Breaking News

Xavfsizlik va inson huquqlari bir-birini rad etuvchi tushunchalarmi?


Qo’shma Shtatlar Tinchlik instituti, xalqaro mojarolarni o’rganish va oldini olish uchun 1984 yilda ta’sis etilgan tashkilot, Obama ma’muriyatini Yaqin Sharqda demokratik targ’ibotni kuchaytirishga da’vat etmoqda.

Xavfsizlik va inson huquqlari bir-birini rad etuvchi tushunchalarmi? AQSh avtokratik tuzumlar bilan hamkorlik qila turib, bir paytning o’zida demokratiyani olg’a sura oladimi? Tinchlik instituti o’tkazgan so’nggi tadqiqot ana shu savollarga javob izlaydi.

Izlanishda asosan Yaqin Sharq haqida gap ketadi. Biroq tarixdan bilamizki, dunyoning qay burchagini olib qaramang, Qo’shma Shtatlar deyarli doimo xavfsizlikni huquq va demokratiyadan ustun qo’yib kelgan.

Erkinlikni quvvatlash AQSh xavfsizligi uchun muhim ekanini ko’pincha unutib qo’yamiz, deydi izlanish muallifi Daniel Bramberg.

“Yaqin Sharq, xususan arab dunyosida muammo shuki, Amerika bilan yaqindan ishlaydigan tuzumlar repressiv va xalqdan uzilgan. Odamlar AQSh o’z manfaatini o’ylab, huquq va qonunni pisand qilmaydigan rahbarlar bilan o’giz-burun o’pishishi ikki-yuzlama siyosat emasmi, deb so’rashi tabiiy hol. AQSh inson manfaatini o’ylab ish tutmas ekan, strategik hamkorliklar uzoqqa bormaydi”, - deydi Daniel Bramberg.

Yaqin Sharqda, deydi olim, quruq bayonot va chaqiriqlar bilan biror o’zgarish qilish qiyin. O’nlab yil boshqaruvda o’tirgan rahbarlar “itlar huraveradi, karvon ketaveradi” qabilida ish tutishga o’rganib ketgan.

Obama ma’muriyati ularni fuqaro huquqlari va siyosiy faollikni cheklovchi qonunlarni bekor qilishga ko’ndirishi kerak.

“Mintaqadagi eng qashshoq davlatlardan biri, Yaman bunga yaxshi misol. Uni 31 yildan beri boshqarib kelayotgan tuzumning avom bilan ishi yo’q. Natijada terrorizm va al-Qoidaga qarshi kurashda ham ko’p narsaga erisha olmayapti”.

Musulmon Tashabbusi dasturi rahbari fikricha, Yaman qatorida Misr, Iordaniya va Pokistonda ham ahvol shu. Xalq azobda, hukumatlar esa AQShga sherik. Amerikaga qarshi kayfiyat shundan paydo bo’ladi.

“Bu rejimlarning AQShga javobi shuki, biz bo’lmasak, hokimiyatga islomiy ekstremistlar keladi. Yo biz, yo ular. Masala bunday qo’yilishining o’zi amaldagi siyosat o’zgarishga muhtoj ekanidan darak”, - deydi Bramberg.

Markaziy Osiyoda ham shunga guvoh bo’lasiz. Uzoq yillik rahbarlar o’zini tinchlik garovi deb ta’riflaydi.

Prezident Obama musulmon dunyosi bilan til topishaman desa, fuqaro jamiyati bilan ishlashni ham unutmasligi kerak. Demokratiya targ’iboti, deydi Bramberg, mintaqaviy mojarolarni, xususan arab-Isroil adovatini tugatish harakatlari bilan teng olib borilgani ma’qul.

Stenford oliygohi professori Larri Daymond deydiki, “arab rahbarlari shu qadar korrupsiyaga botganki, ulardan ertani o’ylab, aql-idrok bilan oqilona siyosat yuritishni talab qilish behuda ish. Ammo bu jamiyatlarda, jumladan boshqaruvda ham erkinlik umidi bilan yashayotgan pragmatik siyosatchilar yo’q degani emas. Amerika ular bilan gaplashishi, butun diplomatik kuch-salohiyatini ishga solishi kerak”.

Gap bu hukumatlarga yordamni kamaytirish yoki hamkorlikni cheklash haqida ketmayapti, deydi olim. Prezident Obama demokratiya haqida balandroq va ichonch bilan gapirsin.

Siyosat va iqtisodiy taraqqiyot bo’yicha qator asarlar muallifi Fransis Fukuyama masalaning nozik bir jihati bor deydi.

“Mintaqada demokratik targ’ibot haqida gapirsangiz, ko’pchilik “rostdanmi” yoki yana biror davlatni bosib olmoqchimisiz, deb sizni masxara qiladi. Ko’philik Iroq urushidan xulosa qilib, AQShni bosqinchilikda ayblaydi”.

Obama ma’muriyatida niyat xolis ekanini, inson sha’ni va qadr-qimmatini himoyalash haqiqatdan ham tashqi siyosatning ajralmas qismi ekanini isbotlash uchun imkoniyat bor, deydi Fukuyama.

Haqiqat shuki, Qo’shma Shtatlar diplomatik, harbiy va xavfsizlik sohasida dunyo davlatlari bilan hamkorlikdan voz kecha olmaydi. Zamon shunaqa. Biroq hamkorlik faqat xavfsizlik bilan cheklanib qolmasligi, umumbashariy masalalar muloqotning bir qismi ekani sheriklarga eslatib qo’yilishi zarur.

XS
SM
MD
LG