O’zbekiston gazetalari, televideniye va radiolar prezident Islom Karimovning jurnalistlarga 27 iyun, matbuotchilar kunida yo’llagan tabrigini ko’kka ko’tarishda davom etmoqda.
Davlat rahbarining so’zlaridan ilhomlangan jurnalistlar o’z faoliyatlariga tanqidiy ko’z bilan qarashni va’da qilmoqda.
“Ozbekiston Ovozi” gazetasida chiqqan maqolada qayd etilishicha, ommaviy axborot vositalari (OAV) yuzasidan o’nlab mukammal qonunlar qabul qilinganiga qaramay “to’rtinchi hokimyat” degan maqomdan darak yo’q.
Muallif jurnalistlarda prezident ko’p bor ta’kidlayotgan jur’atga ega bo’lish kerakligini eslatadi.
O’zbekiston televideniyesidagi chiqishlarda ham shu singari chaqiriqlar.
Matbuot turli qarashlarni aks ettiruvchi minbar bo’lishi kerak degan gaplar yangramoqda.
Bu minbar, prezident qutlovida ta’kidlangan narsa - internetdagi “yovuz kuchlar”ga - qaratilishi ehtimoldan soqit qilinmaydi.
Televideniyeda bildirilgan mulohazalarda matbuot internetdagi “buzg’unchi kuchlar”ga nisbatan munosib javob berishi lozimligi ta’kidlanadi.
Bu singari chiqishlarda jurnalistlar prezidentning tabrigini yuksak baholab, ishonchni oqlash uchun butun mas’uliyat bilan harakat qilishga so’z bermoqda.
Islom Karimov o’z qutlovida jurnalistlarni o’zining yaqin suyanchiqlari sifatida ta’riflagan edi. Bu ta’rif jurnalistlarni ancha to’lqinlantirgan ko’rinadi.
Lekin mamlakat gazetalari sahifasiga qarasangiz, u yerda chiqayotgan maqolalar hamon bir qolip, bir yondashuvda. Rahbarlar, amaldagi siyosat maqtaladi.
OAVdagi qoliplarni buzishga, o’z huquqini talab qilishga harakat qilib, ishdan haydalgan jurnalistlar, “Yoshlar” telekanalining sobiq xodimlari Saodat Omonova va Malohat Eshonqulova matbuotchilar bayramida ochlik e’lon qilgan edi. Aksiya hamon davom etmoqda.
O’zbekiston prezidenti devoni oldida davlat rahbari qabuliga kirishni so’rab turgan jurnalistlar o’sha kuni militsiya tomonidan olib ketilgan va noqonuniy aksiyada ayblanib 2900000 so'm miqdorida jarima solingan edi.
Ochlikning uchinchi kuni Saodat Omonovaning so’g’ligi juda yomonlashgan. Bu haqda uni tekshirgan shifokorlarning o’zi aytgan.
Ayni paytda “Twitter” aloqa tizimi orqali xabar tarqatayotgan jurnalistlar O’zbekiston prezidenti qabuliga kiritilmaguncha och o’tirmoqchi.
Saodat Omonova va Malohat Eshonqulova O’zbekiston televideniyesidagi senzura, qonunbuzarliklar va mahalliychilikka qarshi turgani uchun ham ishdan haydalganini aytib keladi. Muammolar haqida ular prezidentning o’zi bilan gaplashmoqchi.