O‘zbekistonda 27 yillik rahbar Islom Karimov vafot etganiga bir yil bo'ldi. Yangi prezident Shavkat Mirziyoyev Karimovning qabrini ziyorat qilish uchun Samarqandga borgan bir paytda marhumning qizi Lola Karimova otasining so‘nggi kunlari haqida yozilgan xotiralarni ijtimoiy tarmoqlar orqali bo‘lishmoqda.
“Ijtimoiy fikr” tadqiqot markazi O'zbekistonda aholining salkam 100 foizi Karimov davrini yuqori baholaydi, deya so‘rovnoma natijalarini e’lon qildi.
Prezident qaroriga ko‘ra, 2- sentabr - O‘zbekistonda Islom Karimovni xotirlash kuni.
O‘zbekistonning birinchi rahbari rasman 2-sentabr, norasman esa 28-avgust kuni 79 yoshida miyaga qon quyilishidan vafot etgan, deya qayd etiladi.
Mirziyoyevning Samarqandga safari 27-avgustda boshlandi. Karimov qabrini ziyorat qilgan Mirziyoyev u yerda qurilayotgan maqbara bilan tanishgan.
Karimov xotirasiga bag‘ishlangan rasmiy tadbirlar mustaqillik bayramidan so‘ng o‘tishi kutilmoqda.
Karimovning so‘nggi kunlariga doir bu xotiralar Lola Karimovaning dugonasi Oqila Toyirovaga tegishli bo'lib, prezident qizining sahifalarida e’lon qilingan. Toirova Karimovning og‘ir ahvolda yotganidan tortib, Samarqanddagi dafn marosimigacha bo‘lgan voqealar haqida hikoya qiladi.
Uning yozishicha, Toirova Lola Karimovaga yupanch bo‘lish maqsadida Toshkentga 1-sentabr kuni yetib borgan, bu paytda hali Karimov tirik bo‘lgan va uning joni 2-sentabr kuni kechki to‘qqizlarda uzilgan.
Karimov vafotining bir yilligiga doir xotiralarni “Ijtimoiy fikr” tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma davom ettiradi. Hukumat portalida chop etilishicha, so‘rov ishtirokchilarining 98,8 foizi Karimovni mustaqil davlat asoschisi sifatida e’tirof etadi.
Karimovni mamlakatdagi “bosh islohotchi va g‘oyaviy ilhomchi” deb topganlar ham shu foizga yaqin. 96 foizga yaqin ishtirokchilar O‘zbekistonni xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlari, Markaziy Osiyoning asosiy davlati sifatida qaror topishi Islom Karimov nomi bilan bog‘liq, degan fikrda.
Mustaqil O‘zbekiston tarixida ziddiyatli iz qoldirgan Islom Karimov shaxsi o‘limidan so‘ng ham ulug‘lanishda davom etishini uning vorisi Mirziyoyev e'lon qilgan edi.
Karimov davrida 13 yildan oshiq bosh vazirlik qilgan Shavkat Mirziyoyev vaqtinchalik davlat rahbarligini qabul qilganda ham, prezident sifatida qasamyodga keltirilganda ham har jabhada marhum prezident siyosatini davom ettirishga va’da berdi. Mirziyoyev Karimov shaxsini abadiylashtirishga oid qarorlarga imzo chekdi.
Yaqinda poytaxtdagi fotosuratlar uyida Karimov faoliyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil qilindi. 2-sentabrga borib Karimovning uzoq yillar asosiy ish joyi bo‘lib kelgan Oqsaroy qarorgohida uning muzeyi ochiladi.
Bungacha poytaxt va viloyatlardagi markaziy ko‘chalarga, shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportiga ham Karimov nomi berilgan edi.
Jamiyatda bir tomon uchun Karimov adolatli, keskin hukmdor sifatida qolayotgan bo‘lsa, boshqa bir tomon uchun Karimov inson huquqlarini shafqatsiz toptagan, namoyishchilarni o'qqa tutgan, mamlakatni korrupsiyaga va inqirozga cho‘ktirgan rahbardir.
Karimov davrida siyosiy faoliyati yoki diniy e’tiqodi uchun qatag‘on qilinganlar juda ko‘p, aksariyati hamon qamoqda.
Karimov tazyig'idan hatto qarindoshlari chetda qolmagan. Uning jiyani, mustaqil jurnalistik faoliyati uchun 10 yildan oshiq umrini ruhiy kasallar shifoxonasida o‘tkazgan Jamshid Karimov amakisini o‘ta shafqatsiz hukmdor sifatida eslaydi.
“Men undan xafa emasman, chunki odam hech qachon o'zgarmaydi. 50 yil avval qanday bo‘lsa, baribir shundayligicha qoladi. U (Islom Karimov) xuddi shundayligicha, shafqatsiz va ikkiyuzlamachi shaxs sifatida qoldi. Karimovning yana bir farqli tomoni - u odamlardan nafratlanar edi, yomon ko‘rardi, hatto o‘ziga yaqinlashtirgan taqdirda ham”, - deydi Jamshid Karimov.
Bugun Samarqanddagi xalqaro konferensiyada so'zlagan Lola Karimova amaldagi rasmiy maqomi - O‘zbekistonning YUNESKOdagi vakili lavozimidan ketishini va endi asosan otasi Islom Karimov nomidagi jamg‘armani boshqarish niyatida ekanligini ma’lum qilgan.
Facebook Forum