Shavkat Mirziyoyevning AQShga ilk rasmiy safari yakunlandi. Kecha O’zbekiston prezidenti Jahon bankida bo’lib, uning rahbari Jim Yon Kim bilan 940 million dollarlik kredit shartnomalarini imzoladi.
Mirziyoyevning bankka tashrifi chog’ida matbuotda yoritilmagan bir voqeani bayon qilmoqchimiz. O’zbekiston rahbarinining Jahon bankiga tashrifini yoritish uchun u yerga borganimizda, prezidentni qarshilash uchun to’plangan Jahon banki hamda unga aloqador moliyaviy tashkilotlarda ishlovchi bir guruh o’zbekistonliklarga ko’zimimiz tushdi. Qizlarning bir qismi o’zbek milliy liboslarida edi.
Bir necha daqiqadan so’ng Mirziyoyev Jahon bankiga kirib keldi va o’zbekistonlik mutaxassislar uni qarsaklar bilan qarshilab, diqqatini o’zlariga tortishdi. Shunda Mirziyoyev to’g’ri ularning oldiga yo’l olib, birinchi bo’lib Nodir Zokirov bilan qo’l berib ko’rishdi. Mirziyoyev o’tgan yili Nyu-Yorkka kelganida AQShda yashovchi 16 nafar o’zbekistonlik mutaxassislar bilan uchrashgan edi va ulardan biri Nodir bo’lgan.
Prezident Mirziyoyev ichkarida Jahon banki rahbari bilan muzokara qilayotgan payt bankka uning rafiqasi Ziroatxon Hoshimova ham kirib keldi. Qarsak chalgan o’zbekistonliklarni ko’rib, avval hayron bo’ldi, so’ng ularni olqishladi.
Ziroatxon Hoshimova bir necha daqiqadan so’ng yana qarsaklar sadosi ostida bankdan vatandoshlariga “rahmat” deb, chiqib ketdi. O’zbekiston birinchi xonimining Vashingtonda qanday vaqt o’tkazgani haqida biror ma’lumot yo’q.
So’ng Prezident Mirziyoyev muzokaradan chiqib, uni hamon kutib turgan o’zbekistonliklar tomon yo’l oldi va hamma bilan birga suratga tushdi.
Facebook Forum