Breaking News

Xorijdagi o'zbek bolalari arosatdagi avlodmi?


Besh yildan beri Istanbulda yashayotgan o'zbekistonlik Fayzulloxon Otaxonov oilasida ham xorijdagi aksar o'zbek oilalarida bo'lgani singari eng ko'p muhokama qilinadigan masalalardan biri bolalarning ona tilini o'rganishidir. U farzandlarining o'zbek tilida to'liq gapirishga qiynalayotganini tashqi muhitning ta'siri bilan bog'laydi.

Xorijdagi o'zbeklar: til muammosi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:42 0:00

"Turkiyaga kelganimizda katta o'g'lim bir yashar edi, hali tili chiqmagandi. Uyda o'zbekcha gaplashamiz, ko'chaga chiqsak, u yerda turkchani eshitadi, televizordan ham turk tilini eshitadi. Ikki tilni birdaniga eshitgani uchun tili chiqishi qiyinroq bo'ldi. Ikki yoshdan keyin chiqa boshladi tili, lekin ikki tildagi so'zlarni aralashtirib gapiradigan bo'ldi, - deydi u.

"Bog'chaga berganimizdan keyin turkchani hatto o'zbekchadan ham yaxshiroq o'rganib oldi, chunki o'rtoqlari - turk, o'qituvchisi - turk, qo'llanmalar turk tilida. Bizga tashvish tushib qoldi: o'zimizning tilimizni unutmasligimiz kerak, bolalar ham unutmasligi kerak. Biz uyda qattiq turib, bolalarga o'zbek tilida gapirgin deb o'rgatyapmiz. Lekin tashqi muhitning ta'siri ko'proq ekan-da".

Davlat yordami zarur

Shetsiyada yashaydigan va ismi oshkor etilishini istamagan bir o'zbekistonlikning "Amerika Ovozi" bilan suhbatda aytishicha, u yerdagi o'zbeklar o'z tashabbuslari bilan bolalarga o'zbek tilini o'rgatishni tashkil qilishgan. Bundan tashqari, mahalliy qonunchilikka muvofiq maktabda ham o'zbek tili darsi o'qitiladi. Shunga qaramay aksar bolalarning asosiy tili shvedcha, dunyoqarashi ham shvedlarga xos.

Ularda vatan sevgisi juda kuchli, oilada va ko'chada o'zbekchada gapirishga e'tibor berishgan. Ular ataylab o'zbek mahallalariga joylashishgan, o'zbeklar bir-biriga yaqin bo'lgan, bordi-keldi qilishgan, bolalari birga katta bo'lgan.


"Bolalar shved tilida fikrlaydigan bo'lib qolgan, chunki ular asosiy vaqtini maktabda o'tkazadi, ma'lumotlarni shved tilida qabul qiladi, o'rtoqlari bilan shvedcha muloqot qiladi, - deya izohlaydi u. - Ba'zi oilalarda hozirdanoq bolalar o'zbekchani umuman unutib yuborgan, faqat shvedcha gapiradi. To'g'ri, hozirgi bolalalar ma'lum darajada o'zbek tilida gaplasha oladi, lekin keyingi avlod ona tilini unutishi ehtimoli katta, chunki uni o'rganishga ehtiyoj sezmay qo'yadi. Bunday bolalar milliy identifikatsiya borasida arosatda qoladi: o'zini shvedman desa, eng avvalo ko'rinishidan shvedga o'xshamaydi. O'zbekman desa, o'zbekchani bilmaydi".

Shuningdek, u xorijda yashaydigan o'zbek bolalari uchun qo'llanmalar, internetda o'zbek tilida qiziqarli kontent va multfilmlar yo'qligini ta'kidlaydi.

Joriy yilning 21-oktabr kuni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmonga imzo chekdi.

Hujjatga muvofiq 2020-2030 yillarda o'zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va davlat dasturi yaratiladi. Unga xorijdagi vatandoshlar va o'zbek tilini o'rganish istagida bo'lgan chet elliklar uchun o'zbek tili darsliklari va elektron dasturlarni ishlab chiqish va ularni keng miqyosda tarqatish, o'zbek tilini o'rgatish bo'yicha maxsus kurslarni tashkil etish masalasi kiritiladi.

Fayzulloxon Otaxonov ham xorijdagi o'zbek bolalarining o'z tilini o'rganishi uchun davlatning yordami zarurligini ta'kidladi.

Lekin biz oddiy talabalarmiz, imkoniyatimiz cheklangan. Markaz ochish uchun joy, o'quv qo'llanmalari kerak.


"Turkiyadagi o'zbekistonliklar sifatida markaz ochishga qaror qildik. Maqsadimiz - bolalarimiz bir-biri bilan tanishsin, birga o'ynasin. Ularga o'z tilimizni, madaniyatimizni o'rgataylik. Bunga ehtiyoj bor, chunki o'zbeklar soni tobora ko'payayapti. Lekin biz oddiy talabalarmiz, imkoniyatimiz cheklangan. Markaz ochish uchun joy, o'quv qo'llanmalari kerak. Shu masalalarni hal qilishimiz zarur. Balki davlatimiz yordam berar, - deydi u. - Kuni kecha O'zbekiston prezidentining til bo'yicha qarori chiqdi. Unda chet eldagi o'zbeklarga til o'rgatish masalasiga ham e'tibor qaratilgan. Juda xursand bo'ldik. Bu qachon amalga oshishini bilmaymiz, lekin tezroq bo'lishidan umidvormiz".

Xorijdagi o'zbeklar bir-biriga yaqin bo'lsin

Psixolog Iroda Oripova xorijdagi oilalarda ona tilini saqlab qolishda oilaning roli kattaligini ta'kidlaydi.

"Bola bilan o'zbekcha gaplashish, unga o'zbekcha videolar qo'yib berish, kitoblar o'qitish kerak. Chunki har qanday til eshitish, ko'rish va o'qish orqali o'rganiladi", - deydi u.

"Avvalambor ota-onaning o'zi ona tilini yaxshi bilishi, oilada boshqa tillarni aralashtirmay, sof o'zbek tilida gapirishi zarur. To'g'ri, bola tashqi muhit ta'sirida boshqa tilni o'rganishi mumkin, lekin oilada faqat o'zbekcha gapiraverish kerak. Chunki bola dunyodagi eng yaxshi taqlidchidir", - deydi psixolog.

Istanbuldagi maktablardan birida ingliz tilidan dars berayotgan Feruza Shokirova ham xorijda yashaydiganlar ona tilini saqlab qolishi mumkinligini aytar va bunda muhitning ahamiyatiga to'xtalar ekan, Turkiyaga ancha yillar oldin ko'chib kelgan o'zbeklarni misol qilib keltirdi.

"O'zbekistondan chiqib ketib, avval Afg'onistonda, keyin Saudiya Arabistonida yashagan, 50-yillarda Turkiyaga kelgan muhojirlarimiz haqiqatan oilada o'zbek tilida gapirishga juda katta e'tibor berishgan. Diqqatimni tortgan jihat shuki, ko'pchiligi Afg'onistonga chiqib, o'sh yerda uylanib, turmush qurgan, bolalari O'zbekistonni ko'rmagan, ular bilan muloqot qilganimda o'zbekchani saqlab qolishganini ko'rdim. Masalan, Shermuhammad qo'rboshining qizi bor Adanada - Saodat aya. Juda chiroyli Marg'ilon shevasida gapirganiga o'zim guvoh bo'ldim. U hech qachon O'zbekistonda bo'lmagan. Men ham tilni qanday saqlab qolishganiga qiziqdim. Ularda vatan sevgisi juda kuchli, oilada va ko'chada o'zbekchada gapirishga e'tibor berishgan. Ular ataylab o'zbek mahallalariga joylashishgan, o'zbeklar bir-biriga yaqin bo'lgan, bordi-keldi qilishgan, bolalari birga katta bo'lgan. Menimcha, biz ham chet elga chiqqanimizda uyda o'zbek tilida gapirishga e'tibor berishimiz, o'zbeklar bir-birimizga yaqin bo'lishimiz kerak", - deydi u.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG