Breaking News

O'zbekistonning Turkiyadagi elchisi muxolifat vakili bilan uchrashdi


Muxolifat vakili Namoz Normo'min (markazda) O'zbekistonning Turkiyadagi elchixonasida, 28-fevral, 2018-yil.
Muxolifat vakili Namoz Normo'min (markazda) O'zbekistonning Turkiyadagi elchixonasida, 28-fevral, 2018-yil.

O’zbekiston elchixonalari xorijdagi o’zbek muxolifati faollari bilan muloqotga kirisha boshlagan. Turkiyadagi elchixonada o’tgan suhbatda muxolifat vakillarining O’zbekistonga qaytish imkoniyati haqida gaplashilgan. Bu O’zbekistonga qaytish maqsadida yurgan muxolifatchilar bilan o’tkazilayotgan dastlabki ochiq muloqot.

O’zbekistonning Turkiyadagi elchisi tomonidan qabul qilingan muxolifat faoli Namoz Normo’minga ko’ra, uchrashuvda vatanga qaytishdan maqsad muxolif harakatni tiklash ekanligi ochiq aytilgan.

Xorijga quvilgan o’zbek muxolifatining vatanga qaytish masalasi mamlakatda siyosiy iliqliklar shabadasi esa boshlaganidan buyon muhokamada qolayotgan mavzu. Ammo hozirgacha bu borada O’zbekiston hukumati tomonidan biror ishora berilmagan edi.

Turkiyadagi elchixonada o’tgan suhbat davomida aynan shu masala - xorijdagi o’zbek muxolifati faollarining vatanga qaytishi muhokama qilingan.

Chorak asr davomida quvg`inda yurgan o’zbek muxolifati dunyoning turli burchaklaridan qo’nim topdi, ayni paytda ularning ko’pchiligi Turkiyada yashaydi.

Istanbuldagi “Turkistonliklar” jamiyati rahbariyatining aksariyati mustaqillikdan so'ng Turkiyada panoh topgan dindor o’zbek faollaridan iborat, Anqaradagi elchixonada aynan shu tashkilot rahbariyati bilan muloqot o’tgan.

“Turkistonliklar” jamiyati raisi o’rinbosari, o’zbek muxolifati faollaridan biri Namoz Normo’minning aytishicha, elchi Alisher A’zamxo’jayev bilan o’tgan suhbatda xorijdagi muhojirlar, shuningdek, muxolifat faollarini O’zbekistonga qaytish imkoniyati haqida gap borgan. U ayni paytda kirish vizasi olish uchun hujjat topshirgan.

“Biz elchixonaga raisimiz Burhon Qovunchi, muovinlar men va Tohir Abdulla bordik. Ikkita maqsad bor edi. Birinchisi muhojirotda yurgan vatandoshlarning qaytishi, ikkinchisi muxolifatchi sifatida O’zbekistonga qaytish imkoniyatlari. Jamiyatimiz a’zolaridan biriga Andijon ichki ishlar boshqarmasi vatanga qaytib kelishi mumkinligi haqida bildirgan. Shu ma’noda jamiyat a’zolarini, shuningdek, shaxsan meni ham muxolifatchi sifatida vatanga qaytishim masalasi muhokama qilindi. Men elchi bilan tanishdim, meni faol muxolifatchi sifatida yaxshi bilishar ekan. Men muxolif faoliyatimni vatanda davom ettirish maqsadida ekanligimni ochiq aytdim, pasportimdan nusxa olishdi, arizangiz qabul qilindi deb aytishdi”, - deydi Normo’min.

Avvalroq, bir guruh o’zbekistonlik ziyolilar Turkiyada yashayotgan o’zbek muxolifati yetakchisi Muhammad Solihning vatanga qaytishiga ijozat berilishini so’rab Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat bilan chiqishgan edi. Ijodkorlar tomonidan yozilgan bu murojaatda mamlakatdagi siyosiy jarayonlarga emas, Muhammad Solihning milliy adabiyotda ulkan iz qoldirgan shoir ekanligiga urg’u beriladi. O’zbekiston xalq yozuvchilari, shoirlari, taniqli adabiyotchilar, jamoatchilik vakillaridan iborat 450 dan oshiq odam imzo chekkan bu murojaat ayni paytda O’zbekiston prezidentiga jo’natilgan, o’rganib chiqilayotgani aytilmoqda.

Mirziyoyev hozirgacha siyosiy islohotlar yuzasidan biror bayonot qilmagan, uning ko’pchilikda umid uyg’otayotgan islohotlari, asosan, sobiq tuzumdan qolgan eski tizimni yangilashdan, iqtisodiyot, moliya sohasini liberallashtirish, ochiq jamiyatga qo’yilgan to’siqlarni nisbatan yumshatishdan iborat bo’lmoqda.

Prezident yetakchiligidagi bu o’zgarishlar mamlakat hamon siyosiy raqobatdan xoli bo’lgan bir vaziyatda kechmoqda, yangi hokimiyatning siyosiy raqobatga munosabati mavhum, mamlakatda muxolif harakatning o’zi mavjud emas.

O’zbekistonning Turkiyadagi elchixonasida o’tgan suhbatni shu ma’noda muxolifat faollari hukumat tomonidan rasman tinglangan dastlabki ochiq muloqot deyish mumkin.

Namoz Normo’minga ko’ra, O’zbekistonda muxolifatning faoliyat boshlashi Shavkat Mirziyoyev islohotlaridagi keskin siyosiy o’zgarish sifatida yuzaga chiqadi.

“Shaxsan men borganimdan so’ng yangi siyosiy harakat boshlash niyatidaman. Ijtimoiy tarmoqlarda “Yangi jamiyat” loyiham bor, buni yoyishga, rasmiylashtirishga harakat qilaman. Asosiy maqsad, O’zbekistonda muxolif siyosatchi sifatida faoliyatni davom ettirish. Agar bunga erishilsa, O’zbekistonni xalqaro maydondagi obro’si keskin ortadi, mamlakatda ochiq jamiyat qaror topganidan, siyosiy raqobat yuzaga kelayotganidan darak bo’ladi”, - deydi Namoz Normo’min.

Ayni paytda O’zbekistonda bir nechta rasmiy siyosiy partiya mavjud, parlament shu rasmiy partiyalar vakillari orasida bo’lingan. Mamlakatdagi turg’unlik davrida asos solingan bu partiyalar jamoatchilikka asosan “cho’ntak” partiyalari sifatida tanilgan, bu partiyalarning o’zlari ham muxoliflikka da’vogar emas.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG