"Amerika Ovozi" ning O’zbekistondagi jamoatchi muxbiri, Malik Mansur taxallusi bilan ishlagan Abdumalik Bobayevga kecha Toshkent shahar prokuraturasi ayblov xulosasi topshirilgan.
Jurnalist dushanba kuni Mirzo Ulug'bek tumani sudiga chaqirilgan. Xulosada Bobayevga Jinoiy kodeksning to’rt moddasi bo’yicha ayblov qo’yilgan. Muxbirimiz O’zbekistonni obro’sizlantiruvchi va milliy g’ururni kamsituvchi ma’lumotni tarqatganlikda ayblanadi.
Akkreditatsiyadan o’tish uchun O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatiga bir necha bor ariza berilgan bo’lsa-da, javob ololmagan Bobayev jurnalistik ayblovlar asossiz ekanini aytmoqda.
“Kecha 29 sentabr kuni menga advokat telefon qilib, ish Mirzo Ulug'bek jinoyat ishlar sudiga oshirilganini, borib ayblov xulosasini olishim mumkinligini aytdi. Kecha borib sud kotibidan ayblov xulosasini oldim. Sud dushanba kuniga, soat 14:30 ga belgilandi. Ungacha advokat yollab, ish bilan tanishib chiqish kerak", - deydi u.
"O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bildirgan e'tirozlar -- akreditatsiya xususida. Men "Amerika Ovozi" bilan hamkorlik qilayotganimga bir necha yil bo'ldi. Shu yillar mobaynida bir necha bor akkreditatsiya so’rab murojaat qildik, lekin biror javob berilgani yo'q. Jurnalist sifatida, "Amerika Ovozi" radiosining hamkori sifatida men yashirin tarzda faoliyat yuritganim yo'q, har doim ochiq ishlaganman”, - deydi Abdumalik Bobayev.
Tergov-surishtiruv jarayonida ham akkreditatsiya bo'yicha bir necha bor murojaat qilinganini, so'nggi bor shu yilning iyul oyida ro’yxatdan o'tkazishni so'rab, O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ariza topshirganini aytgan.
"Nazarimda Tashqi ishlar vazirligi bir necha yildan buyon "Amerika Ovozi" radiosi muxbiri sifatida ishlab kelayotganimdan yaxshi xabardor, men yashirin faoliyat yuritmaganman. Jurnalistik tajribamga tayanib shuni aytishim mumkinki, amaldagi tartibga ko'ra, O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan, berilgan arizaga nisbatan aniq bir javob olguncha faoliyatni davom ettirish mumkin”.
"Shu yilning 27 yanvar kuni men Qozog'istonga chiqib, shu kunning o'zida O'zbekistonga qaytib kelganman. Chiqishim ham, qaytishim ham Mayskiy qishlog’i yaqinidagi bir chegara posti orqali amalga oshgan. Aynan shu kuni O'zbekistondan chiqqanim, Qozog'istonga kirganim va chiqqanim haqidagi muhrlar bor. Qozog’iston chegara postidan chiqib, O'zbekistonga chegara posti orqali o'tganimga ishonchim komil. Buni yaxshi eslayman. Nima sababdan chegarachilar tomonidan pasportimga muhr qo'yilmagani yoki bu narsa kompyuterga ham kiritilmaganini faqat ehtiyotsizlik yoki tasodif deb bilish mumkin. Bu ehtiyotlikda meni ayblash haqiqatga to'g'ri kelmaydi”, - deydi muxbirimiz.
“Ayblovning qolgan qismlariga kelsak, unda mening jurnalistik faoliyatim, tanqidiy chiqishlarim nishonga olingan. Bu borada ekspertiza xulosasini bergan Monitoring markazi mutaxassislari, nazarimda, yanglishadi. O'zbekiston qonunchiligida tanqidiy maqolalar berish, yozish taqiqlanmagan", - deya mulohaza yuritadi Bobayev.
"O'zbekiston prezidentining o'zi jurnalistlarni dadillikka, tanqidiy yondashuvga chaqirib keladi. Maqolalarim bo'yicha ekspertiza xulosasini tan olmaganim ayblov xulosasida ham keltirilgan. Ya’ni bu ayblovlarni umuman rad etishim, maqolalarimda rasmiy manbalardan ham, norasmiy manbalardan ham foydalanganim ko'rsatilgan", - deydi Bobayev.
"Biror muammo haqida maqola qilar ekanman, birinchi navbatda bu boradagi rasmiy manbalarga, xalqaro tashkilotlarning ma'lumotlariga, sharhlovchi va tahlilchilar fikriga tayanganman".
"Hukumatni yoki davlat idoralarini tanqid ostiga olgan sharhlovchi yoki oddiy fuqaro fikriga o'rin berishni haqorat yoki tuhmat qilish deb hisoblamayman. Ayblov xulosasida bu maqolalar hammasi keltirib o'tilgan. Bu maqolalar radioning veb-sahifasida hozir ham turibdi, qiziqqan odamlar ularni o'qib xulosa qilishlari mumkin”, - deydi u.