O'zbek-Germaniya inson huquqlari forumi tahlilicha, 2014-yilda O'zbekiston hukumati bir milliondan oshiq fuqaroni paxta terimiga majburan olib chiqqan. Chiqmaganlardan esa pul undirilgan, nafaqat shaxslardan, balki bizneslardan ham, deyiladi bugun e'lon qilingan hisobotda. Hukumat oq oltindan yiliga 1 milliard dollarga yaqin daromad qiladi. Uni terishni istamagan odam 400-500 ming so'mdan berib, bu majburiyatdan qutulishi mumkin.
O'tgan yili oq oltinni terishga chiqqanlar orasida o'quvchilar, xususan yosh bolalar kam edi, biroq ularning o'rniga ko'proq katta yoshdagilar jalb etildi. O'zbekistonlik huquq himoyachisi Umida Niyozova boshliq tashkilot to'plagan ma'lumotlarga ko'ra, paxta termaganlar "haqqini to'lagan", hosil yig'ib olingach ham minglab odamlardan ovqat va turar joy uchun pul olingan.
Poraxo'rlik va mablag' undirish shu qadar chuqur ildiz otib ketgan muammoki, deyiladi tahlilnomada, mutasaddilardan bezib ketgan odamlar so'raganini berib qutuladi. Fuqaro oldida boshqa yo'l ko'rmaydi.
Hisobot yuzlab terimchilar va kuzatuvchilar bilan qilingan suhbatlarga asoslanadi.
Davlatga qarashli organlarning xodimlari, xususan sog'liqni saqlash va ta'lim sohasi vakillari ikki oy davomida dalada ekan, bu jabhalar ulkan zarar ko'rgan. Kasalxonalar, tibbiy markazlar, maktab va kollejlarda samaradorlik va eng muhimi kundalik faoliyat sustlashgan.
O'zbekistonda qonun bolalarni majburiy mehnatga jalb etishni taqiqlaydi, lekin kollej o'quvchilari, hali 18 ga to'lmaganlar paxta teradi. Ular o'zim xohlab chiqdim deyishi mumkin, biroq aksariyat hollarda zo'rlab olib kelinadi. Termasang, o'qishdan haydalasan, jazolanasan, degan do'q-po'pisa ostida.
O'tgan yilgi terimda, huquq faollarining aniqlashicha, 17 kishi nobud bo'lgan, ularga yo'l halokatlarida o'lganlar ham kiradi.
Odamlar kuniga 10 soatlab dalada yurgan, turgan joylari talabga javob bermagan. Sanitariya qoidalari buzilgan yoki umuman bu borada tadbir ko'rilmagan. Dam olish kunlari berilmagan.
Hokimiyat uchun paxta terimi, milliy hashar deya nomlangan jarayon aslida xalqni shilish payti, deyiladi hisobotda. Mahalliy biznes egalari va mehnatkashlar paxtaga chiqishni xohlamasa, pul bergan. Ovqat, transport va boshqa yetishmovchiliklar uchun mablag' yig'ilgan va ular, tabiiyki, mutasaddilarning cho'ntagiga ketgan. Qonunni ochiqchasiga oyoq osti qilgan rasmiylar hatto yirik firmalardan ham "xayriya" sifatida pul olgan, masalan "Telia Sonera" va boshqa uyali aloqa kompaniyalaridan. AQSh bilan hamkorlikdagi "General Motors" avtomobilsozlik korxonasi xodimlari paxta terishga majbur bo'lgan.
Chet el bizneslari buni ko'rib O'zbekistonga sarmoya olib kirgisi kelarmidi? Hukumat bir tomondan majburiy mehnatni tugatishga harakat qilayotganini da'vo qiladi, ikkinchi tomondan esa nafaqat mahalliy balki xalqaro korxonalarning odamlari ham dalada. Milliy boylikni tezda terib olish kerak deya ularni hasharchilar sifatida tasvirlash ko'zbo'yamachilik xolos, deya bildiradi "Paxta kampaniyasi", O'zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashayotgan koalitsiya. AQShda asoslangan bu guruhga nohukumat tashkilotlar va yirik bizneslar qo'shilgan.
"Paxta kampaniyasi" O'zbekiston hukumatini muammoga qarshi real chora ko'rishga, paxta sohasini isloh qilishga, oshkoralik tomon qadam tashlashga undab keladi. Lekin tuzumda ishlagan va vaziyat bilan yaqindan tanish mutaxassislar nazarida hukumat o'zgarish qilishga qodir emas. Tuzum tabiatini, milliy mentalitet va yondashuvni yangilash uzoq davr va qattiq mehnat talab qiladi, deydi ular.
Hukumat O'zbek-Germaniya inson huquqlari forumi singari tashkilotlarni G'arb grantlariga uchib, respublikadagi ahvol haqida yolg'on ma'lumot tarqatayotganlikda ayblab keladi. Faollar nazarida esa paxta bilan bog'liq muammolar shu qadar ochiq haqiqatki, davlat uni hech narsa bilan yopa olmaydi.
O'zbek-Germaniya inson huquqlari forumi rahbari Umida Niyozova "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, hukumat tanqidchilarga la’nat toshini otavermay o’z qilmishlari uchun ham javob berishni o’rgansin. Grant olganlar uning hisobotini beradi, xalqning haqqini yeb o’tirgan mansabdorlar kimga qanday hisobot berayapti?