Yaqinda Florida shtatida o’zbek islomiy markazi ochildi. Maskan Al-Buxoriy islom markazi deb ataladi. Imom-xatib va bosh mudarris Ilyosxon Toshxo’jayev diniy ilmlarni avval Qirg’iziston, so’ng Misrning mashhur Al-Azhar universitetida egalladi, arab tilini o‘rgandi, Turkiyada besh yillik madrasani ikki yilda tamomladi.
Ilyosxon Toshxo’jayev AQShga 2014-yilda kelib, Boston va Chikago shaharlaridagi islomiy markaz va maktablarda Qur’on darslaridan ta’lim berdi, imomlik qildi. O’tgan yili Amerika janubidagi Florida shtatiga ko’chib, o’zbek islom markazini ochishni niyat qildi.
Dunyoga mashhur “Disney World” ko’ngilochar bog’lari bilan tanilgan Orlando shahridagi o’zbek jamoasi yordami bilan Al-Buxoriy islom markazi qurilishiga qo’l urdi.
Markaz rasman may oyida ishga tushgan bo’lsa-da, qurilish hali ham davom etmoqda. Yana bir necha oydan so’ng markaz mana bunday ko’rinishga ega bo’lishi kutilmoqda.
Qurilish ishlarida O’zbekistondan kelgan usta Rustam Tojiyev mehnat qilmoqda.
Orlandoda salkam 500 nafar o’zbekistonlik yashaydi. So’nggi Ramazon oyida masjiddan odam arimadi. Nafaqat o’zbeklar, balki boshqa millatga mansub musulmonlar ham har kuni shu yerda iftorlik qildi.
Al-Buxoriy islom markazi Amerika bo’ylab da’vatni o’zbek tilida olib boradigan yagona diniy dargoh desak mubolag’a bo’lmaydi. Imom-xatib Ilyosxon Toshxo’jayevning aytishicha, bu juda muhim, chunki AQShga kelgan barcha musulmonlar ham ingliz tilini hali yaxshi o’zlashtirib olmagan.
Markaz yoz faslida bolalar va qizlar uchun maxsus dastur yuritmoqda. Dasturda qatnashish uchun ba’zilar farzandlarini Orlandoga hatto ming kilometr narida joylashgan Nyu-Yorkdan yuborgan. Markazda darsxonalar, qizlar va bolalar yotoqxonalari, oshxona, sport maydonchasi bor. Darslar va muloqot o’zbek tilida olib boriladi, taomlar ham o’zbekcha.
Islom dinidan ta’lim olayotgan bolalar yozgi ta’tilni unumli o’tkazyapmiz, deydi.
Ota-onalar ham xursand. Dastur nafaqat farzandlarining qarovsiz qolmasligini ta’minlaydi, dinga o’rgatadi, balki o’zbek tilida amaliyot va o’zbekcha tarbiya ham beradi.
Al-Buxoriy markazi haqida eshitgan ayrim o’zbeklar boshqa shtatlardan Orlandoga ko’chib bordi.
Markazning yosh toliblaridan biri bir necha oy oldin Nyu-York shahrida o’tgan Qur’on musobaqasida birinchi o’rinni egalladi.
Ilyosxon Toshxo’jayev O’zbekiston hukumati, diniy idoralari diqqatini Al-Buxoriy islom markaziga qaratishga harakat qilmoqda. Imorat qurilishi bitganidan so’ng o’zbekistonlik ulamolarning ziyorat qilishiga umid qilmoqda.
Facebook Forum