Breaking News

O'zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar cheklanishi mumkin degan xavotirlar


O'zbekistonda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati "Facebook" singari tarmoqlarni cheklash tashabbusi bilan chiqayotgani borasidagi mish-mishlar yoshlar orasida xavotirga sabab bo'lmoqda. Bunday tashabbus nafaqat hukumat nufuziga balki mamlakat va global iqtisodiy tizim orasidagi bog'liqlikka ham salbiy ta'sir qiladi, deydi sharhlovchilar.

O'zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar cheklanadimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:57 0:00

O'zbekistonda "Facebook", "Odnoklassniki", "Telegram" kabi ijtimoiy tarmoq va xizmatlar faoliyatini cheklab, milliy domenda muqobil platformalar tashkil etish haqida gap ketmoqda, degan ma'lumotlar bor.

“Kamolot” bu xabarlarni inkor etdi. Ammo bu raddiyadan qat'i nazar, "Skype", "Viber" kabi ommabop messenjerlar allaqachon O'zbekistonda ishlamayotgani ijtimoiy tarmoqlar taqdiri yuzasidan xavotirlarni kamaytirgani yo'q.

Toshkentdan sharhlovchi Anvar Nazir ijtimoiy tarmoqlarda faol mutaxassis sifatida shuni aytadiki, yuqoridagi tashabbus, agar rost bo'lsa, O'zbekistonga qimmatga tushishi mumkin. Bu mavzu muhokamada ekanining o'zi salbiy burilish, deydi u.

“Bu juda ahmoqona qaror, chunki "Facebook", "Telegram" shunaqa narsaki, infratuzilmaning bir qismiga aylangan. Agar bu narsa bo'lmasa, jahon iqtisodiyotiga moslashish ham bo'lmaydi. O'zbekistonga sarmoya ham kirmaydi. Yangi iqtisodiy sharoit internet bilan, ijtimoiy tarmoq va axborot vositalari bilan bog'liq. Bu mana Davosda o'tgan iqtisodiy forumda sanoatdagi yangi inqilob sifatida e'tirof etildi. Agar O'zbekiston bu tarmoqlardan voz kechadigan bo'lsa, iqtisodi ham shunga yarasha ajralib, rivojlanmasdan qolaveradi”, - deydi Anvar Nazir.

O'zbekiston yoshlarining nodavlat uyushmasi sanalgan “Kamolot” vakillariga ko'ra, ijtimoiy tarmoqlarni cheklash tashabbusi yoshlarni diniy ekstremistik tashkilotlar ta'siridan asrash, ekstremistik guruhlarning tarmoqdagi faoliyatiga chek qo'yish maqsadida muhokamaga qo'yilgan.

“O'zbekiston yoshlari nima sababdan bu tashkilotlarga ergashayapti? Bu ommaviy emas, ammo shunday holatlar bor. Buning sababini esa ichkaridagi muammolardan izlash kerak, ichki sabablarini o`rganish kerak. Agar hukumat rostdan ham kasalga qarshi kurashmoqchi bo'lsa, shuni qilsin. “Kamolot” bo'ladimi, boshqasimi, shuning sabablarini o'rgansin. Agar bu muammolarga oddiy, ahmoqona javob bermoqchi bo'lsa, ana, marhamat, yopib qo'ysin, to'ssin. Lekin bu bilan O'zbekistonning orbo'si ko'tarilmaydi. "Twitter", "Facebook" bilan kurashib O"zbekiston obro' orttirmaydi. Qaytanga, sayyohlarni yo'qotadi, chunki hozir internet bor joyga odam keladi, sarmoya keladi”, - deydi Anvar Nazir.

“Kamolot” ushbu tarmoqlarni cheklashning texnik va boshqa imkoniyatlarini o'rganib chiqmoqda”, - deyiladi ayrim xabarlarda.

O'zbekiston hukumati internetni cheklash, tarmoqlar va turli aloqa vositalari faoliyatini ishdan chiqarib qo'yish borasida tajribaga ega.

“Kamolot” tashabbusi aynan ayrim ijtimoiy tarmoqlar ustidan davlat nazorati o'rnatilmagani, bu borada hukumat idoralari bilan hamkorlik qilishdan voz kechayotgan tarmoq egalariga bosim ko'rsatish maqsadida ham yuzaga chiqqan, deydi mavzu bilan tanish mutaxassislar.

“ISHIDni topmoqchi bo'lsa, aql bilan ish qilsin, bunaqa emas. To'g'ri, "Odnoklassniki" da shunday sahifalar bor. Bu haqda avval ham gapirilgan edi. Lekin nazarimda buning ortida boshqa bir sabab ham bordek. Hukumat faqat "Odnoklassniki" ni yopishga Rossiyadan qo'rqadi. Shuni bahona qilib, bu yerga "Facebook" va "Telegram" ham tiqishtirmoqchidir. O'zbekiston hukumati yoki o'sha “Kamolot” ning aqli yetsa, "Facebook" da o'z sahifasini ochib ularga qarshi kurashsin, muammolarni ochiqlasin, targ'ibot olib borsin, odamlarni jalb qilsin”, - deydi Anvar Nazir.

"Odnoklassniki" O`zbekistondagi eng ommaviy ijtimoiy tarmoq sanaladi. So'nggi yillarda "Facebook" foydalanuvchilari soni ham orta boshlagan.

O'zbekistonda mustaqil nashrlar va muxolifatga qarashli sahifalarga kirish qiyin- to'siq qo'yilgan.

O'zbekiston hukumati biror izoh bermagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG