Breaking News

YXHT: O'zbekistonda prezidentlik saylovining qonuniyligi shubha ostida


Markaziy saylov komissiyasi O'zbekistonda 29-mart kuni o'tkazilgan prezidentlik saylovlarining dastlabki natijasini e'lon qildi. Unga ko'ra, kamida 90 foiz ovoz olgan amaldagi prezident Islom Karimov yana davlat rahbari etib saylangan.

Saylov jarayonini cheklangan ravishda kuzatgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) hisobotiga ko'ra, saylovning qonuniyligi shubha ostida. Mahalliy faollar nazarida ham tadbir ishonchdan emas, balki mavhumlikdan darak beradi.

YXHT missiyasining saylovga oid xulosasi, Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:42 0:00

Markaziy saylov komissiyasi bildirishicha, prezidentlik saylovida ovoz bergan 19 millionga yaqin aholining 90,39% Islom Karimovni tanlagan. Akmal Saidov 3,08%, Hotamjon Ketmonov 2,92%, Narimon Umarov esa 2,05% ovoz to`plagan.

Bu natija ortidan Islom Karimov o`z g`alabasi sharafiga tabriklar qabul qila boshlagan. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Qozog`iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev Islom Karimovni g`alaba bilan tabriklashga ulgurgan.

O`zbek matbuoti ayrim xorijlik kuzatuvchilarning O`zbekiston prezidentligi uchun saylovlar demokratik va oshkora ruhda o`tgani haqidagi munosabatlarini jamoatchilikka taqdim etib bormoqda. Mahalliy televideniye, gazetalar, internet nashrlari xalqaro kuzatuvchilar tomonidan prezidentlik saylovlari olqishlangani, saylovlar demokratik va adolatli o'tgani haqidagi xabarlar bilan to`la.

Ammo mahalliy matbuot Karimov nomzodining qonuniyligini shubha ostiga olgan YXHT missiyasi bergan xulosa haqida lom-mim demadi.

Xalqaro tashkilot bayonotida aytilishicha, saylovda haqiqiy raqobat kuzatilmagan, asosiy e`tibor amaldagi prezident Islom Karimovga qaratilgan.

Rasmiy matbuot saylovlar bayramona ruhda o`tgani, aholi ishonchli kelajakka ovoz berayotgani haqida yozmoqda.

Saylovda ovoz bergan mahalliy faollarga ko`ra, prezidentlik saylovlari quvonch bilan emas, mavhumlik bilan qabul qilinayotgani kuzatiladi.

“Ko`pchilik saylov uchastkalari chiroyli bezatilgan, tartibli o`tdi, deb aytishayapti-ku, lekin bilasizmi, faqat hech qanaqa hafsala yo`q. Odamlarda quvonch yo`q, suyunadigan, minnatdor bo`ladigan joyi yo`q bu saylovlarning. Shu narsa yomon, negaki, odamlar biladi, ular xohlasa ham, xohlamasa ham bo`ladigan odam baribir bo`ladi. Odamlarda hamma narsaga ishonch yo`qolgan, kelajakka ishonchning o`zi qolmadi. Ishonchsiz yashash bu juda murakkab, og`ir”, - deydi huquq himoyachisi Surat Ikromov.

Faolning aytishicha, YXHT missiyasining saylov haqidagi xulosalari yuzaki bo'lib, saylov natijasiga biror ta'sir o`tkazmaydi.

“Bu bayonot ko`proq deklarativ, nufuzli tashkilot to`g`risini aytishi kerak. Men hali YXHT cheklangan missiyasi ish boshlaganidayoq ular bilan uchrashgan edim, saylovga doir fikrlarimni aytgan edim. Ular ham bu narsani boshidanoq anglab yetishgan, hozirgi prezident baribir saylanishini, bu yerda ko`pchilikning fikri hech qanday kuchga ega emasligidan xabardor edi. Hozir ular bu bayonot bilan o`z siyosatini ifoda etayapti, lekin buning hech qanday kuchi yo`q ”, - deydi Surat Ikromov.

Markaziy saylov komissiyasi saylovga oid yakuniy natijalarni 8 aprelga qadar e`lon qilishi kerak.

O`zbekiston prezidentligi uchun o`tgan saylovlar 25 yildan buyon prezidentlikda qolayotgan 77 yoshli Islom Karimov boshqaruvini umumiy hisobda 30 yilga cho`zadi.

Inson huququlari bilan shug`ullanuvchi ko`plab xalqaro tashkilotlar Islom Karimov to`rtinchi bor nomzod sifatida qatnashgan prezidentlik saylovlarini adolatsizlik va masxarabozlik tomoshasi sifatida baholadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG