Breaking News

Malashenko: Karimovning vorisi shu yili aniqlanadi


Islom Karimov, Toshkent, 31-avgust, 2012
Islom Karimov, Toshkent, 31-avgust, 2012
Ayrim tahlilchilar fikricha, 2013-yil O’zbekistonda prezident Islom Karimovning vorisi kim bo’lishi aniqlanadi. Shu oy 75 yoshini qarshilayotgan Islom Karimovdan keyin hokimiyatga kim kelishi hozircha noma’lum.

Adolatli va ochiq saylov imkoniyati bo’lmagan, uzoq yillik avtoritar boshqaruvdagi mamlakat uchun hokimiyat almashishi qaltis davr hisoblanadi.

Moskvadagi Karnegi markazi eksperti Aleksey Malashenko “Amerika ovozi” bilan suhbatda O’zbekistonda kutilayotgan bu yilgi siyosiy o’zgarishlar haqida mulohaza yuritadi.


Markaziy Osiyo bo’yicha bir necha kitob muallifi, sharqshunos olim Aleksey Malashenko O’zbekistonda Islom Karimovdan keyin hokimiyatga uning qizi Gulnora Karimova kelishi mumkinligi haqidagi ehtimollarni rad etadi.

“Men bunday variantni mumkin emas deb hisoblayman. Buning bir nechta sababi bor. Eng asosiysi, nazarimda, Gulnora Karimovaning bevosita voris ekanligidir. U ko’pchilik yoqtirmaydigan guruhning vakili hisoblanadi. Unga nisbatan e’tirozlar ko’p, u bilan bo’gliq vaziyat ham ko’pchilikka ma’lum. Albatta, undagi imkoniyat, kuch va energiya bilan ko’p ish qilish mumkindir. Lekin men bunday imkoniyat bo’lishiga ishonmayman”, - deydi Malashenko.

2012-yil O’zbekiston tashqi siyosatida biror sezilarli o’zgarish kuzatilmadi. Ammo jamiyatda hukmron fikr shuki, Islom Karimov hokimiyatni kimga qoldirish haqida o’ylanayapti.

“Karimovning nega hozirgacha o’z vorisi haqida aniq bir xulosaga kelmagani sabablari menga qorong’u. Biroq bu masala hozirgi kunda mamlakat uchun eng dolzarb muammo bo’lib turibdi”, - deydi Malashenko.

Tahlilchiga ko’ra, O’zbekistonda hokimiyat almashishining bir nechta yo’li bor. Jarayonning Turkmanistondagi kabi silliq kechishini taxmin qilish qiyin, deydi u.

“O’zbekiston Turkmaniston emas. O’zbekiston mintaqaning qudratli davlati. Shunga muvofiq, mamlakatda hokimiyatga intilayotgan turli klanlar, doiralar mavjud. Ularning ta’sir qamrovi, kuchi ham turlicha. Shuning uchun bu doiralar o’rtasida kurash, baribir, bo’ladi. Turkmanistonda kuzatilganidek silliq o’zgarishni kutish qiyin”, - deydi rossiyalik ekspert.

Malashenko taxminicha, hokimiyatga intilayotgan doiralar o’zaro murosaga kelishlari uchun hozir imkoniyat ham, vaqt ham mavjud. Biroq klanlarni murosaga keltiruvchi shaxs kim bo’lishidan qat’i nazar, o’zgarish davri xavotirli va qaltis kechadi.

“Karimovning o’rniga kim kelmasin, hozirgacha u bajarib kelayotgan liderlikni davom ettirishi, klanlar manfaatini muvofiqlashtirib turishi, shu bilan birga, hamma sohada nazoratni o’z qo’lida ushlab turishi juda qiyin. Bu davr mamlakat uchun murakkam kechadi”, - deydi Malashenko.

O’zbekistonda hokimiyat uchun ochiq kurash boshlanishini ham ehtimoldan soqit qilib bo’lmaydi.

“So’nggi variant - O’zbekistonda hokimiyat uchun ochiq kurash ham boshlanishi mumkin. Biroq kutilmagan natijalarga olib keladigan bunday raqobatdan manfaatdor tomon yo’q. Agar shunday kurash boshlansa, tomonlardan biri islomga, islomiy muxolifatga murojaat qilsa, ajablanmayman” -deydi ekspert.

Yana uning aytishicha, bugungi vaziyatda tashqi kuchlar, qudratli davlatlar ham O’zbekistonda kutilmagan o’zgarishlar bo’lishidan manfaatdor emas. Inson huquqlari, demokratik islohotlar masalasi tobora kun tartibidan tushib bormoqda.

AQSh ham, Yevropa Ittifoqi ham turli inqilobiy o’zgarishlardan ko’ra Islom Karimovning avtoritar hukumati bilan muloqot qilishga moyillik bildirmoqda.

O'zbekistondagi siyosiy o'zgarishlar, Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:11 0:00
Yuklab oling
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG