23-fevral kuni Vashingtonda O'zbekiston va AQSh rasmiylari mudofaa va xavfsizlik yuzasidan maslahat kengashi o'tkazdi. Bir kunlik uchrashuv, odatdagidek, matbuot uchun yopiq holda kechdi.
Lekin Pentagon matbuot xizmatidan Kristofer Shervudning "Amerika Ovozi" ga tasdiqlashicha, gap asosan Markaziy Osiyo xavfsizligi, O'zbekistonda harbiy ta'lim tizimini takomillashtirish va respublika qurolli kuchlarini kelajak tahdidlarga qarshi tayyorlash xususida kechgan. Toshkent bu borada Vashingtondan ko'mak so'rab keladi.
Toshkentdan kelgan delegatsiyaga O'zbekiston Mudofaa vazirining birinchi o'rinbosari, Bosh shtab rahbari general-leytenant Shavkat Normatov boshchilik qildi. AQSh tomondan esa muzokarada qatnashgan eng yuqori lavozimli rasmiy Mudofaa vazirining Osiyo va Tinch okeani xavfsizligi bo'yicha muovini Deyvid Shiyer bo'ldi. Biror yangi hujjat imzolanmagan.
Ma'lumki, O'zbekistonga AQSh o'tgan yili 300 dan oshiq zirhli transportyor hadya qilgan edi. Shuningdek, 24 dona kichik turdagi chegarachi dronlar yetkazilgan.
Afg'onistondagi vaziyat, "Islomiy davlat", terrorizmga qarshi kurash, chegara xavfsizligi, qoradori savdosiga qarshi kurash shu paytgacha oradagi dolzarb masalalar bo'lib kelmoqda.
2009-2014 yillar orasida O'zbekiston Afg'onistondagi xalqaro koalitsiya kuchlariga zarur no-harbiy yuk tashuvchi yo'nalish - Shimoliy Ta'minot Tizimida muhim rol o'ynadi. Shu bois Amerika bilan hamkorlik ancha kengaydi, asosan xavfsizlik bobida. Yuqorida qayd etilgan yordam buning yaqqol misolidir.
2003, 2004 va 2005-yillarda AQSh Kongressi O'zbekistonda inson huquqlari bilan bog'liq ahvol og'ir deya respublika bilan harbiy hamkorlikni cheklab qo'ygan edi, ayniqsa bu sohada biror ko'mak berishni. Biroq Afg'oniston yuzasidan hamkorlik sabab bu cheklovlar vaqtincha bekor qilindi. 2016-yilga kelib, Davlat departamenti byudjetidan bu boradagi band olib tashlandi.
Nima uchun? "Amerika Ovozi" bu savol bilan Kongressdagi tegishli organlarga murojaat qilganida, mujmal javob oldi. Ism-sharifini bildirishni istamagan yuqori lavozimli rasmiylar deydiki, cheklovga hozirga kelib hojat qolmadi, chunki u baribir har olti oyda bekor qilinardi. Ularning tushuntirishicha, O'zbekistonga biror harbiy vosita uzatishga qaror qilingan taqdirda bu masala Kongress iznisiz amalga oshmaydi va sistematik elakdan o'tadi. Obama ma'muriyati O'zbekistonga ayni damda biror vosita sotish yoki hadya qilish niyatida emas. Kelasi yildan Amerika yangi prezident qo'liga o'tadi. Ungacha ulkan o'zgarish kutmang, deydi ekspertlar.
O'zbekiston va Qozog'istonda yaqin kelajakda rahbarlar yangilanishi kutilar ekan, bu jarayonda Amerika xalqlarni quvvatlashi, avlodlar almashinuvi jarayoni tinch kechishi uchun o'z hissasini qo'shishi lozim, deydi Karnegi siyosatdonlari.
Bunday tanqidiy fikrlarga AQSh va O'zbekiston rasmiylari odatda shunday javob beradi: hamkorlik va sheriklik o'zaro manfaatlarga asoslangan va har bir tomonning xohish-irodasidan kelib chiqqan holda olib borilmoqda.