Donald Tramp va Shavkat Mirziyoyevning uchrashuvi faqat tashrif maqomi bilan emas, balki O’zbekistonda huquq himoyachilaridan iborat siyosiy mahbuslar to’liq ozod qilingan vaziyatda o’tayotgani bilan ham siyosiy voqelik sifatida baholanmoqda.
13-may kuni Faxriddin Tillayevning ozod etilishini olqishlagan "Human Rights Watch" xalqaro inson huquqlari tashkiloti vakili Stiv Sverdlovga ko’ra, Tillayev mamlakat qamoqxonasida qolayotgan so’nggi huquq himoyachisi edi.
Avvalroq konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda ayblangan jurnalistlar Bobomurod Abdullayev va Hayotxon Nasriddinovlar sud zalidan ozod etilgan edi.
Stiv Sverdlovning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida aniqlik kiritishicha, gap faqat qamoqxonadagi huquq himoyachilaridan iborat siyosiy mahbuslar haqida bormoqda, siyosiy ayblovlar bilan qamalgan boshqa minglab mahbuslar hamon qamoqda.
Huquq himoyachilari, jurnalistlar, muxolifatchilardan iborat siyosiy mahbuslarning ozod etilishi yillar mobaynida G’arb tomonidan Islom Karimov hukumatiga qo’yib kelingan asosiy talablardan edi. Ushbu talab Mirziyoyev yetakchiligidagi o’zgarishlar davrida jadal amalga oshgani kuzatilyapti.
Mardikorlar huquqlarini himoyalash, bu borada jamoatchilik tashkiloti tuzish harakati bilan tanilgan Faxriddin Tillayev 2014-yilda odam savdosida ayblanib, 11 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
U qamoqxonada huquq himoyachilaridan iborat siyosiy mahbuslar qolmaganini, so’nggilardan bo’lib ozodlikka chiqqanini aytadi.
“Xuddi shunday, qamoqda boshqa huquq himoyachilari qolmadi. Agarda biz xabarsiz qolgan biror holat mavjud bo’lmasa, har holda xalqaro huquq tashkilotlarida qamoqdagi inson huquqlari himoyachilarining to’liq, batafsil ro’yxati mavjud. Bu rostdan siyosiy voqea. Hozir mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan aholining huquqiy ongi ham oshayotgani kuzatilmoqda, odamlar hech narsani kutib o’tirmasdan turli tashkilotlar, idoralarga murojaat qilishyapti. Buning uchun hukumatni o’zi ham yo’l ochib berdi, huquq himoyachilari faoliyatiga nisbatan to’siqlar ham kuzatilmayapti”, - deydi Tillayev.
Unga ko’ra, O’zbekistonda huquq himoyachilariga endi bosim o'tkazilmaydi deyish uchun vaqt kerak. Ammo Mirziyoyevning AQShga qilayotgan tashrifi, muzokaralar natijasi bunday holatlarning o'tmishda qolishiga ishonch uyg’otmoqda.
“Hozirgi vaziyatda inson huquqlari faollarini tazyiqqa olish tajribasi ortda qoldi deyishga 100 foiz ishonch yo’q. Hokimiyat rahbarligiga kelgan odam yaxshidir, lekin uning atrofida o’tirganlar asosan eski rahbarlar. O’zgarishlar poytaxtda sezilayotgan bo’lsa, hali olis tumanlarga yetib bormadi.
Mirziyoyevning AQSh safari shu ma’noda juda ahamiyatli, G’arbning O’zbekistonga qo’ygan asosiy talabi inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatni yaxshilash bo’lib kelgan, bu talab o’zgarmagan. Mirziyoyev shunga muvofiq harakat qilsa, siyosat yuritsa, O’zbekiston huquqiy davlatga aylansa, demokratik tamoyillar ishga tushsa, G’arbning, AQShning eshiklari O’zbekiston uchun haqiqatda ochiladi”, - degan fikrda Faxriddin Tillayev.
Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti O’zbekiston qamoqxonalarida jurnalistlardan iborat siyosiy mahbuslar qolmagani haqida bayonot tarqatgan. Ammo buning ortidan mahalliy faollar yil boshida konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda ayblanib hibsga olingan yosh olim Akrom Malikov, siyosatshunos Rustam Abdumannopovlarhamon qamoqda qolayotgani bildirishdi.
Yaqinda ozod etilgan jurnalistlardan biri Bobomurod Abdullayev Mirziyoyevning AQShga safaridan, ayniqsa matbuot erkinligi sohasida jiddiy o’zgarishlar kutayotganini aytadi.
“Mirziyoyevning AQSh safarida ikki mamlakat o’rtasidagi siyosiy-iqtisodiy munosabatlar avvalgisidan yanada yaxshilanishini kutyapman. Inson huquqlari, so’z erkinligi ta’minlanishini AQSh o’zining tamoyillaridan deb e’lon qilgan. Shuning uchun bu sohada ham katta siljishlar bo’ladi, O’zbekiston-AQSh munosabatlarini rivojlanishi inson huquqlari, siyosiy o’zgarishlar bilan bog’liq masalaga ham katta turtki beradi, men shuni kutyapman”, - deydi jurnalist.
Mirziyoyevning Vashingtonga safari davomida Tramp bilan tor va kengaytirilgan tartibdagi muzokaralar o’tishi kutilmoqda. O'zbekiston rahbari Pentagonda AQSh mudofaa vaziri bilan, Kongressda qonunchilar bilan, shuningdek, xalqaro moliyaviy markazlarda ham uchrashuvlar o’tkazishi xabar qilingan.
Facebook Forum