Breaking News

Sovet Ittifoqi qulaganiga 20 yil bo'ldi


1991-yil 23-avgustda tasvirga tushirilgan surat. Rossiya prezidenti Boris Yeltsin (o'ngda) va SSSR prezidenti Mixail Gorbachyov (o'rtada).
1991-yil 23-avgustda tasvirga tushirilgan surat. Rossiya prezidenti Boris Yeltsin (o'ngda) va SSSR prezidenti Mixail Gorbachyov (o'rtada).

Shu oy oxirida Sovet Ittifoqining parchalanganiga 20 yil to'ladi. Yirik imperiyaning qulashiga nima sabab bo'ldi? Ayrimlar nazarida, o'sha paytdagi rahbar Mixail Gorbachyov islohotlari.

1985-yil 11-martida 54 yoshli Mixail Gorbachyov Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasining Bosh kotibi etib saylanadi. U Politbyuroning eng yosh a'zosi edi.

Angliyaning nufuzli Oksford universitetida Rossiya bo'yicha mutaxassis Archi Braunning aytishicha, Gorbachyovning boshqacha rahbar bo'lishiga umid katta edi.

"U Politbyurodagi yagona islohotchi edi. Ammo uni bu lavozimga islohotchi bo'lgani uchun saylashmadi. Sabab shuki, undan oldingi uch rahbar keksa bo'lib, kasaldan o'lgan. Gorbachyov esa yosh, soppa-sog' edi. Xalq undan yangilanishni kutgan ediku, biroq u darajada radikal islohotga qo'l uradi, deb o'ylashmagan", - deydi Braun.

18-dekabr, 1991. SSSRning oxirgi kunlari... Kreml, Moskva.
18-dekabr, 1991. SSSRning oxirgi kunlari... Kreml, Moskva.

Kelasi olti yil davomida Gorbachyovning "qayta qurish" va "oshkoralik" deya tanilgan islohotlari tarixni butkul o'zgartirib yuboradi. Sovet Ittifoqini tugatgan ham shular bo'ldi.

Vashingtondagi AQSh Mudofaa universitetida Rossiya bo'yicha mutaxassis Jon Parkerning aytishicha, "oshkoralik" barcha muammolarni to'kib-sochishni anglatardi.

"Sovet matbuoti o'sha paytgacha hech kimning aqliga sig'magan mavzularni ko'tarib chiqara boshladi. "Qayta qurish" esa tub o'zgarishlar degani edi. Xalq ham o'zgarishlarni istardi", - deydi Parker.

"Qayta qurish" hech bir sohani chetlab o'tmadi. Matbuotda senzura susaydi, dinlarga yo'l berildi, fuqarolik jamiyati rivojlana boshladi.

Archi Braunning aytishicha, qamoqdan va ichki surgundan siyosiy mahbuslar ozod etildi, jumladan Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureati Andrey Saxarov ham.

"1986-yil dekabrida Gorbachyovning o'zi unga qo'ng'iroq qiladi. Saxarovning Gorkidagi uyida telefoni yo'q edi. Bir necha kun oldin kelib, zudlik bilan o'rnatib ketishgan edi. Gorbachyov unga Moskvaga qaytishi mumkinligini aytadi", - deydi Braun.

SSSRdan ajralib chiqqan respublikalar
SSSRdan ajralib chiqqan respublikalar

Tahlilchi deydiki, 1989-yilning martiga belgilangan Oliy Sovet saylovlarining ko'p nomzodli bo'lishi tub o'zgarishlarga sabab bo'ldi.

"Gruziya yoki Boltiqbo'yi respublikalari aholisi milliy manfaatlarini himoya qila oladigan odamga ovoz bera olishini tushunib yetdi. Bu respublikalarda mustaqillikka turtki bo'ldi".

Ammo Gorbachyov Kommunistik partiyani isloh qila olmadi, deydi ba'zi mutaxassislar.

"Partiya apparati, partiya byurokratlari konservativ kommunistlar edi. Gorbachyovning o'zgarishlarini qabul qilishmadi. Ko'p nomzodli saylovga yo'l berilganidan g'azabda edilar. Natijada 1991-yil avgustida Gorbachyovni hokimiyatdan chetlatishga harakat bo'ldi", - deydi Braun.

Ammo davlat to'natirishi amalga oshmadi. To'rt oydan so'ng esa, 25-dekabr kuni Gorbachyov Sovet Ittifoqi prezidenti lavozimidan kechdi. Ba'zilar fikricha, arbob unga qarshi turgan kuchlarga bas kela olmadi. Natijada avval Sharqiy Yevropadagi kommunistik tuzumlar quladi, so'ng Sovet Ittifoqi ham tarqalib ketdi.

SSSRga yakun yasagan voqealar tasviri:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG