Breaking News

Mirziyoyev Trampga: Islohotlardan chekinish yo'q


Oq uy, 16-may, 2018
Oq uy, 16-may, 2018

O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga ilk rasmiy tashrifi chog’ida salkam 5 milliard dollarga teng 20 dan ortiq hujjat imzolandi. Har ikki tomon bugungi aloqalarni strategik deb atamoqda. Mirziyoyev bungacha AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan ikki bor qisqa vaqtga uchrashgan edi – Riyodda va Nyu-Yorkda. Bu gal ikki rahbar va ikki mamlakat delegatsiyalari Oq uyda ko’proq muloqot qilish imkoniyatiga ega bo’ldi.

Trampning aytishicha, Qo’shma Shtatlar O’zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy daxlsizligini doim qo’llab-quvvatlab kelgan va bundan keyin ham shunday bo’ladi. Amerika rahbariga ko’ra, Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida O’zbekistonda muhim siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirilmoqda.

Mirziyoyev ushbu islohotlardan ortga chekinish bo’lmaydi deya Trampni ishontirdi. O'zbekiston rahbari samarali davlat boshqaruvi, adliya tizimidagi islohotlar, qonun ustuvorligi, iqtisodiy liberalizatsiya, ijtimoiy taraqqiyot, ochiq va konstruktiv tashqi siyosatni ta’minlovchi besh yillik harakat strategiyasi haqida Trampga ma’lumot berdi.

Mirziyoyev Trampning Janubiy Osiyo bo’yicha strategiyasini ma’qullab, O’zbekistonning ikki tomonlama hamkorlik, regional xavfsizlik bobidagi tashabbuslarini muhokama qildi.

Tramp O’zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan siyosatini olqishlab, C5+1 shaklidagi muloqot orqali hamkorlik va taraqqiyot bobidagi harakatlarini qo’llab-quvvatlashini bildirdi.

Qo’shma Shtatlar 2001-yildan beri Afg’onistonda harbiy harakatlar olib borarkan, Tramp O’zbekistonning qo’shni davlat barqarorligi yo’lidagi tashabbuslarini yuqori baholadi hamda Afg’onistonda temir yo’l va infratuzilmani yaratishga qaratilgan loyihalarda siyosiy madad va rejalashda konsultativ yordam va’da qildi.

Ikki rahbar mudofaa bobida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi. Prezident Mirziyoyev AQSh askarlari, harbiy texnikasi va ta’minot anjomlarining Afg’onistonga o’tishini ta’minlovchi Shimoliy ta’minot tizimi bo’yicha hamkorlik to’xtamasligini aytdi.

Trampning aytishicha, O’zbekiston bilan imzolangan savdo bitimlari Amerikada 10 mingdan ziyod odamni ish bilan ta’minlash imkonini beradi.

Mirziyoyev O’zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo’lmoqchi ekanini ma’lim qildi, Tramp bu borada texnik ko’mak va’da qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG