Breaking News

Millatlarni yarashtirishdek muhim vazifa oldida hatto ziyolilar ojiz ko’rinadi


Bundan 20 yil muqaddam Qirg’izistonda kuzatilgan qirg’inlarni tinchitishda o’zbek-qirg’iz ziyolilari muhim rol o’ynagan.

Marhum yozuvchilar Chingiz Aytmatov va Odil Yoqubov yetakchiligidagi guruh o’zbek-qirg’iz munosabatlarini tiklash uchun qishloq va ovullarni kezib, aholini birdamlikka chaqirishgani ko’pchilikning yodida.

Oradan 20 yil o’tib, yana o’zbeklarga nisbatan qirg’in dahshati bu safar ziyolilarni ojiz qoldirdi. Zulm va zo’rlik qamrovi madaniy-ma’rifiy faoliyatga o’rin ham qoldirmagandek.

Millatlar-aro keskinlashib borayotgan nizoni madaniy, tarixiy aloqalar hisobiga yaxshilash mumkinligiga ishonch yo’qolmoqda.

Qirg’in qurbonlari xotirasi uchun qo’shiq aytgan xonanda Yulduz Usmonova qirg’iz hukumati noroziligiga uchradi. Norasmiy ma’lumotlarga ko’ra o’zbek matbuotida marhum yozuvchi Chingiz Aytmatov nomiga taqiq qo’yilgan.

O'zbegim deb gerdayib yurgan millat qahramonlari nega jim?

Taniqli hofiz Dadaxon Hasanga ko’ra O’sh va Jaloloboddagi etnik qirg’in, zulm va zo’rliklar munosabatlarni tiklashda ziyolilar o’rniga ehtiyoj qoldirmadi.

“Bu vaziyatni ziyolilarimiz ham to’xtata olmaydi, chunki avvalgiga nisbatan juda qattiq, ko’lami keng. Buni istasak, istamasak ham, qirg’izlar o’zbeklarni yomon ko’radi, bu tarixdan ham, bugundan ham ayon bo’ldi. Avval O’sh-O’zgan voqealari bo’lganda Chingiz Aytmatov, Odil Yoqubov, Shukrullo, Pirimqul Qodirovlar borib, O’shdan boshlab do’stlik, birodarlik, bir millat ekanimizni aytib, ularga tushuntirishgan. Shu bilan bosti-bosti bo’lgan edi. Bugun ham ziyoli shoir yozuvchilar o’zicha harakat qilishyapti, she’rlar, qo’shiqlar yozishayapti. Bular hammasi ko’proq internetda, lekin Qirg’izistonga boradigan, har ikki xalq o’rtasida nomi chiqqan yozuvchilarimiz kam. Aytmatov o’tib ketdi, Odil Yoqubov o’tib ketdi”, - deydi hofiz.

Adabiyotshunos olim Botir Norboyevning aytishicha, ayrim ziyolilar har ikki tomondan qirg’inni barataraf etish uchun qo’ldan kelgancha harakat qilishdi. Biroq siyosiy bosim ostida bunday harakatlar juda ojiz ko’rinadi.

“Ziyolilarni o’rni albatta bor. O’zbek ziyolilarini bir qismi ham huquq himoyachilari bilan bir safda turib, turli murojaatlar bilan chiqishdi. Qirg’izistondagi ziyolilar ham, masalan fazogir Solijon Sharipov, Aziza Abdurasulova kabi ziyolilar faol harakat qilishdi. Lekin eng achinarlisi, O’zbekiston qahramoni unvonini olgan, o’zbegim degan she’r yozib kerilib yurgan shoirlarimiz, 60-yillarda isyonkor she’rlar yozib, xalqim seni muzliklarga olib borib tashlasa ham seni deyman deb yurgan akalarimiz bor. Avvalgi voqealarda rahmatli Chingiz Aytmatov, Odil Yoqubovlar O’shga borib, qirg'izlarni tinchitishga yordam berishgan edi. Lekin hozirgi qahramonlarimizni tili bilan dili bir bo’ladigan bo’lsa, hech bo’lmaganda Roza Otunbayevaga murojaat qilib, u yerda o’zbek millati qirilayapti-ku degan savolni qo’yishardi. Hozir esa ularning jim o’tirishi yaxshi emas, sukut alomati rizo degan gap bor. Ko’rsam buni o’zlariga ham aytaman, bu yuragimdagi gap”, - deydi adabiyotshunos olim Botir Norboyev.

Olovga moy sepmagan ma'qul

Shoir Abdulla She’r fikricha, fojea ko’lami bu qadar dahshatli bo’lgan bir paytda ziyolilar tashabbusi vaziyatni yanada chigallashtiradi, degan xavotir bo’lishi mumkin.

“Ziyolilar bu narsani kuzatib o’tirishalari kerak emas edi. Qadimgi udumlarni, aloqalarimizni eslatib turishi kerak edi. Lekin darrov o’ch olishga chaqirish yoki boshqa qilish noto’g’ri bo’lar edi. Chunki bu voqealarni Qirg’izistonni nishonga olib, O’zbekistonni sindirishga qaratilgan narsa deb tushunaman. Hozir bu ikkita mustaqil davlat. Keyin Qirg’izistondagi tartibsizliklar bu safar shu darajada kuchayganki, nazarimda, ziyolilar harakatiga imkon ham yo’q edi. Ikkinchidan, ziyolilar aralashadigan bo’lsa, bu narsa yanada kuchayib ketadimi degan xavf ham yuqoridagilarda bo’lgan bolishi mumkin”, - deydi shoir Abdulla She’r.

O’zbekiston prezidenti Islom Karimov birinchilardan bo’lib Roza Otunbayevani referendum natijasida prezidentilikka saylanishi bilan tabrikladi.

O’zbek jamoatchiligi Qirg’izistonda qonuniy hukumat qaror topishi bilan keskinlik yumshaydi degan umidda edi, lekin bu umid oqlanmadi. O’zbeklarga nisbatan tazyiqlar davom etmoqda. Xunrezlikdan keyin ham davom etayotgan bu bosimlar na rasmiy Bishkekni, nada rasmiy Toshkentni bezovta qilayotgani yo’q.

"Ziyolilarimizga men qoyil emasman"

“Men qirg’izlarga mutlaqo qarshi emasman, lekin ular ichida fashistlik qiladigan kishilar borligi menga alam qiladi. Turkiy millat bo’lib turib, birini biri so’ysa, qirsa, homilador ayolni qornini yorib, go’dagini olib koptok o’rnida tepsa, bu juda og’riqli, chidab bo’lmaydigan darajada. Ziyolilarimizga men qoyil emasman, hech bo’lmaganda “hey nima qilayapsizlar” deb qo’yish kerak. Mana yangi xabarlar chiqayapti: o’zbeklarni qirg’iz kasalxonalarida qabul qilishmayapti, yoki juda yomon munosabatda bo’lishyapti. Shunday paytda O’zbekiston hukumati ham millatga qayishib, yaradorlarni olib kelib davolasa bo’lmaydimi? Qancha kasalxonalarimiz, qancha tibbiyot xodimlarimiz bor. O’sh, Jaloloboddagilarni olib kelib davolash shuncha qiyinmi? Biz oddiy odam bo’lib turib, hukumatdan shuni so’rashimiz kerakmi? So’raymiz ham, davolasa minnatdor ham bo’lamiz”, - deydi Botir Norboyev.

Abdulla She’r qirg’in paytida O’zbekiston tomonidan sovuqqonlik ko’rsatilganini maqsadga muvofiq hisoblaydi.

“O’zbek-qirg’iz qadimdan doim birga yashab kelgan. Lenin Turkistonni bo’lib tashlaganidan keyin, rus mustamlakasi uchun ajoyib bir o’choq paydo bo’ldi, mintaqa xalqlarini bir-biriga qo’shmaydigan. Qirg’iziston voqealarida prezident Karimovni sovuqqonlik bilan munosabatda bo’lgani, aralashmaganini aytish kerak. Chunki bu narsalar bejiz emas - O’zbekistonni chetdan turib urushga tortishga harakat bor. Shu o’rinda Karimovning xizmati kattaligini ta’kidlashim kerak”, - deydi shoir Abdulla She’r.

Aytishlaricha, O'zbekistonda Aytmatov nomiga taqiq qo'yilgan

Bugun O’zbekiston-Qirg’iziston chegaralari yopiq. Siyosiy va jamoatchilik darajasidagi munosabatlar haqida hech qanday ma’lumot yo’q. Ayrim xabarlarga qaraganda, o’zbek matbuotida marhum yozuvchi Chingiz Aytmatov nomiga taqiq qo’yilgan.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov fikricha, bu taqiq qirg’in bilan bog’liq bo’lishi mumkin.

“Jurnalistlar bilan Chingiz Aytmatovni nomi chiqmasin degan ma’lumot yuzasidan gaplashishda shu narsaga amin bo’ldimki, go’yoki O’zbekiston hukumati qirg’iz millatidan xafa, shuning uchun qirg’iz millati timsoliga aylangan Aytmatovni nomini taqiqlagan. Lekin aslida internetda Aytmatov o’z asarlarida qirg’izlardagi vahshiylikka moyillikni yoritgan edi, degan muhokamalar ham ketayapti. Hukumat go’yoki shuning uchun ham Aytmatov nomini taqiqlagan degan qarashlar ham bor”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

Ayni paytda janubdagi vaziyatni o’zbek faollariga, milliy madaniy markazlarga bosim kuchayishi bilan izohlash mumkin. Voqeada o’zbeklarni aybdor ko’rsatish harakati borayotgani ta’kidlanadi.

Xonanda Yulduz Usmonovaning qirg’in qurbonlari xotirasiga bag’ishlab kuylagan qo’shig’i qirg’iz hukumati tomonidan norozilik bilan kutib olindi.

“Yulduz Usmonovani obro’si ko’tarilib ketaveradi. Nimani taqiqilashsa, shu narsaga intilish kuchayadi. Hozir Yulduz Usmonovaga qiziqish kuchaygan. Chingiz Aytmatov masalasida, u dunyo tan olgan adib, lekin u o’lgandan keyin nomini tilga olmaslik haqida gapirishni o’zi dinga ham, diyonatga ham to’g’ri kelmaydi. Aytmatov har qanday taqiqilardan baland turadigan buyuk yozuvchi”, - deydi Botir Norboyev.

Ulug' Turkistonni kimlar sevmaydi...

Hofiz Dadaxon Hasan deydiki, millatlar o’rtasidagi ziddiyat chuqurlashmoqda va unga aslida bu millatlar bitta xalq ekanini anglatish bilan chek qo’yish mumkin.

“Bularni yarashtirish, bitimga keltirish uchun faqat Turkiston g’oyasini tushuntirishimiz kerak. Qirg’izlar o’zbeklarni ko’ra olmasligi sababi - ularda turkistonchilik yo’q. O’z millati turk ekanligini bilmaydi qirg’izlar. Shuning uchun ham, meni nazarimda, adabiyotda, san’atda ham Turkiston g’oyasini olg’a surishimiz kerak. Shundagina ularda bitta yaxlit millat ekanimiz haqida tushuncha shakllanadi”, - deydi Dadaxon Hasan.

Ziyolilar fojiani barataf etishda nafaqat o’zbek-qirg’iz rasmiylari, ikki xalq jamoatchiligi ojiz qolishganidan, balki dunyo hamjamiyati ham bu borada qat’iyat ko’rsatmaganidan keskin norozilar.

BMT nima ish qiladi o'zi? Demokratiya kuychilari qani?

“Bir to’dani to’xtatishga kuchi yetmagan, armatura, temir ko’tarib chiqqan yoshlarga militsiyasi, harbiylari qurol tarqatgan hukumat qanaqa hukumat bo’lishi mumkin? XXI asrda shunday hukumat bo’lishining o’zi juda uyat-ku. BMT qayoqqa qaraydi va umuman nima ish qiladi o’zi BMT? Amerika qayoqqa qaraydi? Hammaga aql o’rgatib, demokratiyaga yordam beraman degan Amerika qani? Hozirgacha bular 50 politsiyachini olib kira olmayapti, 50 politsiyachini! Bu qanaqasi, men tushunmayman, nima qilib o’tiribdi BMT-dagilar?”- deydi Botir Norboyev.

Qirg’izistonda qirg’izlardan keyingi eng yirik jamoa - o’zbeklar. Janubning aksar aholisi tarixan o’zbeklardan iborat bo’lib kelgan. 20 yil avval ham qirg’in natijasida yuzlab odam vatanini tark etishga majbur bo’lgan edi.

Iyun oyida yuz mingdan oshiq o’zbek O’sh va Jaloloboddan qochib, O’zbekistonga o’tdi. Avvaliga qochqinlarga boshpana bergan O’zbekiston hukumati keyinchalik ularni ommaviy tarzda vataniga qaytardi.

Rasmiy Toshkentga ko’ra, qirg’iz rasmiylari qochqinlar xavfsizligi ta’minlanishi haqida kafolat bergan. Qochqinlar qaytgandan keyingi vaziyat esa ta’qib va tazyiqlar to’xtamaganini ko’rsatmoqda.

Oktyabrda Qirg’izistonda parlament saylovlari o’tadi. Saylov yakunlari ortidan vaziyat yana keskinlashishi mumkin degan xavotirlar mavjud.

Bu tahlikalar mamlakatni tark etish istagidagi qochqinlar oqimini ko’paytirmoqda. Vaziyat keskinlashgan taqdirda o’zbek aholiga biror tomondan yordam bo’lishiga ishonch yo’qolgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG