Kunlar isib, oftob mayin qizdirib turgan, tabiat yashilga burkangan bir pallada Amerikada dam olish kunlarini hamma har xil o’tkazadi. Kimdir sport o’yinlarida ishtirok etsa, kimdir sayohat qiladi, yana kimdir katta davrada to’planib gurung qiladi. O’tgan yakshanba kuni Virjiniya shtatidagi bir bog’da o’zbeklar jamoasi jamul-jam bo’ldi.
Vashington atrofidagi o’zbeklarning yillik piknigi. Tabiat qo’ynida yaxshi tanovul qilib, hordiq chiqarish imkoni edi bu.
Virjiniya shtatining Lorton shahridagi yam-yashil Meyson Nek bog’ida quyuq, gurkiragan o’rmonzorda bahaybat emanlar, ignabargli daraxtlar va gullarni tomosha qilib, baxmalday o’t-o’landa yastanish mumkin.
Bolalarning qiy-chuvi bilan qushlarning sayrashini tinglab dam olasiz. Darvoqe, parkda velosiped haydash, baliq tutish, qulay poyabzal kiyib olib, soatlab sayr qilish va atrofga shunchaki termulib o’tirish maroqli.
Amerikada uzoq yillar yashab qolgan o’zbek oilalari farzandlari, o’smir yigit-qizlar turnaqator bo’lib so’qmoqdan atrofiga kungaboqar ekib chiqilgan ko’l yoqalab yurib ketishdi.
Sal narida katta qozonda mashhur o’zgan devzira guruchidan osh damlanayapti. Guruchni kuni kecha Qirg’izistondan keltirgan To’lqin ismli yigitni suhbatga tortamiz.
“Amerikaga kecha keldim. Hozir Qirg’izistonda yarim tun, rosa uyqim kelayapti. Lekin piknik yaxshi o’tayapti, odamlar bilan gaplashib, tanishib, yangi tanishlar orttirib, shu uyquni ham sedan chiqarib qo’ydim. Kelganimga yarim soatlarcha bo’lib qoldi, besh-olti odam bilan tanishdim, xolos. Asosan, o’choqning oldidaman. Osh mening qo’limda, desam to’g’ri bo’lmasa kerak, oshpaz akaning qo’lida, lekin yordam berayapman”.
Avvaliga gapirishdan uyalib turgan, stolga mazali, ta’mi og’izda qoladigan somsa, pishiriqlar tortgan qiz-ayollar ham bir payt mikrofonni dast ushladi.
“Assalomu alaykum. Mening ismim Shaxnozaxon, Farg’onadan kelganman. Sakkiz yil bo’lib qoldi. Har yili kelaman, yangi yuzlar, ancha o’zbeklar ko’payibdi. Hozir o’zim MBA (Master of business administration, biznes boshqaruv bobida magistrlik) o’qiyapman, health administration (sog’liqni saqlash sohasi boshqaruvi) yo’nalishida”.
“Biz Toshkentdanmiz. Amerikaga kelganimizga 11 yil bo’ldi”, - deydi o’zini Sevara deb tanishtirgan suhbatdosh. “Oilam bilan. To’rt yil oldin Oxayodan Virjiniyaga ko’chib keldik. Amerika hamma yoqadi, albatta, qiyinchiligi, oson taraflari ham bo’ladi. Hamma yoqayotgan ekanki, shu yerda yurishibdi. Boshqa tomondan, bir yilda bir bor uchrashib, o’zligimizni yo’qotmaslikka harakat qilib, milliy taomlar, urf-odatlarimizni unutmaslikka harakat qilib yuribmiz. Bizdan keyin bolalarimizga meros bo’lib qolsin”.
“Ishlasa, o’qisa, hamma narsaga erishsa bo’ladi”, - deydi Shaxnoza. “Yurtni ko’rdim, Yevropalarga bordim Amerika orqali, ko’p yutuqlarga erishdim. Albatta, vatan sog’inchi odamni siqadi. Qiyin”.
“Ismim Mavluda. Nyu-York shtatidan keldik. Olti soat transportda yurib, vatandoshlarni ko’ramiz, deb. Xursand bo’lib, gaplashib o’tiramiz, deb. To’rt kishimiz. Bugun qaytib ketamiz Nyu-Yorkka. O’zimning birinchi bor kelishib bu piknikka. O’zbekistonda ham, Amerikada ham farzandlarim bor, borib-kelib yashayapmiz. Judayam xursand bo’ldim, ayniqsa, o’zimizning millatdoshlarni, vatandoshlarni ko’rib”.
“Muqaddam ismim. Taqdir taqozosi bilan O’zbekistondan Amerikaga kelib yuribmiz. Toshkentdan yaqinda keldim o’zi. Universitetda ishlaganman, pedagogman. Endi birinchi marta qatnashishim bu yig’inda. Xo’jayinim, qizim bilan kelganmiz. Baribir o’z yurtdoshlarni ko’rib, odamning ko’ngli tog’day ko’tarilar ekan. Toshkentga borib, odamlarni ko’rib, ko’nglim joyiga tushgan edi, sog’ingan edim. Olti oy kamlik qildi O’zbekistonga borganimda. Lekin oqqan daryo. Baribir dunyo ko’rgan boshqa”.
Qo’rani kavlab, kabobni yelpib-yelpib turgan, to’p-to’p bo’lib yig’ilgan yigitlar “biz ham gapiramiz” deb qoldi.
“Salohiddin ismim. Baltimordanman (Baltimor shahri, Merilend shtati). Juda chiroyli anjuman deydimi, yig’ilish deydimi. Chiroyli o’tayapti hammasi. O’tgan yili ham mana shunday paytda tashkil qilingan edi, kelgandik. Unda ham chiroyli, o’ziga yarasha o’tgan edi. Bu safar ham o’zgarish katta. O’zbeklar ko’p o’tgan safarga qaraganda. Yetti yil bo’ldi kelganimga. Har yili borib-kelib turamiz. Bugun ko’pchilik bo’lib keldik, mana shu hamma yigitlar Baltimordan. Ishlaymiz, o’qishlar bitgan. O’zimizning milliy taomlar, somsa, osh, shashlik tortildi dasturxonga bugun. Bizning qo’limiz shahlikka tegdi. Somsalarni ayollar olib kelishdi. Shunaqa yig'inlardan ko'p-ko'p uyushtirib turishsin”, - deydi Salohiddin.