O'zbekistonda Senat e'lon qilgan amnistiya siyosiy mahkumlarga ham, o'z aybiga iqror bo'lmagan mahbuslarga ham biror umid bermaydi. Vaziyatni yaqindan kuzatib kelayotgan inson huquqlari faollar shunday fikrda. Amnistiya berish vakolatining prezidentdan Senatga o'tishi biror muhim o'zgarishga yetaklamaydi, “qora ro'yxat” dagi mahbuslar taqdiri baribir Oqsaroyga borib taqaladi, deydi ular.
Amnistiyaga oid bu qaror nafaqat siyosiy mahbuslar yoki ularning qarindoshlarida, balki qamoqdagi safdoshlarining ozodlikka chiqishni kutayotgan huquq himoyachilarida ham umid uchqunini uyg'otmagan.
O'zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov bu yilgi amnistiya ham o'tgan yilgilaridan farq qilmasligini, Senat, shunchaki, qaror chiqarish bilangina cheklanayotganini aytadi.
“Avval prezident qarori bilan qabul qilinardi, yaqin uch-to'rt yildan buyon Senat qabul qiladigan bo'ldi. Lekin hech narsa o'zgarmagan... Senat faqat qabul qiladi, ularga tayyor matnni berishadi, shu. Kimlar amnistiyaga tushadi, qanchaga qisqarishi kerak, qanday ishlar tergovda to'xtatilishi lozim, bularning hammasini boshqalar hal qiladi”, - deydi Surat Ikromov.
Amnistiya matniga ko'ra, o`ta xavfli jinoyat sodir etmagan, 18 yoshgacha bo'lganlar, 60 yoshdan oshganlar, xususan ayollar jazodan ozod etilishi kerak.
Bu qoidalar bir necha yillardirki amnistiyaning asosiy tamoyilidir. Qamoqdagi siyosiy mahbuslar orasida 60 yoshdan oshganlar ham, o'ta xavfli jinoyat sirasiga kirmaydigan “ayblov” bilan jazoga tortilgan faollar ham ko'p, ammo hukumatning “qora ro'yxat” iga kiritilgani bois ularga ozodlikka chiqish imkoni berilmaydi.
“Har yili qanday bo'layotgan bo`lsa, bu yil ham shunday. Amnistiyaga tushmaydiganlar tushmaydi, bular asosan diniy motivlar bilan qamalganlar. 159, 216, 244-moddalar bo'yicha qamalganlar. Hukumatning qora ro'yxatidagilar ham amnistiyaga tushmaydi, ya'ni huquq himoyachilari, jurnalistlar, tadbirkorlar...”, - deydi Surat Ikromov.
Yaqinda ozodlikdan mahrum etilgan va "qora ro'yxat" dan o'rin olgani aytiladigan faollardan biri muxolifatdagi “Erk” partiyasi faoli Faxriddin Tillayevdir.
U o'ziga nisbatan qo'yilgan jinoyatni - odam savdosi bilan shug'ullanganlikni tan olmaydi. Mart oyida o'tgan sud muxolifatchini 8 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Uning yaqinlari amnistiyadan emas, odil sudlovdan umid qilishmoqda, o'z aybiga iqror bo'lmagan Faxriddin Tillayev hamon qiynoqqa tutilayotgani aytiladi.
“7-noyabr kuni Qashqadaryoga borib ukam bilan uchrashdim. 97 kilolik odam, 50-60 kiloga tushib qolgan. 7 oy podvalda yotgan Toshturmada", - deydi Faxriddin Tillayevning opasi Dilorom.
Dilorom opaning aytishicha, Tillayevni kaltaklashgan,urishgan, barmoqlariga ignalarni tiqishgan.
"U o'zini o'ldirishgacha borgan, farzandlarim, qarindoshlarimni o'ylab o'zimni saqladim, deydi. Bular nima uchun desam, ular bu ishni mening bo'ynimga qo'yishmoqchi bo'lishdi, men qilmagan ishimni qanday qilib bo'ynimga olaman, deb aytdi”, - deydi Dilorom opa.
Faxriddin Tillayevning salomatligi yomonlashgani, tibbiy ko`rikka, davolanishga muhtoj ekani ma'lum.
Qo'yilgan ayblov qanday bo'lishidan qat'i nazar, O'zbekistonda siyosiy mahbuslarning ozodlikka chiqishi kam uchraydigan holat.
Ba'zan “qora ro`yxat” dagi bu faollarning ozodlikka chiqishi amnistiyaga emas, balki ularning sog'lig'i ortiqcha qamoq jazosini ko'tara olmasligi bilan bo'liq bo'ladi.
Iyun oyida huquq himoyachisi Abdurasul Xudoynazarov og'ir kasallikdan vafot etdi. 2006-yilda tovlamachilik aybi bilan 9,5 yilga qamalagan Xudoynazarov may oyida salomatligi o'ta og'irlashgani bois muddatidan avval ozodlikka chiqarilgan edi. Qamoqda xastalikka chalingan huquq himoyachisi ozodlikda bir oyga yaqin yashadi xolos.