Breaking News

Nyu-Yorkda Navro'z nishonlandi


Nyu-Yorkning Bruklin tumanidagi Avraam Linkoln nomli maktabida Navruz bayrami nishonlandi. AQSh tarixida birinchi marta maktab o’quvchilari ishtirokida uyushtirilgan bu tadbir asli o‘zbekistonlik yigit-qizlar tashabbusi bilan ro’yobga chiqdi.

AQSh va O’zbekiston madhiyalari bilan ochilgan marosimda o’zbek o’quvchilarning amerikalik tengdoshlari, maktab o’qituvchilari hamda ota-onalar va boshqalar mehmon bo’ldi. Ular “Andijon polkasi” kabi o’zbek milliy raqslarini tomosha qildi, qo’shiqlardan bahramand bo’ldi, “kelin salom” va “beshik” miniatyuralari orqali milliy urf-odatlar haqida tasavvur hosil qildi. Yuqori sinf o’quvchilari o’zbek xotin-qizlarining rang-barang milliy liboslarini ko’z-ko’z qilish uchun o’ziga hos “defile” uyushtirdi.

“AQSh maktablaridan birinchi bo’lib biz Navro’z bayramini nishonlayapmiz”, - deydi mamnuniyat bilan maktab direktori Ari Hugenbum (Ari A. Hoogenboom).

Bunday tashabbus bilan o’zbekistonlik o’quvchilar chiqqanini aytar ekan u ilgari Navro’z haqida to’la tasavvurga ega bo’lmagan edim, deydi.

“Maktabimizda turli millat va elatlarga mansub yigit-qizlar o’qiydi. Amerika jamiyati qanchalik rang-barang bo’lsa, o’quvchilarimiz ham xuddi shunday – turli madaniyatlar vakillari. Shu bois turli bayramlarni nishonlash biz uchun urfga aylangan. O’quvchilarimiz qiziquvchan, zukko. Yangi bayram yoki an’anana haqida bilimga ega bo’lsa, hursand bo’ladi. Biz, o’qituvchilar ham, oquvchilardan ko’p narsa o’rganamiz. Bugungi bayram hammamiz uchun nihoyatda qiziqarli hodisa. Bundan buyon doim Navro’zni nishonlaymiz, degan umiddaman”, - deydi maktab direktori Ari Hugenbum.

Maktab o’quvchilari orasida o’zbeklar ko’p, deydi direktor muovini Edvard Rubinchuk (Edward Rubinchuk).

“Yildan-yilga maktabimizda O’zbekiston va Tojikistondan kelgan o’quvchilar soni ko’paymoqda. Bu janubiy Bruklinga hos jarayon. Hammasi bo’lib 2500 o’quvchidan taxminan 150-200 nafari o’zbek. Men AQShga yoshligimda Belarusdan kelganman. Navro’z u yerda nishonlanmasdi, lekin men azaldan markaziy osiyoliklar haqida yaxshigina tasavvurga ega edim. O’zbeklar va tojiklar ko’payar ekan, bundan buyon ham Navro’zni, boshqa bayralarni nishonlaymiz, degan umiddaman,” - deydi Rubinchuk.

Bolalarga bunday katta va jiddiy tadbirga tayyorgarlik ko’rishda bosh-qosh bo’lgan o’qituvchi va maktab tashkilotchisi Kelli Richi (Kelly Ritchie) ham bugun hursand. O’quvchilari qattiq mehnat qilganini aytadi.

“O’quvchilar Navro’zni nishonlaylik deb bizga murojaat qilishdi. Biz rozi bo’ldik va pul ajratdik. Yigit-qizlarimiz bilan maslahatlashib, kerakli narsalarni sotib oldik. O’quvchilar juda ko’p ishladi, mehnat qildi. Bayramdan oldin boshqa oq’uvchilarimiz Navro’z haqida to’la tasavvurga ega bo’lmagan, desam adashmasam kerak. Ular bilsin deb hamma uchun tadbirni bepul qildik. Turli elatlarga mansub yigit-qizlar qatnashdi,” - deydi Richi.

Tadbir tashkilchilari va asosiy qatnashilar – qariyb 25 yigit-qiz. 12-sinf o’quvchisi Shahlo Asrorova - ulardan biri. Darslardan keyin qolib bayramga tayyorgarlik ko’rish, uyga borganda esa darslarni hamma qator tayyorlash oson bo’lmaganini tabassum bilan e’tirof etadi.

“Amerikalik tengdoshlarimiz bizning madaniyatimizni bilsin, dedik, biz ham boy tarixga egamiz, shuni ko’rsatmoqchi bo’ldik”, - deydi u.

Sahnadagi chiqishlardan so’ng mehmonlar maktab ovqatxonasiga bayramona dasturxonga taklif etildi.

Somsalaru o’zbekcha non, manti va xalim, palovxon to’ra va, albatta, sumalak – hammasidan bor. Hatto O’zbekiston bayrog’i ko’rinishida bezalgan tort ham.

Gulshoda opaning qizi bu maktab o’quvchisi. Bugungi tadbirda faol qatnashdi. Gulshoda opa ham bundan mamnun.

“Qizim va do’stlari eng qadimgi milliy bayramlarimizdan biri - Navro’zni nishonlashganidan juda hursandman. Bu juda zo’r hodisa, chunki avvalambor ular amerikaliklarga bizning an’ana haqida ma’lumot berdi. Bundan tashqari, Amerikaga yoshligida kelgan farzandlarimiz o’z urf-odatlarini unutib qo’yishi xavfi bor. Agar bahor bayramini bugungidek nishonlab tursak, o’zbekligimizni ham esdan chiqarmaymiz,” - deydi ona.

Tadbirda olingan fotosuratlarni quyidagi galereyada ko’rishingiz mumkin. Suratlarning ayrimlari Nyu-Yorkdagi O’zbek televideniyesi tomonidan olingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG