O’zbekisonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga bo’lib o’tgan saylovlar natijasiga ko’ra, O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi eng ko’p ovoz olgan.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug'bek Abdusalomovga ko’ra, 150 o’rinli quyi palatada O’zLiDep 43 ta, “Milliy tiklanish” 35 ta, “Adolat” 21 ta, XDP 18 ta va Ekologiya partiyasi 11 ta o’rin qozongan.
Mamlakat bo’ylab saylovchilarning 67,8 foizi ovoz bergan. 22 ta saylov okrugida g’oliblar aniqlanmagan, qayta saylovlar o’tkaziladi.
O’zbekistondagi saylovlarni kuzatgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo’yicha byurosi hamda Parlament Assambleyasi mutaxassislariga ko’ra, saylov kuni ayrim joylarda qoidabuzarliklar uchragan, xususan, bir saylovchining bir necha odam uchun ovoz berishi, hujjati yo’q saylovchilarga ovoz berishga yo’l qo’yilgani, ovozlarni hisoblash qoidalaridan chetga chiqish kabi holatlar.
Kuzatuvchilar missiyasining dastlabki hisobotida aytilishicha, nomzodlarga kam pul ajratilgani bois ular saylovchilar bilan yetarlicha tashviqot ishlari olib borolmagan. Hisobotda saylovda qatnashgan barcha besh partiyaning hukumat siyosatiga moyil ekani, haqiqiy muxolifat yo’qligi bois saylovchilarda real tanlov imkoniyati yoq’ligi, mamlakat siyosiy va ijtimoiy hayotida ayollar ishtiroki cheklangani, islohotlarning yuqoridan pastga qaratilgani tilga olinadi.
Facebook Forum