(Lavhaning to'liq ko'rinishini audio fayl orqali tinglang)
Amerikada yana o’zbeklar sayli bo’lib o’tdi. Bu safar Pensilvaniya shtatida Ramazon hayiti qutlandi. "Amerika Ovozi" tadbirda qatnashib, o’zbeklarning bu mamlakatdagi hayoti, muammolari, mashg’ulotlari bilan qiziqdi.
Filadelfiya shahri tevaragida o’yin-kulgu - o’zbeklar sayli. Tashkilotchi - yaqinda tuzilgan “Yurtdosh” jamiyati. Uning raisi Sharofiddin Ziyomov hayajonda - hammaning sayildan ko’ngli to’lishini istaydi. U tadbirni o'tkazishda katta yordam bergan "Netcost" do'koniga minnatdorchilik bildiradi.
Filadelfiyada o’zbeklar ko’paygani sari jamiyat tashkil qilishga ehtiyoj tug’ildi, deydi “Yurtdosh”ning faol a’zolaridan biri Lutfullo Sa’dullayev.
“Yurtdosh”ning paydo bo’lishiga Nyu-Yorkda asoslangan “Vatandosh” jamiyati sababchi. "Vatandosh" raisi Farhod Sultonovning aytishicha, "Yurtdosh" a'zolari juda faol ish olib bormoqda.
O’zbeklarning hech bir tadbiri palovsiz o’tmaydi. Amerikada ko’plarni qiynayotgan savol - oshni qaysi guruchdan tayyorlagan yaxshi? Bu savol bilan Sunnatilla Hojiga murojaat qildik.
Sayilga kelganlarning aksariyati Pensilvaniya shtatidan. Santa-Fe shahridagi hunarmandlar ko'rgazmasiga O'zbekistondan kelgan usta Javlon Qosimov yig'in haqida tasodifan o'rganganini aytadi.
Amerikadagi o’zbeklar farzand tarbiyasiga ko’z-quloq bo’lish kerak, deydi. Aks holda o’zbekchilik esdan chiqadi.
Mahalliy tadbirkor Ulug’bek G’aniyevning aytishicha, Amerikada biznes bilan shug’ullanish uchun qulay sharoitlar mavjud.
“Yurtdosh” jamiyati madaniy tadbirlar doirasida O’zbekistondan xonandalarni ham taklif etishni ko’zlamoqda. Ammo nyu-yorklik san’atkor Amir Muslimovning aytishicha, Amerikada konsert uyushtirish oson emas.