Breaking News

O'zbekistonda huquq himoyachilari ustidan nazorat yanada kuchaygan


Toshkent
Toshkent

O'zbekistonda huquq himoyachilari faoliyati ustidan nazorat yanada kuchaygan, ayrimlariga hatto uydan chiqishga ruxsat yo'q. Faollar piketlar vositasida bir-birini tazyiqdan himoya qilishga majbur. So'nggi paytda diplomatik vakolatxonalar mamlakatda inson huquqlariga oid vaziyatga e'tiborni oshirgan.

O'zbekistonda huquq himoyachilari ustidan nazorat kuchaygan - Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:42 0:00

Shifoxonaga tushgan hamkasbi Malohat Eshonqulova himoyasi uchun prezident qarorgohi oldida piket qilgan Yelena Urlayeva oyog'i gipsda bo'lishiga qaramasdan chiqishga majbur bo'lganini aytadi. U bir necha kun avval uyidan chiqishga ruxsat bermagan militsiya xodimlari bilan tortishayotib oyog'ini mayib qilgan.

“Men shunday og'ir vaziyatda bo'lishimga qaramasdan prezident qarorgohiga bordim, u yerda soqchilar juda ko'p edi. O'ylaymanki, mening plakatim baribir ularning kameralarida muhrlangan. U yerda meni yana hibsga olishdi, xullas, shunday qilib so'nggi uch kunni Mirzo Ulug'bek tumani boshqarmasida o'tkazdim. Bu Malohat Eshonqulovaning himoyasi uchun o'tkazilgan edi”, - deydi Urlayeva.

Eshonqulova ayni paytda shifoxonadan chiqqan. Urlayevadan minnatdor, mamlakatda safi tobora siyraklashib borayotgan huquq himoyachilari bugun bir-birini shu tariqa bosimlardan himoya qilishga majbur ekanini aytadi.

"Bir-birimizni ayashga harakat qilganimiz esa ko'ngilga dalda beradi. Ammo o'zimga savol beraman, men u kishining salomatligi uchun prezident qarorgohiga chiqib piket o'tkaza olarmidim? Militsiyadan kaltak yeb, oyog'im lat yeyish darajasiga borarmidim, qo'rqmasmidim? Bu savollarga javob berishga qiynalaman”, - deydi Eshonqulova.

Urlayeva tinimsiz huquq-tartibot organlari tayziqini boshdan kechirib kelayotgan, bosimlarga qaramasdan faoliyatida izchil davom etayotgan huquq himoyachilaridan. Avvalroq majburiy mehnatga oid vaziyatni o'rganayotib militsiya tomonidan tahqirlangan. U haqda internetda turli videomateriallar ham tarqalgan edi. Urlayeva bu ta'qiblar ortidan AQShning O'zbekistondagi elchisi tomonidan qabul qilindi, ruhiy qo'llab-quvvatlandi.

Huquq himoyachisining aytishicha, faollar ustidan nazorat kuchayganiga qaramasdan jamoatchilik, xalqaro diplomatik korpuslar mamlakatda inson huquqlari bilan bog'liq vaziyatga diqqat qaratayotgani umid uyg'otadi.

“Faollar ustidan sudlarga AQSh, Germaniya elchixonasidan xodimlar kelib vaziyatni kuzata boshlayapti. Men so'nggi paytlarda diplomatik korpuslarning jamoatchilik bilan aloqa qilish bo'limlari inson huquqlari masalasida ancha faollashganini aytmoqchiman. Masalan, bizga chiqishadi, taklif qilishadi, axborot olishadi va shunga muvofiq o'z munosabatlarini yaxshi bildirishmoqda”, - deydi Urlayeva.

Eshonqulovaning so'zlariga ko'ra, so'nggi paytda huquq himoyachilarining ayrimlari deyarli uy qamog'ida ushlanayotgani, biror aksiya o'tkazish, faoliyat ko'rsatish imkonsiz ekani saylov davridagi "shartli erkinlik" yakunlangani bilan bog'liq.

“Huquq faollari, muxolifatchilarga nisbatan tazyiqlar endi ochiq bevosita ko'rinish oldi, bir yorug'lik ko'rayotganim yo'q. Islom Karimov to'rtinchi bor qayta “saylanib” olish uchun tishini tishiga qo'yib turgan ekan. Endi esa ko'rsatayapti. Mana, oxirgi ikki oyda sud ikki nafar huquq himoyachisiga "aqli ojiz" degan yorliq yopishtirdi. O'zi qaytmaganlarning oilasiga, qarindosh-urug'lariga tahdid qilishmoqda, tazyiq ko'rsatishmoqda”, - deydi Eshonqulova.

Huquq himoyachisi Shuhrat Rizayev har oy huquqi buzilgan o'nlab fuqarolar bilan muloqotda bo'ladi, ular shikoyatini o'rganadi. Bu borada tegishli idoralarga arizalar jo'natishga ko'maklashadi. Yaqinda uning o'zi sudga tortildi, sud uni "muloqotga layoqatsiz" deb topdi.

“Inson huquqlari bilan bog'liq so'nggi vaziyat mening nazarimda portlash oldidagi sukutga o'xshaydi. Vaziyat juda yomon, konstitutsiya, qonunlar oyog'osti qilinadi, o'z bilganlaricha qarorlar chiqarishadi. Odamlar azob chekayapti, huquqlari buzilmoqda, biror bir aybi bo'lmaganlar ham qamoqqa tiqilmoqda. Hech kim ularni surishtirayotgani yo'q”, - deydi Rizayev.

O'zbekiston aholisi so'z, e'tiqod, siyosiy erkinlik kabi asosiy huquqlardan ancha yillardan buyon mahrum etilgan. Ammo bu asosiy erkinliklardan tashqari fuqarolar huquqi boshqa sohalarda ham keskin cheklangan. Odatda, adolat istab O'zbekiston idoralarini samarasiz kezgan fuqarolar so'nggi chora sifatida huquq himoyachilariga murojaat qiladi. Bu murojaatlar esa huquq himoyachilariga, ba'zan shikoyatga haddi sig'gan shaxlarga nisbatan tazyiqlar bilan tugaydi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG