Breaking News

Bobur Malikov: Muxolifat targ'ibotni kuchaytirishi kerak


O'zbek muxolifati namoyish qilmoqda
O'zbek muxolifati namoyish qilmoqda
26-27aprel kunlari AQShning Sent-Luis shahrida “Birdamlik” harakatining qurultoyi bo’lib o’tadi.

“Birdamlik” harakati o’zini nozo’ravon kurash tarafdori deb biladi va shu yo’l bilan O’zbekistondagi siyosatni o’zgartirishni maqsad qilgan. Ammo O’zbekistonning AQShdagi ilk elchisi Bobur Malikov nazarida Hindistonda Maxatma Gandining xorijiy bosqinchiga qarshi qo’llagan kurash usuli, ta’limoti Karimov rejimini ag’darishda ish bermaydi.

"Gandi bu harakatni mustamlakachi Britaniyaga qarshi ishlatgan. Maqsad joriy hukumatni ag'darish emas edi. Gandi butun xalqni ko'tarish uchun bir yil emas, ikki yil emas, 25-30 yil vaqt sarfladi".

O’zbekistonda adliya vaziri lavozimida ishlab, so’ng Amerikada elchi bo’lgan Bobur Malikov 20 yildan beri AQShda yashaydi. U o’zbek muxolifatiga ko’p yordami tekkan inson, “Ozod dehqonlar” partiyasiga asos solishda muhim rol o’ynagan. Bugun sobiq diplomat siyosiy jarayonlarni asosan kuzatib, tahlil qiladi.

Bobur Malikovning aytishicha, o’zbek muxolifati Sovet davridan keyin ulg’aygan avlod bilan ishni to’g’ri yo’lga sola bilishi kerak.

"Eng asosiy narsa bu targ'ibot. Hukumat mustaqillikdan keyingi 23 yil davrida yoshlarning miyasini tozalab, yuvib chiqdi. Hozirgi yoshlar oldingi hayotni bilmaydi, oldingi holatni bilmaydi. O'tmish eng xunuk, qora ranglarda ko'rsatildi. Muxolifat hukumatning hozirgi siyosati kelajakda natija bermasligini tushuntirishi kerak. Rossiya-Ukraina ixtilofini olaylik. U tomon ham, bu tomon ham targ'ibotni
ishlatyapti".
Sobiq o'zbek elchisi muxolifatning bugungi kuni haqida
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:13 0:00
Yuklab oling

Sobiq elchining aytishicha, muxolifat muvaffaqiyatga erishishi uchun mamlakat ichkarisida ish olib borishi lozim. Ayni damda “Birlik” xalq harakatining rahbari Abdurahim Po’latov Vashingtonda, “Birdamlik” harakati faollari AQShning Missuri shtatida, Muhammad Solih yetakchiligidagi O’zbekiston xalq harakati Yevropadan turib, faoliyat yuritadi.

"Muxolifat O'zbekistonda faol ish olib borishi, atrofiga odamlarni to'plashi, holatni tushuntirishi kerak. "O'zbekistonda o'rtacha maosh 200 dollar atrofida bo'lsa, bunga yashab bo'ladimi? Qozog'istonda o'rtacha maosh 700 dollar ekan. Nega qozoqlar bizdan uch-uch yarim baravar boy yashaydi? Nega shunday bo'ldi? Qanday qilib mana shu 200 dollarlik holatga tushib qoldik? Tushib qolmadik, boshidan shunday bo'ldi. Bunga nima sabab bo'ldi?" deb tushuntirish kerak. Iqtisodda, siyosatda ahvolni ko'rsatish lozim".

Bobur Malikovning aytishicha, muxolifat asosan ijodiy ziyolilardan iborat bo’lib, so’nggi 23 yilda o’z safiga sobiq rasmiylar va malakali mutaxassislarni jalb eta olmadi.

"Bir vaqtlar muxolifat yozuvchilar, shoirlardan tashkil bo'lgan edi. Ular o'zbek xalqiga o'zbek tilining qadrini tushuntirib berdi, ammo atrofiga iqtisodchi, siyosatchi, yuristlarni to'plamagan. Ular hozir boshi berk ko'chaga kirib qolganday bo'lyapti. O'zbekistondan chiqib ketganimdan so'ng yana besh kishi chetga chiqishi mumkin edi. Ubaydulla Abdurazzoqov, Bo'ri Allamurodov shular jumlasidan. Ular xorijda tashkilot tashkil qilib, ish olib boradi deb o'ylaganimda, gap shundaki, ularning shaxsiy mulki ustuvorlik qildi. Shaxsiy mulkidan kecha olmadi va O'zbekistonda qolib ketdi. Oqibatda hamma narsani yo'qotishdi, siyosiy sahnadan ham chiqib ketishdi".

AQSh hukumati o’zbek muxolifatini ilk yillarda yaqindan dastaklagan, ammo so’nggi paytlarda hamkorlik yo’q. Buning sababi nimada, deb so’raymiz sobiq elchidan.
Bobur Malikov, O'zbekistonning AQShdagi birinchi elchisi va oilasi. 1990-yillarning boshi. O'sha paytdagi AQSh prezidenti Bill Klinton bilan birga
Bobur Malikov, O'zbekistonning AQShdagi birinchi elchisi va oilasi. 1990-yillarning boshi. O'sha paytdagi AQSh prezidenti Bill Klinton bilan birga
"Amerika juda faol yordam bergan. Ammo kimga ular yordam berdi? Grant beruvchi tashkilotlarda o'tirganlar kimni tanladi? Palonchi ko'zga ko'rindimi, yugurib, unga grant berdi. Hozir tekshirsangiz, bu grantlarning qayerga ketgani ma'lum. Cho'ntaklariga urib, hech narsa qilishmadi".

Bobur Malikov yaqin bir-bir yarim yilda O’zbekiston siyosatida kutilayotgan o’zgarishlarga ham o’z munosabatini bildirdi.

"Prezident saylovlaridan umidim katta. Hozir O'zbekistonda g'alati voqealar bo'layapti. Odamlar "yillar o'tyapti, yosh o'tyapti, hech qanday natija yo'q, bu odam O'zbekistonning badaniga kanadek osilib olgan, undan qutulmasak bo'lmaydi" degan xulosaga kelgan bo'lishi ham kerak. Gulnoraning boshini ustida bo'layotgan g'alvalarni ko'ring. Buning orqasida albatta bir gap bor".
  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG