Breaking News

O'zbekistonda yana bir jurnalist ozod, ammo siyosiy mahbuslar hali ko'p


Mustaqil jurnalist, marhum prezident Islom Karimovning jiyani Jamshid Karimovning 5 yillik tutqunlikdan so'ng ruhiy kasallar shifoxonasidan chiqarilgani xalqaro tashkilotlar tomonidan olqishlanmoqda. Jamshid Karimov tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan edi.

O'tgan hafta 18 yillik qamoq jazosini o'tagan jurnalist Muhammad Bekjon ozod etilgan edi. Jurnalistlar hamkasblarning ozodlikka chiqayotganidan xursand, ammo qamoqda qolayotgan boshqa qalam ahlining taqdiridan xavotirlar arimagan.

2012-yildan buyon Samarqanddagi ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburan saqlab kelingan Jamshid Karimovning ozodlikka chiqqani haqida 1-mart kuni Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YXHT) so'z erkinligi qo'mitasi xabar tarqatdi.

Qo'mita rahbari Dunya Miyatovich tomonidan tarqatilgan bayonotda Muhammad Bekjon ortidan Jamshid Karimovning shifoxonadan chiqarilishi O'zbekistondagi ijobiy o'zgarishlardan darak sifatida baholanadi. YXHT qamoqda qolayotgan boshqa jurnalistlar - Solijon Abdurahmonov, Dilmurod Sayyid, Yusuf Ro'zimurodovlarning ham tez orada ozodlikka chiqishiga umid bildiradi.

Marhum prezident Islom Karimovning jiyani Jamshid Karimov tanqidiy maqolalari bilan tanilgan jurnalistlardan. Asli jizzaxlik jurnalist kasbiy faoliyati, shuningdek, marhum prezidentning jiyani bo'lgani uchun ham kuchli nazorat va tahdidlar ostida faoliyat yuritgan edi. 2012-yilda u majburan shifoxonaga joylashtirildi va u bilan aloqa mutlaq uzib qo'yildi.

Jamshid ozod etilganidan beri hali matbuot bilan aloqaga chiqqani yo'q. Uning do'stlaridan biri, ayni paytda siyosiy muhojirlikda yashayotgan jurnalist Ulug'bek Haydarovga ko'ra, Jamshid tutqunlikdan jiddiy toliqqan.

“YXHT orqali harakat bo'lgan, hukumat nihoyat Jamshidni chiqarishga rozi bo'lgan. U bilan gaplashdim, qizi orqali, judayam ehtiyotkor, charchagan, sog'lig'i yaxshi emas. Ortiqcha shovqin ko'tarmaslikni so'radi, o'zi ancha ozib ketgan. Albatta, hamkasbimizning ozodlikka chiqqanidan xursandmiz, ammo do'ppini osmonga otishga shoshilmaslik kerak. Hali yana qancha hamkasblarimiz qamoqda o'tiribdi”, - deydi jurnalist.

Jamshid Karimov yangi hokimiyat davrida ozodlikka chiqayotgan navbatdagi siyosiy tutqun. Mamlakatda hokimiyat almashishidan so'ng ozod etilayotgan siyosiy mahbuslar soni ko'payib bormoqda, ammo qamoqda qolayotganlar hamon oz emas.

Ulug'bek Haydarovning aytishicha, siyosiy iliqlik boshlanayotgani haqida gapirish mumkin, qachonki yangi hokimiyat siyosiy mahbuslar bo'yicha bir xulosaga kelsa va avvalgi tuzum siyosatini davom ettirishni to'xtatsa.

"Karimov davrida siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqarish o'ziga xos bir savdoga aylantirilgan edi. Hozirgi hokimiyat shu an'anadan voz kechishi kerak. Hokimiyat o'zgardi, yangi prezident keldi, avvalgi tuzum davrida qamalgan siyosiy mahbuslar yuzasidan qandaydir bayonot berilishi, ularning hammasi ozodlikka chiqarilishi, siyosiy mahbuslarga nisbatan Karimov davridagi siyosatdan voz kechilishi kerak. Ularning ozodligi xalqaro tashkilotlar uchun emas, avvalo, hukumat, jamoatchilikning o'zi uchun kerak. Masalan, mening qamoqdan ozodlikka chiqishim ham, asosan, Yevroparlament bosimi orqali bo'lgan. Siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqarilayotgan ekan, bu samimiy bo'lishi kerak, hozir shu samimiylik yo'q”, - deydi jurnalist.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG