O`zbekistonda hokimiyat almashganiga bir oydan oshdi. Shu bir oy davomida yangi hukumatdan islohot kutayotganlar soni ham anchaga ortgan. Ular orasida hukumat bilan hamkorlikka intilayotgan muxolifatchilar ham bor. Ko'pchilik hamkorlik uchun dastlabki qadamlar qo`yilganini olqishlashmoqda.
Tanqidchilarga ko'ra, paxta terimini kuzatayotgan faollar Yelena Urlayeva va Temur Karpovning huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan kaltaklanishi yangi hukumatdan islohotlar kutilayotgani haqidagi umidlarga jiddiy soya solgan, bu Karimov yaratgan tuzum hamon o`zgarishsiz ishlayotganini ko'rsatmoqda. Vaqtinchalik davlat boshqaruviga kelgan Shavkat Mirziyoyev islohotlar va'dasini berayotgani yo`q, ammo siyosatda Karimov davridan farqli iliqliklar sezila boshlagani umidlar kuchayishiga xizmat qilgan.
Mirziyoyevning muvaqqat prezidentlikka kelishidan bir oy o‘tib yangi hukumat islohotlarga qodirligi haqidagi umidlar kuchayib bormoqda.
Bunday umidlarga marhum Karimovning 27 yillik boshqaruvi davrida kuzatilmagan hodisalar - qo‘shni davlatlar bilan aloqalar tezda iliqlasha boshlagani, tadbirkorlar faoliyatiga aralashishlarni cheklash, biznesga erkinliklar yaratish, Bosh vazirning virtual qabulxona vositasida aholiga yaqinlashishi kabi o'zgarishlar sabab bo‘lmoqda.
Islohot kutayotganlar, yangi hukumatga takliflar bilan chiqayotganlar orasida Karimovning uzoq yillik raqiblari, muxolifat vakillari ham ko‘p.
Uzoq yillar xorijda yashayotgan muxolifatchilardan biri Namoz Normo‘min hukumatga islohotlar o`tkazishga doir o`z siyosiy dasturini jo‘natgan. U ayni paytda bu dastur Vazirlar Mahkamasi tomonidan o‘rganib chiqilayotganiga ishonadi:
“Virtual qabulxonaga o‘z siyosiy dasturimni jo‘natgach, javobni bir necha bor tekshirdim, avvaliga ishchi guruh tomonidan o‘rganilyapti degan, yaqinda esa Vazirlar Mahkamasi tomonidan ko‘rib chiqilyapti degan, javobni o‘qidim. Bu uzoq yillar quvg‘inda, tazyiqda bo‘lgan muxolifatga nisbatan munosabat o‘zgargani, muxolifat taklifi hukumat tomonidan qabul qilinayotgani, hukumat va muxolifat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik uchun qo‘yilgan dastlabki qadamdan darak beradi”, - deydi xorijda yashovchi o'zbek faoli.
Namoz Normo‘min yangi hukumatdan islohotlar kutayotgan yagona muxolifatchi emas. Avvalroq xorijdagi bir guruh muxolifatchilar hukumatdan vatanga qaytish imkoniyati so‘ralgan murojaat bilan chiqishgan edi. Bu murojaatga nisbatan hukumat tomonidan biror javob bo‘lgani hozircha ma’lum emas.
Yangi hukumat eskisining izidan borishiga, siyosatda biror o‘zgarishlar bo‘lishiga ishonmayotganlar ham oz emas. Huquq himoyachisi Yelena Urlayeva va suratkash Temur Karpovning paxta terimini kuzatish jarayonida militsiya tomonidan kaltaklanishi mavjud tuzumda hech narsa o‘zgarmaganiga ishonchlarni yanada kuchaytirgan.
Markaziy Osiyo inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayevaga ko‘ra, huquq faollarining paxta dalasida kaltaklanishi rejimning majburiy mehnatga nisbatan o‘zgarmas pozitsiyasini ko‘rsatmoqda.
“Majburiy mehnatga nisbatan rejimning siyosati o‘zgarmaydi, chunki mamlakat iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda. Shuning uchun hukumat mamlakatdagi har qanday erkin ovozni falajlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi, bunisi ayon. 2008-yil Mirziyoyevning o‘zi mamlakatda mehnatning eng og‘ir turlarini bartaraf etishga doir milliy dasturni imzolagan edi, ammo mana sakkiz yilda oshibdiki, bu borada hech narsa qilingani yo‘q. Umuman, inson huquqlariga oid vaziyatni mustaqil tarzda kuzatish uchun xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistonga qaytishiga yo‘l ochilmas ekan, o‘zgarishlar haqidagi gaplar o‘rinsiz. Hozirgilari ko‘zbo‘yamachilikka, saylov piariga o‘xshaydi ”, - deydi Atayeva.
O‘zbekistonda paxta kampaniyasining majburiy mehnat asosiga qurilgani mamlakatda inson huquqlari ommaviy poymol etilayotganini ko‘rsatadi. Hukumat bu kampaniyani tashkil etishda ham, uni jamoatchilikdan yashirishda ham militsiya xizmatidan foydalanadi.
Namoz Normo‘min muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev qilayotgan o‘zgarishlarni saylov targ‘ibotiga ham, tuzum ko‘zbo‘yamachiliklariga ham bog‘lamaydi.
“Bunga dalillar bor, birinchi o‘zgarish O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalaridagi iliqliklar, Komilovning Tojikistonga rasmiy tashrif bilan borishi, Tojikiston prezidentining tug‘ilgan kuni bilan tabriklanishi, Qirg‘iziston delegatsiyasining O‘zbekistonda kutib olinishi, ikki o‘rta ancha ziddiyatli bo‘lgan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish boshlanayotgani. Bular xalqaro munosabatlar, saylov bilan bog‘liq emas. Ikkinchisi esa tadbirkorlarga keng yo‘l ochilayotgani, biznesni rivojlantirish uchun sharoitlar yaratilayotgani. Umid qilamiz o‘zbek hukumati shu islohotlar yo‘lidan davom etadi”, - deydi Normo‘min.
Siyosiy muhojirlikda yashab kelayotgan muxolifat vakillaridan yana biri, yozuvchi Safar Bekjon Mirziyoyev hukumatidan islohotlar kutmayapti.
“Muxolifatchi taklifini qabulxona tomonidan ko‘rib chiqilayotgani hali hech narsani anglatmaydi. Ehtimol, mana tashqaridagi muxolifatdan ham fikr oldik, saylovni tinch o‘tkazib olaylik, deyish uchun hukumatga kerakdir. Ammo gap shundaki, Karimov davridagi qonunlar ham juda yaxshi, faqat amaliyotda hech narsa o‘zgarmayotgan edi. Agar Qozog‘iston darajasida o‘zgarish bo‘lgan taqdirda ham, bu darrov bilinardi. Bu saylov oldidagi shov-shuvlar, Mirziyoyevning bitta artistni sahnaga chiqishiga izn berishi demokratik reforma yoki siyosatdagi yangilik emas-ku. Tashqi siyosat, xususan, qo‘shnilar bilan iliqliklar bo‘layotgani to‘g‘ri, ammo biz jarayonni oxirigacha kuzatishimiz kerak, bu Mirziyoyevning tashabbusimi yoki qo‘shnilar bilan aloqalarni yaxshilashga tavsiya berayotgan Rossiyanikimi?” - deydi Safar Bekjon.
Shavkat Mirziyoyev vaqtinchalik davlat boshqaruvini Karimov vafotidan so‘ng, parlamentning 8-sentabr kungi qo‘shma majlisida, Senat raisi Nig‘matila Yo‘ldoshev bu lavozimni egallashni rad etishi ortidan qabul qilgan edi.