O'zbekistonda kamida to'rt bloger ijtimoiy tarmoqda diniy mavzudagi sharh yozgani bois qamoqqa olingan. Bu haqda Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi bayonot chiqargan. 6-sentabrda e'lon qilingan bayonotda tashkilot O'zbekiston hukumatini blogerlarni ozod qilishga chaqirgan. Qo'mitaning Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha tadqiqotchisi Gulnoza Saidga ko'ra, blogerlarning ta'qib qilinayotgani O'zbekistonda fikr va so'z erkinligi borasidagi asl holatni aks ettirayapti.
"Biz nihoyatda chuqur xavotirdamiz. Birinchi xabarlar chiqqanidan buyon vaziyatni yaqindan kuzatib borayapmiz. Afsuski, bu O'zbekistondan kelayotgan salbiy xabar. Bizning nazarimizda O'zbekiston hukumati, rasmiylari so'nggi paytlarda xalqaro sahnada ham yaxshi signallarni yuborayotgan edi. Mamlakatda haqiqatan liberalizatsiya bor, konstitutsiyada kafolatlangan erkinliklar hurmat qilinadi degan ma'noda imijini o'zgartirishga harakat qilayotgan edi. Lekin ro'y berayotgan so'nggi hodisalar respublika imijiga katta putur yetkazishi mumkin va yetkazayapti ham. Chunki so'z erkinligi va matbuot erkinligi O'zbekistonda hurmat qilinmayotganidan, kafolatlanmayotganidan bu hodilasar, hibsga olish, qamashlar darak beradi", - deydi mutaxassis.
Gulnoza Saidga ko'ra, tashkilot tekshiruvlari joriy yilning 28-avgustidan 4-sentabrigacha davr davomida O'zbekistonda hibsga olingan olti kishi - Adham Olimov, Ziyovuddin Kabirov, Otabek Usmonov, Miraziz Ahmedov, Dilshodbek Xalilov, Xurshidbek Muhammadroziqovlar ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, "Facebook"da qoldirgan sharhlari ortidan ta'qibga uchraganini ko'rsatgan. O'zbekistonlik ayrim suhbatdoshlar nazarida, aslida bu blogerlarning aksariyati diniy qarashlari bois hibsga olingan.
"Din borasida erkin fikr bildirish ham demokratik jamiyatning muhim tamoyili va muayyan blogerning diniy yoki siyosiy qarashlaridan qat'i nazar agarda u aynan mana shu bildirgan fikrlari sababli ta'qibga uchrayotgan bo'lsa, biz uni himoya qilamiz. Tashkilotimizning tamoyillari, faoliyati shunga asoslangan", - deydi Gulnoza Said.
"U yoki bu blogerning diniy qarashi shaxsan mening diniy yoki boshqa qarashim bilan hamohangmi yoki yo'q bu umuman ahamiyatga ega emas, - deydi Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi vakili.
"Ya'ni ular O'zbekiston sha'riy davlat bo'lishi kerak deb fikr bildirishi ham mumkin. Balki men, siz yoki boshqa kishi bu fikrga qo'shilmasligimiz mumkin, lekin demokratik jamiyatda eng muhimi, siz ham, men ham, boshqa odam ham o'z fikrimizni erkin bildira olishimiz kerak va bu fikrimiz uchun aziyat chekmasligimiz kerak. Mana shunisi muhim".
Nyu-Yorkdagi xalqaro idora mutaxassisiga ko'ra, O'zbekiston hukumati davlatning islom diniga nisbatan yuritayotgan siyosatini tanqid qilganlarga toqatli bo'lishi kerak.
"Umid qilamizki, hibsdagi blogerlar tez orada ozodlikka chiqadi va nafaqat ozodlikka chiqadi, balki o'z faoliyatini davom ettira oladi, ularga sharh qoldirishni davom ettirishga, maqola chiqarishlariga imkon beriladi".
Shuningdek Gulnoza Said terrorizm va jamiyat radikallashuvining oldini olish bahonasida bu kabi tazyiq va qo'rqitish uslubiga murojaat qilish avtoritar hukumatlarga xos ekanligini aytadi. Barqarorlikni istar ekan, O'zbekiston hukumati so'z erkinligini ta'minlashi zarur, deydi u.
"O'zbekiston hukumatiga va rasmiylarga mening tavsiyam – erkin fikrdan qo'rqmaslik, xususan, dinga oid erkin fikrdan qo'rqmaslik kerak. Chunki fikrlar qancha ko'p bo'lsa, pirovardida, vaziyat shuncha barqaror bo'ladi. Zotan, O'zbekistonda buning aksi deb ishoniladi. Rasmiylar ko'p yillar davomida o'ylab keladiki, hukumat qaysi mafkurani targ'ib etsa va o'sha mafkuraning tarafdorlari qancha ko'p bo'lsa, ya'ni bir xil fikrlaydigan odamlar qancha ko'p bo'lsa, o'sha barqarorlik asosi bo'ladi deb ishonadi. Afsuski, bu noto'g'ri. Bunday barqarorlik barqaror tizimga olib kelmaydi. Bu yolg'on barqarorlikdir. Haqiqiy va kuchli tizim ko'pfikrlilik va mubohasa, bahs-munozara mavjud bo'lgan jamiyatda vujudga keladi", - deydi Gulnoza Said.
Facebook Forum