Siyosatshunos Rafik Sayfulin Rossiya foydasiga josuslik qilganlikda ayblanib, 12 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
O’zbekiston Oliy sudi 28-may kuni Rafik Sayfulinning ishi harbiy sudda bir necha oy davomida yopiq tarzda ko’rib chiqilgani, sudlanuvchi, guvohlar ko‘rsatmalari tahlil qilinib tergov to’plagan dalillar ko’rib chiqilgani, Sayfulin Jinoyat kodeksining 157-moddasi (Davlatga xoinlik qilish), 148 moddasi (o’q otar qurollarga noqonuniy tarzda egalik qilish) bilan aybli topilib, 12 yillik qamoq jazosiga hukm qilingani haqida xabar tarqatdi.
Mahkama haqida mavjud ma’lumotlarga ko’ra, Sayfulin Rossiya foydasiga tahliliy materiallar chop etganini tan olgan, davlat siriga doir maxfiy ma’lumotlar berganini rad etgan.
Sudda Rafik Sayfulinni taniqli advokat Sergey Mayorov himoya qilgan, ammo sud yopiq rejimda o’tganligi bois mahkama tafsilotlari ochiqlanmayapti.
Bir muddat xavfsizlik xizmatida ishlagan, marhum Karimov davrida prezident huzuridagi Strategik tadqiqotlar institutiga rahbarlik qilgan Rafik Sayfulin so’nggi paytlarda asosan siyosatshunos sifatida tanilgan, turli axborot vositalarida ekspert sifatida siyosat, xavfsizlik, Afg’oniston masalasida chiqishlar qilib kelayotgan edi.
U shu yil boshida maxsus xizmatlar tomonidan hibsga olingan edi. Dastlab qaysi davlat foydasiga josuslik qilish haqida gap borayotgani aniq bo’lmasa-da, keyinchalik Sayfulin Rossiyaga foydasiga josuslik qilishda ayblanayotgani, maxsus xizmatlar nafaqat Sayfulin, balki mudofaa, huquq-tartibot tizimida turli lavozimda ishlab kelgan bir necha kishi ustidan Rossiya foydasiga josuslik qilish aybi bilan tergov yuritayotgani ma’lum bo’ldi.
Josuslikda ayblanayotganlar orasida fidokorona xizmatlari uchun davlat mukofoti bilan taqdirlangan fuqarolar, harbiylar ham bor.
Avvalroq, shu yilning mart oyida, Mudofaa vazirligiga qarashli “Vatanparvar” gazetasi xodimi, iste’fodagi polkovnik Vladimir Kaloshin Rossiya hisobiga josuslik qilishda ayblanib, 12 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Josuslik ishidagi asosiy ayblanuvchi Mudofaa vazirligining qurolli kuchlar shtabi boshqarmasi boshlig’i, “Shon-sharaf” ordeni sohibi Akbar Yarbabayev, deb ko’riladi. Rossiyada yashayotgan qarindoshlari uning hibsda saqlanayotgani, ish yuzasidan biror ma’lumot taqdim etilmayotganini tasdiqlagan edi.
Oliy Sud tomonidan ochiqlangan xabar faqat Rafik Sayfulinga taalluqli ekanligi inobatga olinsa, Rossiya hisobiga josuslikda ayblanayotgan guruhning boshqa a’zolari ustidan mahkama davom etayotganini taxmin qilish mumkin.
Sharhlovchilar josuslik ishi bilan bog’liq mahkamalar yuzaga chiqishini tashqi siyosiy aloqalar kechimidan taqozo etishini ta’kidlab kelishadi.
Guruh hibsga olinganiga doir ma’lumotlar Toshkent-Moskva aloqalarida dastlabki tarangliklar ko’rina boshlagan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning fevral oyida Moskvaga rejalangan safarining to’satdan qoldirilishi barobarida yuzaga chiqqan edi.
Davlatga xiyonatga doir ish bo’yicha navbatdagi hukm ham Prezident Mirziyoyevning Moskvaga rejalangan safari arafasida kuzatilmoqda. Ma’lumotlarga ko’ra, prezidentning qoldirilgan safari iyun oyida amalga oshishi kerak, ammo bu ma’lumot Toshkent tomonidan hozircha tasdiqlanmagan.
Mirziyoyevning Rossiyaga rejalangan safari davomida O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zolik masalasi hal qilinishiga doir qarashlar kuchaygan bir davrda kutilmaganda bekor qilinishi ziddiyatlar mavjudligini ko’rsatdi.
O’zbekiston tomonidan Rossiya yetakchiligidagi ittifoqqa a’zo sifatida emas, kuzatuvchi maqomida kirish qarori ham Toshkentni a’zolikka da’vat etib kelgan Moskva kutgan natija emasligiga diqqat qaratilmoqda.
Yaqinda esa munosabatlar yana bir ziddiyatni boshqada kechirdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Mariya Zaxarovaning davlat tiliga oid qabul qilinayotgan qonun loyihasiga nisbatan bildirgan munosabati, aniqrog’i, O’zbekistonda o’zbek tilida ish yuritilish taklifini mamlakatda ko’pchilik qo’llamasligiga doir bayonoti nafaqat til, balki Rossiya bilan munosabatlar haqida ham jiddiy, keskin munozaralar keltirib chiqardi.
Rossiya O’zbekistonning ichki ishlariga aralashishda ayblangan bu munozaralarga odatda tashqi siyosiy masalalarda o’ta bosiqlik namoyon etib kelgan parlament deputatlari, vazirlar ham qo’shildi, qaysi tilda ish yuritishni mamlakatning o’zi hal etishiga ishora berildi.
Bu boradagi vaziyatga izoh berishni lozim topgan O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham davlat tili ichki siyosat ekanligi, bu masalaga tashqaridan aralashish maqbul emasligini ta’kidladi.
Bu ziddiyat ortidan jamoatchilikda Rossiya bilan aloqalarga doir munosabat o’zgarishlarga yuz tutayotgani, Moskva bilan aloqalarda, ayniqsa biror ittifoq doirasida hamkorlik qilish oqibatlariga doir shubhalar kuchaygani qayd etiladi.
Facebook Forum