Turkiya universitetlarida tahsil olayotgan o'zbekistonlik doktorantura talabalari “Ikki qardosh davlat: Turkiya - O‘zbekiston va ularning kelgusi munosabatlarida mening o‘rnim” mavzusida ilmiy anjuman tashkillashtirishdi. Bu tashabbusni O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi qo‘llab-quvvatladi, Konya shahridagi
Saljuq universiteti va Saljuq tumani hokimiyati mezbonlikni o‘z zimmasiga oldi.
O‘zbekistonlik yosh olimlar turk tili va adabiyoti, tarix, falsafa, siyosat, sohalararo tadqiqotlar mavzusida chiqishlar qilishdi, olib borayotgan ilmiy izlanishlari haqida ma’lumot berishdi, O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarini rivojlantirish borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi.
“Oxirgi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar iliqlashib rivojlanib borishi, talabalarning soni ortib borishi bilan O‘zbekiston Yoshlar umumjahon uyushmasining Turkiyadagi vakilligi tuzildi. Biz Turkiyada o‘qiyotgan talabalar, xususan, ilmiy tadqiqot, ilmiy izlanishlar olib borayotgan doktorant talabalarimiz bilan uchrashib, nima qilsak bo‘ladi degan maqsadda uch oy oldin maslahatlashgan edik. Kun davomida panellarni eshitib, tingladik. Haqiqatan olib borayotgan ilmiy izlanishlari O‘zbekistongina emas, butun dunyoda ilm-fanga hissa qo‘shishiga amin bo‘lyapmiz”, - deydi O‘zbekiston Yoshlar umumjahon uyushmasining Turkiyadagi vakili Ergash Jumayev.
Toshkentlik Gulzoda Mahmudjonova Turkiyaning eng nufuzli oliy ta’lim dargohlaridan biri - Anqaradagi Hojattepa universitetida “Rasmli tarix an’anasining bir namunasi - Hofiz Abrorning “Kulliyoti tarix” asari” mavzusida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Gulzoda temuriylar davriga oid va O‘zbekistonda uncha ma’lum bo‘lmagan bu asarning Tukiyaga kelib qolish sabablarini ham o‘rganyapti. Niyati - uni O‘zbekistonda tanitish.
Iilmiy izlanishlarning o‘ziga xos mashaqqatlari bor, deydi talaba.
“Bu ilmiy ishlarni olib borishdagi bir muammo qo‘lyozmalarning, asosan, chet el muzeylarida bo‘lgani. Hozir men ishlayotgan qo‘lyozma ham To‘pkapi saroyida saqlanadi, unga yetishish uchun olti oy turli tashkilotlardan ruxsat olishga majbur bo‘ldik. Men faqatgina bu asar bilan shug‘ullanmayapman, chunki temuriylar davriga tegishli, Shohruh, uning o‘g‘illari davridagi kitoblarni, u davrdagi kutubxonani, qanday shakllangani, qaysi turdagi kitoblar mavjud bo’lganini ham o‘rganyapman. Bu bizga, temuriylar avlodlariga o‘sha davrda yashagan ajdodlarimiz qaysi turdagi kitoblarni yozdirgani, ilmiy sohamiz haqida
ham katta ma’lumot beradi. Shu sababdan bu muammolarni yengib o‘tish uchun tinmasdan izlanyapmiz. Chet ellardagi muzeylar bilan doimiy aloqadamiz, xatlar yozyapmiz, ularga shu ishlarimiz muhimligini tushuntiryapmiz va bu masalada bir qancha davlatga borib, qo‘lyozmalarimizni o‘rganib keldik. Eronga va ba’zi Yevropa davlatlariga bordik. Temuriylar
davriga oid asarlarning original nusxalari ustida ishladik. Bu biz uchun juda katta muvaffaqiyat. Chunki O‘zbekistondan chiqib ketgan qo‘lyozmalarning hech bo‘lmaganda nusxalarini qaytarish, ular haqida ma’lumot berish bizning vazifamiz hisoblanadi”, - deydi Gulzoda Mahmudjonova.
Konyadagi ilmiy anjumanga yig‘ilgan o‘zbekistonlik yoshlar orasida Turkiyada
doktorlik darajasini qo‘lga kiritib, shu yerdagi oliy ta’lim muassasalarida dars berayotganlar ham bor. Ulardan biri andijonlik Saidbek Boltaboyev.
“Doktoranturani bitirgandan keyin hozirda Karabuk davlat universitetida turk tili va adabiyoti bo‘limida ishlab kelyapman. Bu yerda islomdan oldin tosh bitiklarga yozilgan turkiy yozuvlar, keyinchalik islomning ilk davrlarida qo‘llangan “Qutadg‘u bilig”, “Devonu lug‘otit-turk” kabi asarlardan talabalarga dars o‘tib kelyapman. Ayni paytda tadqiqotchi sifatida ilk musulmonlik davrlarida turkiy xalqlar tomonidan yozilgan tafsirlar, turkiy Qur’oni karim tarjimalari bo‘yicha til, tilshunoslik nuqtai nazaridan, turkiy til nuqtai nazaridan
tadqiqotlar olib boryapman”, - deydi u.
O‘zbekistonlik bu yosh olimlar O‘zbekiston ilm-faniga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor.
Vatanga foydamiz tegishini istaymiz, deydi Izmirdagi Egey
universitetida prostata saratoniga yangi davo usullarini qidirayotgan Iroda Saydullayeva.
“Ilmiy tadqiqot ishimni tugatgandan keyin olgan bilimlarimni O‘zbekistonda ilm-
fan rivojiga hissa qo‘shish uchun qo‘llash maqsadim bor”, - deydi u.
Facebook Forum