Breaking News

Faollar O'zbekistonning Qrimga qarshi ovoz berganidan taassufda


Rossiya harbiy vertolyotlari va kemalari Qrim yarim orolida mashq qilmoqda, 9-sentabr, 2016-yil.
Rossiya harbiy vertolyotlari va kemalari Qrim yarim orolida mashq qilmoqda, 9-sentabr, 2016-yil.

BMT Qrimda inson huquqlari, xususan, aksariyati sobiq o'zbekistonliklar bo'lgan qrim-tatarlarning milliy huquqlari qo'pol buzilayotgani yuzasidan rezolyutsiya qabul qildi. Bu rezolyutsiyaga qarshi ovoz bergan 20 dan ortiq davlat orasida O'zbekiston ham bor.

O'zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan qabul qilingan bu qaror yangi rahbar Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatda Rossiya yo'rig'idan chiqmasligi ehtimoli haqidagi xavotirlarni yuzaga keltirgan.

Qrim-tatarlar rasmiy Toshkentning BMTdagi “ovozi”dan taassufda, ammo bu O'zbekiston xalqining irodasi emasligini yaxshi bilishadi.

O'zbekiston Qrim anneksiyasini rasman tan olmagan, Karimov davridagi bayonotlar O'zbekiston Ukrainaning hududiy yaxlitligi tarafdori ekanligini ta'kidlash bilan ajralib turadi.

Yarimorolning tub aholisi bo'lgan tatarlar Moskva ishg'oliga qarshi ekanliklari uchun keskin bosim ostida qolishdi. Ayni paytda o'ndan ortiq tatarlar siyosiy ayblovlar bilan qamoqda, bir nechtasi bedarak yo'qolgan. Milliy Majlis yetakchilarining o'z vataniga kirishi taqiqlangan. Yarimoroldan tub aholini siqib chiqarish siyosati davom etayotgani aytiladi.

BMTda Qrimdagi inson huquqlariga oid rezolyutsiyani 70 dan ortiq davlat qo'llab-quvvatladi. Mintaqaning ikki davlati - Tojikiston va Qirg'iziston ovoz berish jarayonida betaraf qoldi, ammo hozir ham yuz mingga yaqin qrim-tatarlarning vatani bo'lib qolayotgan O'zbekiston hujjatga qarshi ovoz berdi.

Milliy Majlis faollaridan biri Erfan Quddusovga ko'ra, BMTda ko'pchilik ovoz bilan rezolyutsiya qabul qilinishi dinyo hamjamiyatining Qrim bosqiniga, shu jumladan, tatarlar taqdiriga befarq emasligini ko'rsatgan.

“Qrim-tatarlar BMT rezolyutsiyasini xursandchilik bilan kutib olishdi. Shuningdek, bu jarayon sobiq ittifoqdagi bir qator davlatlar hamon Rossiya ta'siri ostida qolayotganini ko'rsatdi. Biz bunday pozitsiya bu mamlakat xalqining emas, hukumatining ovozi ekanligini yaxshi tushunamiz. O'zbekistonning rezolyutsiyaga qarshi chiqishi, vaqtinchalik prezidentning rossiyaparast pozitsiyasi, albatta, qrim-tatarlarda taassuf uyg'otdi. Lekin bu pozitsiya O'zbekiston jamoatchiligining fikri emas. Mamlakatda demokratik jamiyat shakllangan taqdirda bu pozitsiyaning o'zgarishiga ishonchim komil”, - deydi Quddusov.

Milliy Majlis faoli Erfan Quddusov
Milliy Majlis faoli Erfan Quddusov

Rezolyutsiyada tazyiqqa olinayotgani qayd etilgan qrim-tatarlarning aksariyati O'zbekistondan yarimorolga ko'chib borishgan, qardoshlik, qarindoshchilik aloqalari uzilmagan. Bugun ham O'zbekistonda yuz ming atrofida qrim-tatarlar yashaydi.

“Men fursatdan foydalanib, Yevropadagi, AQShdagi o'zbek muxolifatiga murojaat qilmoqchiman. Ular bu boradagi o'z pozitsiyalarini matbuot, ijtimoiy tarmoqlar orqali yanada balandroq, muntazamroq aytishsin. Yuz ming atrofidagi qrim-tatarlar hozir ham O'zbekistonda yashaydi. Albatta, ko'p millionli o'zbeklar qarshisida bu kichik ko'rsatkich, saylovchilar sifatida ham biror qiymat kasb etmas. Ularni vaziyatdan xabarsiz deyish qiyin. Boshqa tomondan O'zbekistonda oshkora gapirish imkonining o'zi yo'q”, - deydi Quddusov.

Qrim faoli O'zbekistonning BMTdagi qaroriga munosabat bildiradi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:11 0:00

Rasmiy Toshkentning BMTda bildirgan pozitsiyasi nafaqat qrim-tatarlar, balki o'zbek ziyolilari, muxolif jamoatchiligi tomonidan ham keskin tanqid bilan kutib olindi. Muxolif nashrlarda, ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan bu qarashlarga ko'ra, muvaqqat prezident Mirziyoyev tashqi siyosatda Rossiya yo'rig'idan chiqmasligini ochiq ko'rsatmoqda.

O'zbekiston hatto qo'shni davlatlar, Tojikiston, Qirg'iziston kabi betaraflik maqomini ko'rsatishga ham jur'at topmagani ta'kidlanmoqda.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan mustaqil jurnalist Ulug'bek Haydarov qrim- tatar xalqi rasmiy Toshkent pozitsiyasi O'zbekiston xalqining irodasi emasligini tushunadi, degan umidda.

“Rasmiy Toshkentning BMT doirasida bu tariqa ovoz berishi bizning, o'zbek xalqining ovozi emasligini qrim-tatar xalqiga bildirib qo'yish muxolifatning, hukumat matbuoti bilan aloqasi bo'lmagan mustaqil jurnalistlarning burchi. Mayli, bu shunchaki bayonot bo'lib qolgan taqdirda ham. Bu qaror Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so'ng o'zining rossiyaparastligini ochiq namoyon etayotgan birinchi qadam. Bu kabi harakatlar yanada muntazam davom etishiga ishonaman”, - deydi jurnalist.

Rezolyutsiyada Qrimning Ukraina tarkibiga qaytarilishi lozimligi, yarimorolda ommaviy ravishda inson huquqlari buzilishi holatlariga chek qo'yish, xalqaro tashkilotlarga vaziyatni o'rganish uchun ruxsat berish talab qilinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG