Breaking News

"Ozodlik" radiosi O'zbekistonda jurnalistlarga tazyiq kuchayayotganini qoraladi


“Ozodlik” radiosi O`zbekiston hukumatining jurnalistlarga ko`rsatayotgan ta'qibini qoralab chiqdi. Radio Prezidenti Tomas Kent bildirgan bayonotga “Ozodlik” o'zbek xizmati muxbirining ukasini O`zbekistonda sakkiz yillik qamoq jazosiga hukm qilingani sabab bo`lgan. Giyohvand moddalar savdosida ayblangan Aziz Yusupovga avval ham akasining “Ozodlik”dagi ishi sabab tazyiq ko`rsatilgani xabar qilinadi. Mustaqil jurnalistlarga ko`ra, hukumat bilvosita jismoniy tazyiqlar qo`llashga o`tmoqda.

“Ozodlik” radiosi Prezidenti Tomas Kent bayonotiga ko`ra, radio muxbirining ukasi Aziz Yusupovning O`zbekistonda qamoqqa tashlanishi erkin axborot tarqatishga urinayotgan radio jurnalistlarini qo`rqitishga bo`lgan navbatdagi urinishdir.“Ozodlik” radiosi bunday harakatlarni keskin qoralaydi.

“Ozodlik” o`zbek xizmati ma'lumotiga ko`ra, Aziz Yusupovga Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan biriktirilgan advokat uni aybiga iqror bo`lishga undagan, sudda Yusupovning aybdorligini tasdiqlovchi biror dalil-isbot taqdim etilmagan. Yusupov 2013-yilda ham maxsus xizmatlar bosimiga uchragan, akasini “Ozodlik” da ishlashi iddao qilinib, hujjatlari, komputeri musodara qilingan.

O`zbekistondagi davomli tazyiqlar o`nlab jurnalistlarning, hukumatga qaram bo`lmagan xalqaro axborot vositalarining mamlakatdan quvg`in qilinishi bilan kuzatildi. “Ozodlik” radiosi 2005-yil, Andijon fojealari ortidan, O`zbekistondan chiqib ketishga majbur bo`lgan edi. Bosh qarorgohi Pragada joylashgan radioning o`zbek xizmati erkin axborotdan mahrum etilgan millionlab o`zbekistonliklar uchun kam sonli erkin axborot manbalaridan biri bo`lib qolmoqda.

Shvetsiyada siyosiy qochqinlikda yashayotgan jurnalist Qudrat Bobojon ham Andijon fojealari ortidan mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo`lgan jurnalistlardan biri. “Eltuz.com” saytini yuritib kelayotgan jurnalistga ko`ra, mustaqil matbuotni mamlakatdan butunlay quvg`in qilgan o`zbek hukumati tazyiq navbatini jurnalistlarning yaqinlariga qaratmoqda.

“Bu hukumat “kindikdan pastga” zarba berishga o`tganidan dalolat. Jurnalistlarga nisbatan tazyiqning bunday usulini keskin qoralayman. Ularning yaqinlari garovga olinayotganini oqlab bo`lmaydi. Avval jurnalist Solijon Abdurahmonov ham giyohvand moddalar savdosi kabi tuhmatda ayblanib qamoqqa tashlangan edi. Tazyiqlarning bunday usuli hukumat chorasiz bir vaziyatda qolayotganidan ham darakdek”, - deydi u.

Andijon fojealarining qonli bostirilishi xalqaro axborot vositalarining O`zbekistondagi faoliyati tugatilishiga, ko`plab mustaqil jurnalistlarning mamlakatni tark etishiga sabab bo`ldi. Keyinchalik axborot vositalarini internetda ham to`sib qo`yishga o`tildi. “Amerika ovozi”, “Ozodlik”, BBC o`zbek xizmati va shu kabi boshqa axborot manbalariga qo`yilgan to`siqlar hamon olib tashlanmagan.

“Internetdagi bu to`siqlar axborotga bo`lgan ehtiyojni mutlaqo yo`qqa chiqara olmadi, mustaqil axborot ijtimoiy tarmoqlarga ko`chib o`tdi”, - deydi Qudrat Bobojon.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti, Jurnalistlarni himoya qilish qo`mitasi kabi xalqaro tashkilotlar O`zbekistonni so`z erkinligini muntazam bo`g`uvchi davlat qatorida qayd etib keladi.

Yaqinda O`zbekiston hukumati internet nazoratini kuchaytirish, muxolif faollarni kuzatishga ixtisoslashgan yangi zamonaviy uskunalar xarid qilgani ochiqlandi. Xorijdan sotib olingan bu texnologiya uchun katta mablag` sarflangani aytiladi.

“Katta mablag` sarflab xarid qilinayotgan bu texnikalar josuslik xizmatlariga, internetni to`sishga, faollarni nazoratda ushlashga, telefon suhbatlarini eshitishga mo`ljallangan, bu o`zbek hukumati odamlarning fikrini qatag`onlash yo`lidan borayotganini anglatadi ”, - deydi jurnalist Qudrat Bobojon.

O`zbekiston hukumati, jumladan, Islom Karimovning o`zi ham internetni jilovlash mumkin emasligini takrorlab keladi, ammo hozirgacha nima sababdan mamlakatda yuzlab mustaqil axborot manbalari to`sib qo`yilganiga biror izoh berilmagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG