Breaking News

Ekspertlar: Mirziyoyev Rossiyaga yaqinlashish siyosatini olib boradi


O'zbekistonning vaqtinchalik prezidenti Shavkat Mirziyoyev (chapda) Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan, Toshkent, 6-sentabr, 2016-yil.
O'zbekistonning vaqtinchalik prezidenti Shavkat Mirziyoyev (chapda) Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan, Toshkent, 6-sentabr, 2016-yil.

Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan O'zbekistonda prezidentlik saylovlari 2016-yilning 4-dekabrida o'tkaziladi. 8-sentabr kuni uch oy muhlatga muvaqqat prezidentlikka tasdiqlangan Shavkat Mirziyoyevning dastlabki nutqi Islom Karimov siyosatini davom ettirishga qaratilgan uzoq yillik rejalardan darak bermoqda.

Barcha sohada sobiq prezident belgilagan siyosatga qat'iy amal qilishini ta'kidlagan Mirziyoyev mamlakatning tashqi va ichki siyosatidagi ustuvor vazifalar haqida so'zladi.

Muvaqqat prezidentga ko'ra, O'zbekiston harbiy siyosiy bloklarga qo'shilmaslik va qo'shnilar bilan do'stona aloqalar o'rnatish yo'nalishida davom etadi. Ekspertlar Mirziyoyevning Karimov tashqi siyosatini o'zgartirmasdan davom ettira olishiga shubha qilmoqda.

Mirziyoyevga ko'ra, mamlakat milliy manfaatlarini ta'minlashda muhim ahamiyatga ega bo'lgan Markaziy Osiyo tashqi siyosatdagi asosiy ustuvor masala hisoblanadi, qo'shnilar bilan aloqa do'stona va pragmatik asosda quriladi.

Keyingi ustuvor yo'nalishlar Rossiya bilan ittifoqchilik, AQSh bilan o'zaro manfaatli, Xitoy bilan strategik sheriklik aloqalarini rivojlantirish ekanligi qayd etiladi. Mirziyoyev parlamentdagi nutqida O'zbekiston Islom Karimov belgilab ketgan yo'ldan davom etishini qarz va farz sifatida tilga oladi.

“Bugun biz xalqimizni ishontirib, baland ovoz bilan aytishimiz zarurki, buyuk ustozimizning siyosiy merosi, ya'ni u kishi belgilab bergan taraqqiyotimizning asosiy tamoyillari, ustuvor yo'nalishlar, maqsad-vazifalarni to'liq amalga oshirish biz uchun ham farz, ham qarz”, - dedi u.

Ammo ekspertlar Moskva tomonidan quvvatlanayotgan Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosatda Islom Karimov yo'lini davom ettirish salohiyatiga shubha bilan qarashadi.

Londondagi Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchisi Alisher Ilhomovga ko'ra, yangi o'zbek hukumatiga Moskva qo'yadigan dastlabki talablardan biri O'zbekistonni Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga (KXSh) qaytarish bo'lishi mumkin.

“Mirziyoyev hukumatga kelgach, Rossiya bilan munosabatlar yanada yaqinlashishi aniq. Ammo bu yaqinlik qayergacha boradi, hozircha buni aniq aytish qiyin. Bu yerda O'zbekistonning KXSh va Yevrosiyo ittifoqiga qo'shilishi juda muhim ko'rsatkich, chunki Moskva buni juda xohlaydi. Bu O'zbekistonning Moskva orbitasiga to'la qaytganini anglatadi. Agar jarayon shunday ketsa, bu Islom Karimov belgilab ketgan siyosatning mutlaqo teskarisi bo'ladi. Chunki Karimovning mustaqillik g'oyasi, avvalo, Rossiyaning imperiyacha qarashidan masofa saqlashga asoslangan edi. U bir tomondan Rossiya bilan yaqin aloqalarni, ikkinchi tomondan esa masofani saqlashni uddalab kelayotgan edi. Mirziyoyev bu siyosatni davom ettira oladimi? Men bunga jiddiy shubhalanaman”, - deydi Alisher Ilhomov.

Markaziy Osiyo bo'yicha rossiyalik ekspert Arkadiy Dubnov fikricha, O'zbekistondagi mavjud siyosiy kuchlar ichidan Mirziyoyev darhaqiqat Rossiyaga moyilligi bilan ajralib turadi.

“Shu ma'noda u Rossiya bilan aloqalarni hech bo'lmaganda avvalgi Karimov darajasida saqlab qolishi aniq. Umuman, O'zbekiston siyosatidan biror jiddiy va keskin o'zgarishlarni kutmaslik kerak, chunki davlatchilik boshqaruvi kuchli shakllangan, keskin o'zgarishlar, burilishlar bu boshqaruvga xos emas”, - deydi Dubnov.

O'zbekiston parlamentining Karimov vafotidan so'ng 8-sentabr kuni o'tkazilgan dastlabki yalpi majlisida vaqtinchalik davlat boshaqruviga doir masala muhokama qilindi. Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshev vaqtinchalik rahbarlikni qabul qilib olishni rad etdi va lavozimga Shavkat Mirziyoyevni nomzodini ko'rsatdi.

Parlament bu taklifni bir ovozdan ma'qulladi. Uch oylik muddatda saylovlar o'tishi e'lon qilindi.

Mirziyoyevni muvaqqat prezidentlikka saylanishi jamoatchilikda ham turli e'tirozlar uyg'otgan. O'zbek muxolifati faollari Mirziyoyev konstitutsiyaga zid ravishda prezidentlikka tasdiqlangani, O'zbekistonda aksilkonstitutsiyaviy harakat amalga oshirilganini aytishmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda bu masala yuzasidan Konstutsiyaviy sud o'z qarorini chiqarishi lozimligi, parlament muvaqqat prezidentni emas, balki davlat boshqaruvini qabul qilishni rad etgan Senat raisi o'rniga boshqa raisni saylashi va o'sha odam davlat boshqaruvini qabul qilishi lozimligi haqida munozaralar ketmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG