Izmir shahrida o'zbek taomlari sotiladigan yagona tamaddixona bor. Ochilganiga endigina to'qqiz oy bo'lgan bo'lsa-da, Turkiyaning mazkur shahrida yashaydigan markaziy osiyoliklaru rossiyaliklarning qadami uzilmaydigan maskanga aylandi. O'zbek taomlarini sevadigan va sog'ingan, umuman vatanini qo'msagan muhojirlar diydorlashish uchun tez-tez shu yerda yig'ilishadi.
Asosan manti va chuchvara tayyorlanayotgan ushbu mo'jaz tamaddixonani asli samarqandlik Shahnoza Tursunova ochgan, uning Turkiyaga kelin bo'lib tushganiga 15 yil bo'lyapti. Tamaddixona ishida turmush o'rtog'i va uning oilasi Shahnozani qo'llab-quvvatlaydi. Aytish mumkinki, u butun dunyoga taomlari bilan mashhur Turkiyada o'zbekona manti bilan qisqa vaqt ichida o'z o'rnini topa oladi.
“Avvalida kelganlarning hammasi so'rar edi, “o'zbek mantisi qanaqa, nima u?” deb. Rasmlarini qo'ydik, tushuntirdik. Likopchaga solib kimga bersak, kim yesa yoqdi. Biz shu paytgacha manti yemagan ekanmiz, deyishdi. Turk mantisi mayda bo'ladi, go'shti ko'rinmaydi ham, yesangiz faqat xamir yeganday bo'lasiz”, - deydi Shahnoza.
Ayni paytda soni tobora ortayotgan mahalliy xo'randalarning ta’bi albatta e’tiborga olingan: ular yog'li taomlarni unchalik yoqtirishmaydi. Shuning uchun Shahnoza mantiga qo'y yog'ini umuman qo'shmaydi. Tamaddixonaning nomini ham turkchaga moslashtirib “Shehnaz” deb atadi. Xo'randalar bu yerdagi taomlardan mamnun.
“Turk mantisidan farqi shuki, xamiri yupqa, og'ir botmaydi, ta’bimizga mos. Juda yoqadi. Maxsus ziravorlar ishlatishar ekan, ular ham ajoyib. Bu yerga tez-tez kelishga harakat qilaman”, - deydi doimiy mijozlardan biri Sinem.
“Bu yerda o'zbek taomlari pishirilishini eshitib keldik. Xursand bo'ldim, ikki yildan beri shu yerda ishlayman. O'zbek ovqatlarini sog'inamiz. Manti, chuchvaradan tashqari boshqa taomlarni ham pishirishlarini istayman”, - deydi toshkentlik Nodira.
Oilasining qo'llovi bilan Shahnoza Tursunova biznesini yanada kengaytirmoqchi. U Izmirning boshqa hududlarida, hatto boshqa shaharlarda ham ana shunday tamaddixona ochish takliflarini olyapti. Uning aytishicha, o'zbek taomlarini biladiganlar oshni ham, somsani ham so'rashyapti, biroq hozirgi joyi torligi uchun ularni pishirishning iloji yo'q.
Shahnoza tez orada Izmirda o'zbek milliy taomlari restorani ochish niyatida va buning ham uddasidan chiqishiga ishonadi. “Chunki biz azaldan tadbirkor xalqmiz, ishning ko'zini bilamiz”, - deydi u.
Facebook Forum