bilan ko’rishdi. Ota-bobosi irlandiyalik Obamani odamlar olqish va qarsaklar bilan qarshi oldi.
Uch kun Britaniyada, so’ng Fransiyada bo’lgach, AQSh rahbari Polshaga yo’l oladi.