O'zbekistonning Buxoro viloyatida Naqshbandiya tariqati izdoshlari Turkiyadagi diniy jamoatga aloqadorlik gumoni bilan hibsga olingani xabar qilinmoqda. O`zbekistonda turli yangi oqimlarning paydo bo`layotgani dindorlar ustidan nazorat o`ta kuchliligi, diniy muloqotlarga qo`yilgan cheklovlar bilan izohlanadi. “Jihodchilar” va “tariqatchilar” ustidan o`tgan so`nggi mahkamalar ortidan Qur'on o'rgatiladigan xususiy hujralarda ham reydlar o'tkazilgan.
O`zlarini Naqshbandiya tariqati izdoshlari sifatida tanitgan buxorolik namozxonlarning jinoiy javobgarlikka tortilishi ko`pchilikni hayratga soldi.
Dunyoga mashhur tariqatning vatani O`zbekiston, Bahovuddin Naqshband mamlakatda buyuk allamolar qatorida rasman e`tirofl etilgan, maqbarasi musulmonlar uchun muqaddas ziyoratgoh sifatida ardoqlanadi.
Musulmonlar idorasi raisi o`rinbosari shayx Alovuddin Mansur “Ozodlik” radiosiga bergan izohida O`zbekistonda Naqshbandiya tariqatiga biror ta'qib qo`yilmaganini aytar ekan, buxorilik dindorlar guruhi xorijdagi jamoat bilan aloqador bo`lganiga ishora qiladi.
Yetakchilari 4 yillik qamoq jazosiga, boshqalari moddiy jarimaga hukm qilingan 15 nafar buxorolik dindor Turkiyadagi Naqshbandiya tariqatiga doxil “Manzil jamoati” bilan aloqador ko`rilgan.15-iyul kuni Buxoroda o`tgan mahkamaning Turkiyadagi davlat to`natarishi bilan bog`liq jarayonlarga aloqasi yo`q, tariqatchilar mamlakatda ta'qibga tushgan navbatdagi guruh, xolos.
Sharhlovchi Namoz Normo`minga ko`ra, Turkiyada so`fiylik tariqati turli tuman, ijtimoiy hayotning ajralmas bir qismiga kiradi.
“Tariqatchilarning qamoqqa tashlanishi Turkiyadagi voqealarga aloqador emas, qolaversa, Gulen jamoasi so`fiylik, tariqat, tasavvufga asoslangan jamoa emas. Bizda tariqat, tasavvuf jamoalari qadimdan bo`lib kelgan, hozirga kelib bu tariqat dunyo bo`ylab keng yoyilgan. Asosan zikr qilishadi, ulardan biror tahlika bo`lishiga ishonmayman. Ammo Karimovning umumiy siyosati dindorlarni jilovlashga qaratilgan, shuning uchun ham tariqatchilar qamoqqa tiqilgan deb o`ylayman”, - deydi u.
Diniy vaziyatni kuzatib kelayotgan huquq himoyachisi Surat Ikromovning aytishicha, buxoriliklarni Naqshbandiya tariqatiga kiruvchi guruh deyishga to`la asos yo`q.
“Bu guruh o`zini shunday taqdim etgan, lekin aslida ular rostdan ham shu tariqatga kiradimi, bunisi qorong`u, diniy ulomalar shubha bildirshgan. Naqshbandiy nomidan foydalanishga urinishgan bo`lishlari ham mumkin”, - deydi u.
O`zbekistonda yangi diniy oqimlar tez aniqlanadi, odatda, ularning hammasi noqonuniy diniy tashkilotlar toifasiga kirtiladi. Ishtirokchilar noqonuniy diniy guruh tuzish harakatida ayblanib qamoqqa tashlanadi. O`zbekistonda qonun doirasida biror yangi diniy guruh tuzilgani haqida ma`lumot yo`q, ammo bunga urinish muntzam fosh etiladi.
“Shu yillar ichida bir narsani yaxshi tushundim. Ko`plab guruhlarni tuzishga harakat ham bo`lmagan, lekin tergov organlari qandaydir guruh tuzilmoqda degan narsani uyushtirishadi. Yani bu narsani, guruhning o`zi bo`lmasligi mumkin, lekin buni uyushtirshadi. O`zbekiston sharoitida diniy guruh tuzishning imkoniyati ham yo`q. Faqat bir narsa bor, namozxonlar masjidga boradi, birga ishlaydiganlar, mahalladoshlar, masjiddan chiqib birortasining uyida yig`ilishi, dindan, boshqadan gaplashishi mumkin. Bu maxsus xizmatlarga yetib boradi. Shundan so`ng guruhni qo`lga olish harakati boshlanadi. Yangi diniy guruh tuzilishining oldini oldik desa, ularning pagoniga ham yulduz qo`shib beriladi” - deydi Ikromov.
O`zbekiston hukumati diniy tazyiqlar va namozxonlarning qamoqqa olinayotganini diniy ekstremizmga qarshi kurash bilan izohlaydi. Bir necha yillardirki, dindorlar ustidan muntazam mahkamalar o'tkazib turiladi.
Ikromovga ko`ra, yaqindagina Namanganda 9 kishi jihodchilik targ`iboti va Suriyaga ketishga urinishda ayblanib qamoqqa hukm qilingan. Rossiyada mehnat muhojirligida bo`lgan “Jihodchilar” guruhi a`zolari ijtimoiy tarmoqlar orqali “Islomiy davlat” guruhi bilan muloqotga kirishganlikda ayblanmoqda.
“Kimnidir, katta pul to`lanayotgani haqidagi gaplar, kimnidir xalifat qurish haqidagi fanatizm jalb qilayotgan bo`lishi mumkin”, - deydi Ikromov.
“Tariqatchilar”, “Jihodchilar” bilan bog`liq mahkamalar ortidan xusisiy uylardagi hujralarda ham tekshiruvlar boshlangan, dindan mustaqil saboq berayotganlarga nisbatan jarimalar qo`llanilmoqda.
“Sovet davrida dinni saqlab qolishda hujralar o`rni juda muhim bo`lgan. Hozir hujradagi saboqlarga qarshi chora ko`rishdan avval, uning muqobili dindan ta`lim beruvchi markazlar yaratilishi kerak. Aksincha, xufiya hujralar, guruhlar paydo bo`laveradi. Dinga qarshi kurash samarasizligini Karimovning o`zi ham aytgan edi, lekin uning gapi boshqa, ishi boshqa”, - deydi Namoz Normo`min.
Bir necha yillardirki, O`zbekiston keskin diniy cheklovlar joriy etilgan dunyo davlatlari qatorida qayd etib kelinadi.