Breaking News

Nyu-Yorkdagi tadbirkor o’zbeklar: mehnat qilgan muvaffaqiyat topadi


AQShda vatandoshlar yuritadigan bizneslar: “Navro’z” do’koni
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:43 0:00

Abdihalil Boboqulov Qo’shma Shtatlarga ko’chib kelganidan olti yil o’tib, o’z biznesini boshlagan. Xususiy biznes yuritishning o’tgan ikki yilini sarhisob qilarkan, tadbirkor bu davr uni muhojirotdagi maqsadi sari yanada yaqinlashtirganiga ishonadi.

O’zbekiston yozuvi ostida pista-bodomdan tortib qora mayizgacha, Samarqand yozuvi pastida qadoqlangan qo’y va mol go’shtigacha, Navro’z do’konida ko’plab mahsulotlarni topsa bo’ladi. Uni 8 yil oldin Bruklinga ko’chib kelgan qashqadaryolik Abdihalil Boboqulov ochgan.

“Shu mahallada 7 yildan beri yashayman. Do’konga har doim kirib turaman. Juda qulay. Boshqalaridan farqi bu yerdagi munosabat va narxlarda, arzonligida. Deyarli hamma narsa bor. Boshqa joyga borishga hojat yo’q. Muhimi, mollari doim yangi keltirilgan bo’ladi”, - deydi xaridorlardan biri Shaban.

“Asosan go’sht mahsulotlarini olishga kelaman. Menga bu yerda sotiladigan go’sht juda ma’qul. Xo’jayinim boshqa joydan keltiraman desalar, yo’q deyman. Go’shtni o’zim ko’rib olib ketaman. Chunki bolalarim namoz o’qiydi. O’zimiz biladigan odamlar qo’lidan go’shtni olish baribir boshqacha”, - deydi yana bir xaridor Zuhro Bagirova.

Abdihalil do’konni ochayotganda shu atrofda yashayotgan va Bruklinning bu qismiga endi ko’chib kelayotgan yurtdoshlari ehtiyojlarini ham albatta inobatga olgan.

“Bu joyni oldin vatandoshlarimiz ishlatgandi. Shundan beri biz bu joyga havas qilardik. Oziq-ovqat mahsulotlarini shu yerdan olardik. O’zimiz iste’mol qiladigan hamma narsa bor edi. Bu atrofda o’zimizning odamlar ko’p. Shularni e’tiborga olib, bu joyni vatandoshlar ishlatgandan keyin do’konni polshaliklar oldi. Ular olgandan keyin ancha vaqt bu do’kon ishlamay bo’sh yotdi. Oradan 2-3 yil o’tdi, qaradikki bo’sh yotibti. O’zimiz, qo’shnilarimiz bir narsa kerak desa uzoqqa borardik. Xullas, shu joyni biz oldik, ikki yildirki ishlatib harakat qilyapmiz har oy o’zgartirish kiritishga”, - deya eslaydi Abdihalil Boboqulov.

Asl kasbi farmasevt Abdihalil Boboqulovning okean ortiga kelib o’rnashishining dastlabki jarayoni so’nggi 10 yilda O’zbekistondan ko’chib kelayotganlarnikidan ko’p farq qilmaydi. U grin karta yutgan, Nyu-Yorkka kelib ishni qurilishdan boshlagan, so’ngra haydovchilik qilgan.

Olti yil o’tib kichik biznesini boshlashi esa uning Amerikadagi orzusiga yetishi sari tashlagan katta qadami bo’lgan.

“Kelajakdagi mening rejalarim faqatgina oziq-ovqat emas, o’zimning soham bo’yicha ham intilib ko’rmoqchiman. O’zimning soham dorushunoslik. Shu sohani ham ko’rmoqchiman, o’rganmoqchiman”, - deydi Boboqulov.

Abdihalilga o’xshab yangi joyda o’z yo’lini topayotganlarga vatandoshlari havas bilan qarashadi. Zero, ularning faoliyatidan chet elda yurgan yurtdoshlarga ham, O’zbekistondagi vatandoshlarga ham naf bor.

“O’zbeklarning mana shu yerga grin karta bilan kelib, mana shunaqa katta-katta joylarni ochib vatandoshlariga yordam berishi, keyin kichikroq bo’lsa-da O’zbekistonga investitsiya kiritayotgani - bu katta narsa. Fikrimcha, mana shunday yigitlarimiz, yoshlarimiz juda qattiq ishlashyapti, o’z talantlarini ko’rsatyapti o’zbeklar”, - deydi samarqandlik otaxon Nizomiddin Sheraliyev.

58 yashar Nizomiddin Sheraliyev 2,5 yil oldin grin karta yutib, Samarqanddan Bruklinga ko’chib kelgan. Pandemiya vaqtida qurilishda ishini yo’qotgan otaxon vatandoshlari yuritayotgan do’konga ishga kirgan.

Darvoqe, pandemiya ortidan ishsizlik avjiga chiqqan bir davrda, yangi yurtda hayotni boshlayotganlar uchun ish qidirib eshik qoqadigan ishxonalar ham asosan vatandoshlar yuritadiganlari hisoblanadi.

Yangi amerikaliklarga kerakli qozonlaru, idish-tovoqlar ham bu yerda bor. O’zbekistonliklar ko’chib kelishda davom etar ekan, Abdihalilga ko’ra, 120 millatga xizmat qilishga tayyor do’konidagi “O’zbekiston” burchagi toraymaydi. Peshtaxtadan esa kechayu-kunduz tandirda yopilgan non kanda bo’lmaydi.

“O’zbeklarimizning birinchi navbatda yeydigan narsasi bu non. Nonni ham non bilan qo’shib yeydi ular. Shuning uchun birinchi qiladigan narsa ularni non bilan ta’minlash. Non bizda hamma vaqt bo’ladi”, - deydi do’kon egasi.

Bruklin bo’ylab “Navro’z” kabi do’konlar soni so’nggi yillarda o’ndan oshgan. Ularning aksariyatida ingliz tilini bilmaydigan, yangi kelgan vatandoshlar ham boshqa immigrant xalqlar qatori ish topishyapti. Xaridorlar esa vatandagi noz-ne’matlarni.

“Hozirgi vaqtda O’zbekistonni sog’inadigan faqat vatan va ota-onalarimiz bo’lsa, shularni sog’inamiz. Oziq-ovqat masalasida hali biror marta, hattoki bolalarim ham quvonishadi, oyijon hamma narsa bor deyishadida. Hamma-hamma narsa bor. Hattoki qurutlargacha mana shu yerdan olib ketamiz. Bolalarim yeb xursand bo’lishadi. Men xursandman bundan”, - deydi samarqandlik Zuhro Bagirova.

Abdihalil Boboqulov a’lo xizmat va xushmuomalaligi orqali Bruklindagi xaridorlar orasida hurmat qozonmoqda.

“Pandemiya davri biz uchun ham, do’kon egasi uchun ham juda murakkab davr bo’ldi. U mahsulotlarni yetkazib turib, xaridorlar va atrofdagilar hurmatiga sazovor bo’ldi. O’ylaymanki, ular ayni vaqtda biznesni yaxshi yuritishyapti”, - deya e’tirof etadi Shaban.

Tadbirkor AQShda kichik biznes sohasida orttirgan ikki yillik tajribasidan shunday xulosa qiladi: maqsad aniq bo’lsa va qattiq mehnat qilsa, bu yerda muvaffaqiyatga erishish tayin.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG