Breaking News

USMCA NAFTA dan nimasi bilan farq qiladi?


Dushanba kuni AQSh, Meksika va Kanada o’zaro savdo bitimiga kelishilgani haqida e’lon qildi. Yangi bitim NAFTA – Shimoliy Amerika erkin savdo shartnomasini yangilashi kutilmoqda. Buning uchun uch mamlakat rahbarlari uni imzolab, parlamentlar ratifikatsiya qilishi zarur. Yangi bitim 1994-yilda qabul qilingan shartnomadan nimasi bilan farq qiladi?

AQSh Prezidenti Donald Tramp NAFTAni Amerika tarixidagi eng yomon kelishuv deb, uni yangilashga va’da bergan edi.

“Yangi bitim bo’yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangani haqida e’lon qilish men uchun sharafdir”, - dedi Tramp.

Yangi bitim AQSh-Meksika-Kanada shartnomasi yoki inglizchasiga qisqacha USMCA (United States-Mexico-Canada Agreement) deb ataladi.

Trampning aytishicha, hujjat NAFTAning tuzatilgan ko’rinishi emas, bitim yangidan tuzilgan. Biroq Vashingtondagi Brukings tahlil markazi eksperti Joshua Meltser bunday emas, deydi.

“NAFTAdan keskin farq qiladi deb o’ylamayman. Eski hujjat shunchaki yangilangan. 20 yillik kelishuvni yangilash mantiqqa to’g’ri keladi”, - deydi u.

Meltser nazarida, muzokaralarning oson kechganiga sabab shuki, ko’p masalalarga Trans-Tinch okeani hamkorlik bitimi muzokarasi paytida kelishilgan edi. Eslatish joiz, Tramp 12 mamlakatni o’z ichiga olgan bu bitimdan 2017-yil yanvarida chiqqan.

Yangi bitim shartlariga ko’ra, AQSh sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga Kanada bozoridan kattaroq joy beriladi. Shuningdek, bundan keyin Kanadada ishlab chiqarilayotgan va AQShga eksport qilinayotgan avtomobillar komponentlarining 75 foizi AQShda ishlanadi, ishchilarning eng kam ish haqi esa oshiriladi.

“Ayrim sohalarda proteksionizm kuchayganiga guvohmiz. Bitim uch mamlakat o’rtasidagi integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan, biroq uni butunlay yangi deb bo’lmaydi”, - deydi tahlilchi Meltser.

Yangi shartnomaga kelishilgani haqida e’lon qilinganidan so’ng AQSh qimmatbaho qog‘ozlar bozorida aksiyalar bahosi ko’tarildi. Tramp hujjatni noyabr oxirida imzolashi kutilmoqda. Uch mamlakat parlamentlari esa uni tasdiqlashi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG