Breaking News

Mirziyoyevning Rossiya safariga qanday baho berasiz?


O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga safarini o'ta muvaffaqiyatli baholadi. Tomonlar 50 dan ortiq hujjat imzolagan - aksariyati ta'lim, ilmiy va madaniy sohalardagi hamkorlikni ifoda etadi.

Savdo va iqtisodiy hamkorlikka doir shartnomalar 3,5 milliard dollar, sarmoya yotqizish ko'zlanayotgan loyihalar qiymati esa 12 milliard dollardan ziyod.

Strategik sheriklik va ittifoqchilik yangi bosqichga ko'tarildi.

Siyosat va iqtisod

Markaziy Osiyo bo'yicha rossiyalik ekspert Arkadiy Dubnovga ko'ra, Mirziyoyevning tashrifi kutilganidan ortiq yangilik qilgani yo'q.

“Toshkent va Moskvaning yangi aloqalari qanday bo'lishini belgilash bilan bu tashrif muhim, ammo unda biror sensatsion yangilik yo'q. Hammasi Mirziyoyevning birinchi tashrifi Rossiyaga bo'lmasligi ayonlashgach qanday kutilgan bo'lsa, shunday o'tdi. Toshkent mintaqadagi asosiy o'yinchilar Rossiya, Xitoy va AQShdan ham ma'lum masofada turib, o'zining mustaqil siyosatini davom ettirish niyatida. Tashrif asosan iqtisodga qaratildi. Har holda tashqi siyosiy yo'nalishlarda o'zgarish bo'lishini anglatuvchi biror ishora berilgani yo'q”, - deydi Dubnov.

Tashrif muvaffaqiyati iqtisodiy hamkorlik va sarmoya kelishuvlari bilan o'lchanmoqda. Bu sarmoyalar asosan O'zbekistonning energetik zaxiralariga qaratilgan.

“Matbuotda berilgan yirik raqamlar kelajakni, sarmoya yotqizish maqsadlarini ifodalaydi. Shuning uchun ham Rossiya va O'zbekiston o'rtasidagi iqtisodiy ko'rsatkichlar keskin oshadi, deb o'ylashga hali erta. Ta'bir joiz bo'lsa, bu ko'proq shunday rejalar borligi haqidagi deklaratsiya. Ammo tendensiya borligining o'zi muhim, ayniqsa gaz bo'yicha erishilgan kelishuvlar energetik zaxiralarini o'zlashtirish masalasida Gazprom O'zbekistonning asosiy hamkori bo'lib qolayotganini ko'rsatadi", - deydi Dubnov.

Diplomatik protokol

Mirziyoyevning Moskvaga safari diplomatik qoidalar yuzasidan turli munozaralarga sabab bo'ldi. Tashrif maqomini qabul qilayotgan tomon belgilaydi. Mirziyoyevni aeroportda Bosh vazir Dmitriy Medvedev kutib olishi kerak edi, ammo u Rossiya iqtisod vaziri va tashqi ishlar o'rinbosari tomonidan kutib olindi. Bu ijtimoiy tarmoqda ham, tashrifni kuzatgan faollarda ham norozilik uyg'otgan.

Moskvada faoliyat yuritib kelayotgan huquq himoyachisi Bahrom Hamroyevga ko'ra, Mirziyoyevning bu tariqa kutib olinishini mehnat muhojirlari ham muhokama qilishmoqda.

“Buni aytish kerak, Karimov qanchalik zolim, diktator bo'lsa ham, bunga yo'l qo'ymas edi. Bu nima degani, davlat tashrifi bilan kelgan prezidentni hech kim tanimaydigan bir vazir kutib olsa? Buni hozir ko'cha supirib yurgan farroshlar ham gapirishayapti. Bilmadim, Mirziyoyevni boshqaruvi qanaqa, lekin buning uchun tashqi ishlar vaziri javob berishi kerak. Butun dunyo ko'rdi bu ahvolni. Har holda O'zbekiston Rossiyani vassali emas”, - deydi Hamroyev.

Tomonlar diplomatik protokol yuzasidan izoh berishmagan.

Mehnat muhojirlari

Davlat tashrifi 3-aprel kuni Sankt-Peterburgda sodir etilgan portlashlar ortidan amalga oshdi. Terrorchilik harakati sifatida qayd etilgan bu xurujda kelib chiqishi o'shlik o'zbeklardan bo'lgan Akbarjon Jalilov ayblanmoqda.

Ayblov ortidan Rossiya huquq-tartibot organlari ekstremizmda gumonlanayotgan mehnat muhojirlaridan iborat yangi jinoiy guruh qo'lga olinganini bildirdi. Mehnat muhojirlariga nisbatan Rossiyada mavjud norozilik kayfiyati yanada kuchaygan ko'rinadi.

Mirziyoyevning tashrifi davomida hukumatlar o'rtasida mehnat muhojirlariga oid bitim imzolangan. Bu hujjat o'zbekistonliklarni vaqtinchalik ishga uyushgan holda yollashni nazarda tutadi.

Bahrom Hamroyev fikricha, tafsilotlari noaniq qolayotgan bu bitim Rossiya jamoatchiligida kuzatilayotgan norozilik fonida biror ahamiyat kasb etmaydi.

“Portlashdan keyin jamoatchilikda go'yoki IGIL (Islomiy davlat) armiyasi Rossiyada faoliyat qilayotgandek fikr yaratildi, bu noto'g'ri. Rossiya hukumati o'zini ham, jamoatchilikni ham aldayotganga o'xshaydi. Musulmonlar dastlabki kundan o'zlariga nisbatan qatag'onlar boshlanishi haqida yozishdi, odamlar uch kunlab uyidan chiqmadi, metroda yurishmadi. Meni o'zimni metroda ushlab tekshirishdi, portfelimni ochmoqchi bo'lishdi, ruxsat bermadim. Albatta, bu mudhish voqea, musulmonlar uchun ham, boshqalar uchun ham. Buni o'zbeklarga yoyishmoqda, lekin bunga ishonish qiyin. Taxminga to'xtalmaymiz hozir, ammo bu portlashdan foydalanayotgan tomonlar juda ko'p”, - deydi u.

O'zbekiston prezidenti 4-5 aprel kunlari Rossiyada bo'ldi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG