O’zbekistonlik muhojirlar va Buxoro yahudiylari jamiyati O’zbekistonda Davlat bayrog’i kuni munosabati bilan Nyu-York shahrida madaniy tadbir uyushtirdi.
O’zbekiston davlat bayrog’i qabul qilinganining 24 yilligi munosabati bilan Nyu-Yorkning qoq markazida, osmono’par binolar joylashgan Manxetten rayonida o’zbek xalq musiqasi sadolari yangradi.
Tadbirni o’zbek muhojirlari va Buxoro yahudiylari jamiyati birgalikda uyushtirdi.
Amerikada o’zbeklar soni oshgan sari madaniy tashkilotlar, jamiyatlar ham ko’paymoqda. Nyu-Yorkning o’zida bir necha shunday tashkilot ishlaydi. Sietl, Chikago, Filadelfiya, Atlanta kabi shaharlarda ham hamisha madaniy tadbirlar o’tkaziladi.
Nyu-Yorkdagi “O’zbekiston kuni” bayramida o’zbek kuy-qo’shiqlari ijro etildi, O’zbekiston haqida filmlar namoyish etildi, hunarmandlar ishlagan buyumlar sotuvga chiqarildi, dasturxon yozildi.
San’atkor Sodiq Mamajonovning aytishicha, bunday tadbirlar Amerikada o’zbek madaniyatini targ’ib etishda muhim rol o’ynaydi.
Tadbirda xalqlar do’stligi mavzusiga ham urg’u berildi. Nyu-York shahar revizorining yordamchisi Arik Kagan asli belaruslik yahudiy. “O’zbekistonda bo’lmaganman, lekin Nyu-Yorkda o’zbeklarning yahudiylar bilan iliq munosabatlariga ko’p guvoh bo’laman”, deydi u.
“Bu ikki xalq munosabatlarida haqiqiy xalqlar do’stligini ko’rish mumkin, xuddi bir oila a’zolariday. O’zbekistondan Amerikaga kelgan odamlar, millatidan qat’i nazar, o’zlari yashagan shaharlar haqida, madaniyat haqida zavq bilan so’zlashadi. Hozirgi murakkab bir davrda bu juda muhim, chunki dunyoning boshqa chekkalarida bunga qarama-qarshi misollarni ko’rish mumkin”, - dedi u.
“Vatandosh” jamiyati raisi Farhod Sultonovning aytishicha, Amerikada o’zbek madaniy tashkilotlarining kuchayishi uchun vaqt kerak.