Breaking News

AQShda qo'nim topgan uyg'ur ayol hikoyasi


AQShda qo'nim topgan uyg'ur ayol hikoyasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:56 0:00

Xitoy g’arbidagi Shinjon avtonom hududida 10 million musulmon uyg’ur yashaydi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko’ra, bir milliondan oshiq uyg’ur terrorizm, bo’lginchilik va boshqa ayblovlar bilan “qayta tarbiyalash” lagerlarida saqlanmoqda. Pekin huquqbuzarlik ro’y berayotganini qat’iyan rad etadi. Qiynoqlarni boshdan kechirgan bir uyg’ur ayol bilan suhbatlashdik.

U farzandlari bilan AQShning Virginiya shtatida yashaydi. Vatanim Xitoyda, deydi u, meni ikki narsa kutayotgan edi: o’lim yoki umrbod qamoq.

“Amerikaga kelib qolaman deb o’ylamagandim. Misrga yetib olsak, o’sha yerda xavfsiz bo’lamiz deb o’ylagandik”, - deydi Mehrigul Tursun.

Mehrigul Shinjon viloyatida, uyg’ur oilada tug’ilgan. Avvaliga televizion reklamalarda modellik qildi, so’ng eksport bilan shug’ullanuvchi Xitoy firmasida ishlab, musulmon mamlakatlarga sayohat qiladigan bo’ldi. Keyinchalik Misrga o’qishga jo’nab ketdi. Turmushga chiqib, farzandli bo’ldi. 2015-yilda onasini ko’rish uchun Xitoyga qaytdi.

“Urumchi aeroportida meni uch bolamdan ajratishdi, og’zimni yopib boshimga xalta kiydirishdi. Qo’limni boylab, lagerga olib ketishdi”, - deydi u.

BMTga ko’ra, qayta tarbiyalash lagerlarida musulmonlarni e’tiqodidan voz kechishga majburlashadi. Xitoy rasmiylari bu yolg’on, deydi.

Mehrigulning hikoya qilishicha, uni ayg’oqchilikda ayblab, qiynoqqa solishgan. Shuningdek, e’tiqodidan voz kechmagani uchun azoblashgan.

Lagerda ruhiy bosim ham o’tkazishadi, deydi suhbatdosh:

“Menga onang ham, otang ham kecha olamdan o’tdi, deb aytishdi. Akang va singling qamoqda, bolalaringdan biri boshi yorilib o’ldi, qizing kasalxonada yotibdi, degan gaplarni aytishdi. Hech qayoqqa borolmaysan, yordam berolmaysan, deb bosim o’tkazishdi”.

Farzandlari kelajagini o’ylab, ayol Xitoy hukumatiga bolalari Misr fuqarolari ekanini, agar biror kor-hol ro’y bergudek bo’lsa, ikki mamlakat o’rtasida diplomatik mojaro kelib chiqishini aytadi.

Farzandlarining fuqaroligi tasdiqlangach, Xitoy hukumati Mehriguldan mamlakatni tark etishni so’ragan. Misr elchixonasi vakillari ayol bilan uchrashganida, unda ham Misr pasporti borligi aniqlangan va shu tariqa Mehrigul qamoqdan ozod etilgan. Keyinchalik ayol Qo’shma Shtatlarga ko’chishga muvaffaq bo’ldi.

“Meni saqlashgan qamoqda ko’plab boshqa ayollar ham bor edi. Ularning ham orzu-umidlari bor, ozod bo’lgandan keyingi rejalarimiz haqida gaplashardik. Men erkinlikda ekanman, ularning ovozi bo’laman, ularning dardini dunyoga aytaman”, - deydi Mehrigul.

Mehrigul Tursun AQSh qonunchilari bilan uchrashib, boshidan o’tganlarini aytib berdi, ulardan uyg’ur xalqiga yordam berishni so’ramoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG