Breaking News

O'zbekiston nega Gulnora Karimova ishini ommaga ochishga qaror qildi?


Sobiq prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova hozir qayerda ekani noma'lum
Sobiq prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova hozir qayerda ekani noma'lum

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining kutilmaganda Gulnora Karimova taqdiri haqida e’lon qilgan xabari munozara qo‘zg‘ashda davom etmoqda. Bu xabar taqdiri jamoatchilikka mavhum qolgan Gulnora Karimova haqida ma’lumot berish, uning qamoqqa olinganini bildirish uchun tarqatildimi yoki Karimova tomonidan o‘marilgan mablag` qiymati 2 milliard dollarga yaqinlashgani, hukumat bu borada shaffof ekanligini ko‘rsatishni maqsad qiladimi? Bosh prokuratura bayonoti nega aynan shu kunlarda bildirilmoqda?

O‘zbekiston bosh prokuraturasining Gulnora Karimova ishiga oid tarqatgan xabariga ko‘ra, avval uy qamog‘ida bo‘lgan Gulnoraga nisbatan yangi jinoiy ish ochilgan, u ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Karimova yetakchiligidagi jinoiy guruh tomonidan o‘marilgan deb ko‘rilayotgan mablag‘ miqdori 2 milliard dollarga yaqinlashgan, Yevropaning 12 davlatida unga qarashli hisob raqamlari, mol-mulklar aniqlangan, bu davlatlardagi idoralarga mazkur mulklarni xatlash bo‘yicha murojaat jo‘natilgan.

Bosh prokuratura hozirgi kunda uyushgan jinoiy guruhning boshqa aktivlarini aniqlash va ularni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha tezkor tergov tadbirlari davom etayotganligini bildiradi.

Prokuratura bayonotining yana bir muhim qismi Gulnora Karimovaga tegishli ko‘rilayotgan mablag‘, mol-mulkka doir ro‘yxatning keltirilishidir.

Karimovaning ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinishi aynan shu mulkka doir qo‘zg‘atilgan yangi jinoiy ish bilan bog‘liq. Aniqlangan mablag‘ning eng yirigi Shveysariyada: 800 million dollarga yaqin pul va qiymati 18 million dollardan oshiq baholangan ko‘chmas mulk (villa). Bu borada Shveysariyada ham tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Shveysariyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan o‘zbek faollaridan biri Safar Bekjon Gulnora Karimovaga oid tergov ishlarida qatnashgan, Karimovani Shveysariya va Fransiyadagi mulklari yuzasidan mustaqil surishtiruv o‘tkazgan.

Uning fikricha, Bosh prokuraturaning bayonoti Gulnora Karimovani so‘roq qilishni talab qilayotgan Shveysariya huquq-tartibot idoralariga berilgan javobdir.

“So‘nggi paytda, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda Gulnora Karimovaga doir xabarlar, xususan, uning o‘lik yoki tirikligi haqidagi mish-mishlar ko‘paydi. O‘zbekiston tomoni buni ham hisobga oldi, ammo asosiysi Gulnoraga doir haqiqiy tergov Shveysariya hududida bo‘lishi lozimligi haqidagi talabnoma O‘zbekistonga jo‘natilgani uchun, hukumat uni bizning o‘zimiz tergov qilyapmiz, mahkamaga tortamiz degan ma’noda Gulnoraning xalqaro tergovga tortilishining oldini oldi. Prokuratura xabaridagi summa Shveysariyadagi tergov ishlaridagi summaga juda yaqin, ya’ni bu yerda ham shu summa yuzasidan tergov ketayapti. O‘zbekiston nega aynan shu mablag‘ni ko‘rsatyapti, vaholanki, talab qilinishi mumkin summa miqdori juda katta, nega uni ko`rsatmayapti, nima qilmoqchi, men shundan xavotirdaman”, - deydi Safar Bekjon.

O`zbekiston bosh prokuraturasi xabarida Gulnora Karimovaga tegishli ko‘rilgan Fransiyadagi mulklar ham keltriligan. Unda Parijdagi kvartiralar va “Shato de Grussi” qasrining umumiy qiymati 52,5 million yevro miqdorida baholanadi.

Safar Bekjon “Shato de Grussi” qasri xaridiga oid vaziyatni o‘rgangan. Uning aytishicha, Fransiya hukumati qasr oldi-sotdisi yuzasidan jinoiy ish ochgan, 100 million dollarga yaqin mablag‘ sarflangan bu qasrning qaytarilish ehtimoli juda kam.

“Fransiyada ham jinoiy ish ochilgan, sotilishi mumkin bo‘lmagan davlat mulki, muzey sifatida turgan saroyning sotuvga chiqarilishi yuzasidan. Mahkama musodara haqida qaror chiqargan, sotganlar javobgarlikka tortilgan, sotib olganlarga nisbatan ham pul yuvish gumoni bilan ayblov e’lon qilingan. O‘sha yerdagi summaning o‘zi yuz million dollardan oshadi. Davlat mulkida turgan qasrni xususiylashtirish haqida qaror chiqarilgan. Sotishning asosiy sharti qasrni ta’mirlashga 58 million yevro ajratish bo‘lgan. Karimovaga tegishli firma avval shu pulni o‘tkazgan. Men mahalliy hokimiyatga O‘zbekiston mablag‘i sarflanayotgan restavratsiya to‘xtatilishi kerakligi haqida aytdim, ammo to‘xtatilmadi, pul sarflab bo‘lingan. Qasr ham qaytmaydi, chunki sotilishi mumkin bo‘lmagan mulkning sotilishi yuzasidan jinoiy ish ochilgan, odamlar jazoga tortilgan”, - deydi Safar Bekjon.

Fransiyadagi qasr Gulnora Karimovaga tegishli ko‘rilayotgan boylikning kichik bir qismi. Shu kabi mulklar, saroylar, mablag‘ Yevropaning deyarli barcha davlatlarida mavjud. Jinoiy yo‘llar bilan topilgan bu mablag‘ yuzasidan tekshiruv AQShda ham o‘tkazilmoqda.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Shveysariyadagi jinoiy ish bo‘yicha Gulnora Karimovaga advokatlik qilayotgan Gregor Manja mamlakat Bosh prokuraturasiga jinoiy ishni to‘xtatishni so‘rab murojaat qilgan. Advokat o‘z qarorini Gulnora Karimova bilan bog‘lanishning imkonsizligi, uning qaysi qamoqxonada ekanligi ham noma'lum qolayotgani bilan izohlagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG