Breaking News

Amerikada o'zbek mobil o'yini ishlandi - "Uchar ketmon"


"Uchar ketmon" mobil o'yini
"Uchar ketmon" mobil o'yini

Yaqinda smartfonlar va planshetlar uchun yangi o’yin chiqdi. Uning mualliflari Amerikada yashayotgan toshkentlik aka-uka. “Uchar ketmon” hozircha O’zbekistonda eng ko’p yuklangan o’yin bo’lib qolmoqda.

Akmalxon Sharipov Amerikaga 2007-yil oxirida kelgan. “Uchar ketmon” Akmalning imtihoni uchun tayyorlangan o’yin edi, deydi unga bu loyihada yordam bergan akasi Abror Sharipov.

“Ukam bir programmadan saboq olib, imtihon uchun programma yasashi kerak edi. Men unga o’zbekona o’yin chiqarishni taklif qildim. Keyin birga maslahatlashib, “Uchar ketmon”ni ustida ish boshladik”.

“Uchar ketmon” o’zbek folklori asosida yaratilgan o’yin.

"Uchar ketmon" mobil o'yini muallifi Akmalxon Sharipov
"Uchar ketmon" mobil o'yini muallifi Akmalxon Sharipov

“Bu o’yindagi personaj, o’zbek chol ketmonga o’tirib, qubbali devorlardan, to’siqlarga urilmasdan sakrab o’tishi va imkon qadar uzoqroqqa borishi kerak. Har bir yiqilganida o’zbek kinolaridan olingan qiziqarli gaplar chiqadi. Odamlarga o’yin juda mansur bo’ldi. Uch kunda “Uchar ketmon” O’zbekistonda Apple o’yinlar do’konida birinchi o’ringa chiqib olib, haligacha peshqadam”, - deydi Akmalxon.

"Uchar ketmon" mobil o'yini mualliflari Akmalxon va Abror Sharipov
"Uchar ketmon" mobil o'yini mualliflari Akmalxon va Abror Sharipov

Applikatsiya bepul bo’lgani uchun uni qisqa vaqt ichida turli mamlakatlardan minglab odamlar o’z telefoni yoki planshetiga ko’chirib oldi. Ko’pchiligi O’zbekistondan. “Uchar ketmon” bu borada respublikadagi applikatsiya bozorida birinchi o’rinda turibdi. Ammo loyihadan tijoriy foyda yo’q, deydi Akmalxon.

“Bu o’yin orqasidan foyda ko’rilmaydi. Maqsad o’zbekcha applikatsiya tayyorlash edi, chunki bungacha yo’q edi”.

Abror Sharipov: “Maqsad chet elliklarga o’zbeklarning folklori, xandasini yetkazish edi. Shu sababdan uni pulli qilmadik”.

Aka-uka o’yinning bunchalik ommaviylashib ketishini kutmagan edi. Avvaliga “Uchar ketmonning” Apple vositalari uchun versiyasi chiqdi. Yaqinda Akmalxon va Abror o’yinni Android vositalari uchun ham moslashtirdi.

"Uchar ketmon" mobil o'yini
"Uchar ketmon" mobil o'yini

“Uchar ketmon” qanchaga tushdi, deya so’rayman muallifdan.

“Mening xarajatlarim asosan o’qish bilan bog’liq. Bundan tashqari o’yinni Apple do’koniga chiqarmoqchi bo’lsangiz, 99 dollar to’lash kerak. “Google Play”ga chiqarish uchun 25 dollar to’lanadi. Agar applikatsiya ommaviylashsa, xarajatlarini qoplaydi. Agar pulim yo’q desangiz, unda o’yinni “Facebook”ka chiqarish kerak".

Akmalxonning aytishicha, bunday o’yinlarni yaratish uchun maxsus bilimga ega bo’lish shart emas. GameSalad, Construct 2 kabi bepul dasturlar tayyor qoliplar yordamida o’yin tayyorlashda qo’l kelishi mumkin. Sohani chuqurroq o’rganmoqchi bo’lganlar esa www.udemy.com kabi onlayn kurslarga yozilishi mumkin.

Yaqinda “Uchar ketmon”ning yangi shakli chiqishi kutilmoqda. O’yinni muntazam ravishda boyitib boramiz, deydi Abror Sharipov.

Smartfon va planshetlarga mo’ljallangan o’yinlar soni dunyo bo’ylab salkam to’rt million atrofida. Ba’zilari o’ta ommabop bo’lib, bepul bo’lishiga qaramay ijodkorlarga reklamadan millionlab dollar tushadi.

Bu soha bemalol tirikchilik qilishga imkon beradi, deydi Akmalxon Sharipov.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG