Breaking News

Yil sarhisobi: 2015-yilning O'zbekiston hayotidagi eng muhim voqealari


O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov (markazda) AQSh Davlat kotibi Jon Kerrini (o'ngda) Samarqand aeroportida kutib olmoqda, 1-noyabr, 2015-yil.
O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov (markazda) AQSh Davlat kotibi Jon Kerrini (o'ngda) Samarqand aeroportida kutib olmoqda, 1-noyabr, 2015-yil.

Barqarorlik kafolati sifatida ko'rilgan Islom Karimovning prezidentlikka qayta saylanishi bilan boshlangan 2015-yil O'zbekistonda xavfsizlik choralari keskin kuchaytirilishi, turli tahlikali xabarlar tarqashi bilan yakunlandi. O'tgan yil O'zbekistonda, asosan, “Islomiy davlat” guruhi, jihodchilik va diniy ekstremizm tahdidiga qarshi kurash shiori ostida o'tgani qayd etiladi.

O'zbekiston 2015-yilda, Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:41 0:00

O'tgan yil O'zbekistonda prezidentlik saylovlariga tayyorgarlik bilan boshlangan edi. 29-mart kuni o'tgan saylov O'zbekiston Liberal demokratlar partiyasi tomonidan nomzodi olg'a surilgan Islom Karimovning 90 foizlik g'alabasi bilan yakunlandi. Aprel oyida Islom Karimov prezident sifatida rasman to'rtinchi bor qasamyod keltirdi.

Saylov tanlovsiz o'tdi, rasmiy partiyalardan ko'rsatilgan boshqa nomzodlar raqobat uchun emas, saylovga demokratik tus berish uchungina qatnashgani e'tirof etildi.

Mamlakatni 25 yildan buyon boshqarib kelayotgan Karimovning navbatdagi muddati hatto rejimning ayrim tanqidchilari tomonidan ham barqarorlik kafolati sifatida e'tirof etildi.

“Hozirgi sharoitda Karimovning o'z o'rnida qolishi yomon ish emas, siyosat tomondan qaraganimizda ham bu to'g'ri ish. Chunki bizning muxolifatimiz hali davlatni boshqarishga tayyor emas. Ikkinchidan, Karimovning o'rnini egallaydigan voris ham noma'lum. Men hukumatni yoqlamayman, ammo hozirgi sharoitdan va vaziyatdan kelib chiqqanda, Karimovning qolishi bu to'g'ri qaror", - deb baholagan edi prezidentning saylovdagi g'alabasini mustaqil sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.

77 yoshli Islom Karimovni O'zbekistonning muqobilsiz rahbari sifatida qodirayotgan sharoit esa 2015-yil davomida ham o'zgarmadi.

Aksincha, o'tgan yil Karimov timsolidagi barqarorlikni sinovdan o'tkaza boshladi. Afg'onistonda vaziyat jiddiy keskinlashdi, O'zbekiston Islomiy Harakati Afg'oniston shimolidan qo'nim topdi. Shimolda “Islomiy davlat” guruhi ham ancha faollashdi, mintaqa bilan chegarada jangarilar va afg'on hukumati kuchlari o'rtasidagi to'qnashuvlar qayta tiklandi. Shu asnoda “Islomiy davlat” guruhi tahdidi O'zbekistonga ham kirib keldi.

Suriyada jihod qilayotgan o'zbeklar soni ko'paydi, terrorchi to'da bayrog'i Toshkentda ham topildi. Jihodchilar tomonidan terrorchilik xuruji kutilayotgani haqida mish-mishlar urchidi. Maxsus xizmatlar ommaviy hibslarga ulangan amaliyot boshladi.

“2015-yilda bu kabi voqealar juda ko'p bo'ldi, ommaviy hibslar amalga oshdi. Milliy xavfsizlik, kuch ishlatar tizimlari ko'p mashg'ulotlar o'tkazishdi. Terrorchilik hujumi holatlariga tayyorgarlik ko'rishdi. Umuman olganda esa. ular turli ehtimoliy xurujlarga hozirlanib turishibdi, vaziyatni o'rganishayapti, tayyorgarlikni kuchaytirishmoqda”, - deydi huquq himoyachisi Surat Ikromov.

Diniy ulamolar, o'qituvchilar, mahalla oqsoqollarigacha jalb qilingan, jihodchilikni tanlayotgan o'zbeklarni to'xtatishga yo'naltirilgan hukumat targ'ibot kampaniyasi 2015-yildagi muhim voqealardan biri sifatida qayd etiladi.

“Yilning eng muhim voqealaridan biri bu prezidentning militsiya to'g'risidagi qonunni qabul qilishga chaqirgani bo'ldi. Bu borada islohot boshlash juda muhim, chunki bu haqda 25 yildan buyon sukut saqlab kelinayotgan edi.Yilning birinchi mihum hodisasi sifatida shuni aytgan bo'lardim. Keyin esa “Islomiy davlat”ga qo'shilayotgan fuqarolarni qaytarish, buning oldini olish bo'yicha qilingan ishlar ham muhim voqea bo'ldi”, - deydi Surat Ikromov.

Xavfsizlik, diniy ekstremizga qarshi kurash 2015-yilda ham ustuvorlik kasb etdi. Mamlakatning tashqi siyosiy aloqalari, ikki tomonlama, xalqaro tashkilotlar doirasidagi faoliyati ham shu ustuvorlik asosida yuritildi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri ishtirokida AQSh va Markaziy Osiyo davlatlarining Samarqandda o'tgan yangi tartibdagi dastlabki muzokarasida ham, Karimov va Kerri uchrashuvida ham asosiy masala xavfsizlikka qaratildi.

Yangi yil bilan o'zbekistonliklarni tabriklagan Islom Karimovga ko'ra, yakunlangan yilda turli jabhalarda ulkan yutuqlar qo'lga kiritilgan. Uning aytishicha, 2016-yilda aholi farovonligi darajasi oshishi, ko'rsatkichlar yanada yaxshilanishi kutilmoqda.

2015-yil Rossiya iqtisodiyotidagi cho'kish tufayli mehnat muhojirlari oqimi sekinlashdi, ular yuborayotgan mablag' bir necha barobarga kamaydi. Hukumat ortga qaytgan mehnat muhojirlarini ish bilan ta'minlashga va'da bergan, ammo hozircha aniq ma'lumotlar keltirilgani yo'q.

2016-yilning dastlabki kuni esa O'zbekistonda benzin va boshqa yonilg'i mahsulotlari narxi oshishi bilan kuzatilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG