Breaking News

Uyg’ur qiz otasini qamoqdan chiqarish uchun ijtimoiy tarmoqlarni ishga solmoqda


Samira Imin
Samira Imin

AQShning Boston shahrida yashovchi uyg’ur yosh juvon ijtimoiy sahifalar yordamida Xitoydagi qayta o’qitish lagerida ikki yildan beri saqlanayotgan otasi va ko’plab boshqa millatdoshlarining taqdiriga e’tibor qaratmoqda.

27 yashar Samira Imin “Twitter”dagi sahifasida 2017-yilda hibsga olingan 54 yashar otasi Iminjon Seydin haqida ma’lumot uzatib turadi.

Samiraning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, u yaqinda Pekindagi dugonasidan otasining uch yil oldin chop etilgan kitobi uchun 15 yilga qamalgani haqida o’rgandi.

“Otamni avval hibsga olib, ikki yil qayta o’qitish lagerida saqlashdi, endi esa “ekstremizmga gijgijlash” kabi soxta ayblov bilan qamoqqa mahkum etishdi”, - dedi u.

Samiraning aytishicha, otasining arab tilini o’rgatuvchi “Arab tili o’qituvchisi, notiqlik ilmi” deb nomlangan kitobi hukumat ruxsati bilan 2014-yilda chop etilgan.

Professor Seydin 2017-yil o’rtalarida hibsga olinishidan oldin viloyat markazi Urumchidagi Shinjon islom institutida Xitoy tarixidan dars bergan. Bir paytning o’zida u “Imin nashriyoti” shirkatini ham 2012-yildan beri yuritib kelayotgan edi. Bosmaxona til, ta’lim, texnologiya va falsafa mavzularida salkam 50 ta kitobni nashrdan chiqargan.

Samira nazarida, uning otasi liberal va ilg’or mutafakkir bo’lgan va uni qayta o’qitishga hojat bo’lmagan.

“Dadam Xitoyga qarshi hech qachon gapirmagan. Uyg’urlar jamiyatida ilmi ulug’ bo’lgan insonlardan. Uyg’ur tilida “Yuqori samarali insonlarning yettita odati”, “Iroda instinkti” kabi kitoblarga noshirlik qilgan”, - deydi qizi.

Samira Imin Shinjonda ulg’aygan, otasining maslahati bilan AQShga tibbiy ta’lim olish uchun borib, 2014-yilda Amxerst shahridagi Massachusets universitetining biologiya fakultetiga o’qishga kiradi.

Samira vatanda qolgan oilasi bilan Xitoyda ishlatiladigan “Wechat” ilovasi orqali aloqada bo’ladi.

“Shinjon hukumatining qishloqda ishlash majburiy dasturi doirasida otam Xo’tandagi qishloqqa bir yilga safarbar etilgan edi. 2017-yil yozida Urumchiga qaytishi kerak edi, biroq may oyida uni kutilmaganda hibsga olishdi”, - deydi qizi.

Ammo oila otaning hibsga olinganini Samiradan yashirib, uni qishloqda ishlash dasturi bo’yicha qo’shimcha uch yilga qoldirishganini aytishdi.

“Ularga ishondim. Hukumatga ham ishondim. So’ng o’qishim bilan band bo’ldim”, - deydi Samira.

Uning ukasi bilan Urumchida yashayotgan onasi oila boshiga tushgan muammoni hal etishga ojizlik qildi.

Samira Amxerstdagi universitetni 2018-yilda tamomladi. Bitiruvda oilasidan hech kim bo’lmadi. Xitoy hukumati bu paytga qadar ota-onasi va minglab boshqa uyg’urlarning pasportlarini musodara qildi.

“O’qishdan so’ng kasalxonada ishlay boshladim. Har kuni otam haqida o’ylardim. Taqdiridan bexabar edim”, - deydi u.

O’tgan yil noyabr oyida pekinlik dugonasi Iminjon Seydin 15 yilga qamalgani haqida ma’lum qilgach, Samira internetda faollashib, jurnalistlarga intervyular berib, Xitoy hukumatiga bosim qo’yishga harakat qildi.

“Bungacha faol emas edim. Ammo hozir ijtimoiy sahifalarda juda faolman. Otamni ozod etishlarini talab qilyapman”, - deydi u.

Oila a’zolari asossiz qamalgan yuzlab uyg’urlar Samira kabi ijtimoiy sahifalarda faollashgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG