O`zbekiston prezidentligi uchun nomzodlardan biri Narimon Umarov mamlakatda matbuot erkinligini kuchaytirishga alohida ahamiyat qaratmoqchi. Davlatning ichki va tashqi siyosatida oshkoralik ta`minlanishini maqsad qilayotgan nomzod o`zbek matbuotining bugungi holatiga diqqat qaratmagan. Ammu bu bayonot o`z saylov dasturlarini e`lon qilayotgan boshqa nomzodlarning so`z va matbuot erkinligiga nisbatan munosbatlari orasida ajralib turadi. Prezidentlikka asosiy da`vogar muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyevdan esa hozircha matbuot va jamiyat erkinlashishiga doir islohotlar kutilayotgani yo`q.
O`zbekistonda matbuot erkinligini va`da qilayotgan nomzod Narimon Umarov nomzodini prezidentlikka surgan “Adolat” partiyasining nashri mamlakatdagi boshqa axborot vositalaridan biror jihati bilan farq qilmaydi. “Adolat” gazetasi hukumat g`amxo`rligida, shu jumladan, partiya nomzodining saylovdagi raqibi, muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev yetakchiligida erishilayotgan yutuqlar, islohotlar haqida yozib kelmoqda.
Ammo o`zbek matbuoti, jurnalistlari uchun uzoq yillardan buyon erishilmagan orzu bo`lib qolayotgan so`z erkinligi masalasiga aynan “Adolat” partiyasi nomzodi diqqat qaratgani qiziq.
“Biz demokratik jamiyatni matbuot erkinligisiz, o`z xohish irodasini erkin bildirish, saylov erkinligisiz tasavvur qilib bo`lmaydi deb bilamiz va “Oshkoralik - fuqarolik jamiyatining muhim sharti” tamoyiliga tayangan holda, axborot sohasini yanada demokratlashtirish, so`z va axborot erkinligini ta`minlash masalasiga alohida e`tibor qaratamiz”, - degan o`z saylov dasturi haqida ma`ruza qilgan Narimon Umarov.
Prezidentlik uchun kurashayotgan boshqa nomzodlar - O`zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Hotamjon Ketmonov aholi ijtimoiy himoyasiga, “Milliy tiklanish” partiyasi vakili Sarvar Otamurodov milliy qadriyatlarga diqqat qaratmoqda.
Prezidentlikka asosiy da`vogar Liberal demokratlar partiyasi nomzodi, muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyevning saylov dasturi iqtisodiy islohotlar, siyosiy boshqaruvdagi o`zgarishlarga tayanadi.
Bu dasturlarning birortasida siyosiy va ijtimoiy erkinliklar haqida gap bormaydi, Mirziyoyevning vaqtinchalik boshqaruvida qilinayotgan o`zgarishlar qatorida ham hozirgacha matbuot, so`z, siyosiy erkinliklarga doxil biror yangilik kuzatilmadi.
O`zbekistonlik faollarga ko`ra, saylovning haqiqiy raqobat asosida o`tishiga ishonch yo`q; rasmiy partiyalar hukumat partiyasiga xizmat qilish bilan cheklanishadi, xolos.
Mahalliy faollardan biri Abdulla Tojiboy o`g`li prezidentlik saylovlarini muqobil nomzodlar bilan ta`minlab kelayotgan rasmiy partiyalardan saylovdagi soxta ishtiroklari uchun hisobot talab qilmoqda.
“Ular O`zbekistonda demokratik saylovlar o`tdi, degan narsani ko`rsatish uchuna saylovda qatnashib kelayotgani tufayli men rasmiy partiya yetakchilariga murojaat bilan chiqdim. Davlat tomonidan rasmiy partiyalarga saylov uchun ajratilayotgan mablag` o`zini oqlayaptimi, halol va adolatli saylov bo`lmas ekan, davlat mablag`ini saraflash nimaga kerak, men shuning hisobotini talab qilgan edim. Chunki O`zbekiston 2007-yildan buyon bir partiyalik tizimga aylangan, faqat bitta partiya bor, bu Liberal demokratlar, qolganlarining nomi boshqa bo`lgani bilan, shu partiyaning qanotlari, ularning maqsadi bitta - amaladagi tuzumni saqlab qolish. Hozir yana asosiy nomzod Liberal demokratlardan ko`rsatilgan. Mirziyoyevning siyosati qanday bo`ladi, buni yaqindagi vaqt ko`rsatadi”, - deydi Abdulla Tojiboy o`g`li.
O`zbekistonda to`rtta rasmiy partiya mavjud, ularning birortasi hozirgacha amaldagi hukumatga muxolif ekanligini e`lon qilmagan. Prezidentlik saylovlarida esa har bir partiya o`z nomzodi bilan ishtirok etib keladi.
O`zbekiston Liberal demokratlar partiyasi uzoq yillardan beri hukumat partiyasi hisoblanadi, Islom Karimovning nomzodi avvalgi saylovlarda ikki bor shu partiya tomonidan olg'a surilgan edi. Shavkat Mirziyoyev ham shu partiyaning vakili. O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish”, “Adolat” rasman mustaqil siyosiy kuch, ammo amalda hukumat tomonidan boshqariladi.
Abdulla Tojiboy o`g`lining aytishicha, saylov kampaniyasi boshlanar ekan, u muloqot qilish uchun “Adolat” sotsial-demokratlar partiyasiga borgan.
“Men partiyaning Markaziy kengashi ofisiga bordim, raisi yo`q ekan. Men ularga saylov yana o`sha eskicha usulda bo`ladimi, 2 foiz ovoz bilan cheklanib yoki sizda yangi bir yondashuv bormi, nomzodinglarni hech kim tanimasa, mamlakatda ham, tashqarida ham, dedim. Bu yil biror yangi usul bilan qatnashmoqchimisiz yoki yana 20-30 odamga o`z saylov dasturingizni o`qib eshittirib, shu bilan saylovdagi ishtirokni bo`ldi qilasizlarmi, deb so`radim, bilmayman deyishdi” - deydi faol.
O`zbekiston prezidentligi uchun saylov kampaniyasi doirasida Karimovning vafotidan so`ng hokimiyatni qo`lga olgan muvaqqat prezident, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev ko`targan tashabbuslar jamoatchilikda umid uyg`otgan.
“Xalq davlatga emas, davlatning xalqqa xizmat qilish vaqti kelganini” ta`kidlab chiqqan Mirziyoyev aholiga munosib ish o`rinlari yaratish, bog`dorchilik hisobiga paxta yakkahokimligidan voz kechish, ijtimoiy, huquqiy sohaga doir islohotlar o`tkazish, korrupsiyaga qarshi kurashish va`dasini bermoqda.
Tanqidchilarga ko`ra, jamiyatda ochiqlik, so`z erkinligi qaror topmas ekan, Mirziyoyev va`dalarining amalga oshishi qiyin bo'ladi.